O‘zbekiston | 19:58 / 04.01.2021
15780
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston bo‘ylab elektr energiyasida uzilishlar kuzatilmoqda. Muammo yaqin soatlarda hal etilishi ma'lum qilindi

Qashqadaryodagi bir nechta gaz konlarini elektr bilan ta'minlovchi tarmoqlardagi o‘chish sabab IESlarda gaz bosimi pasaygan. Natijada respublika hududlari bo‘ylab 600–800 MVtgacha cheklovlar kuzatilmoqda.

O‘zbekistonda elektr energiyasi ta'minotida uzilishlar kuzatilmoqda. Energetika vazirligi muammo kech soat 23:00ga qadar bartaraf etilishini ma'lum qildi.

Xabar qilinishicha, bugun, 4 yanvar kuni soat 6:59 va 10:10da Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli neft va gaz qazib chiqarish konlarini elektr energiyasi bilan ta'minlab turgan «Neftchi» podstansiyasidan chiquvchi L-Zevarda–1,2 elektr uzatish tarmoqlari rele himoyasidan o‘chgan.

Natijada elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi issiqlik elektr stansiyalariga yetkazib berilayotgan tabiiy gaz soatiga 140–175 ming metr kubga qisqargan. Buning natijasida elektr energiyasi ta'minotida respublika hududlari bo‘ylab 600–800 MVtgacha cheklovlar kuzatilmoqda.

«Ushbu yuzaga kelgan nosozlik maxsus brigada tomonidan soat 12:15da bartaraf etilib, Zevarda, Janubiy Kemachi, Janubiy O‘rtabuloq, Dengizko‘l, Somontepa siquv kompressor stansiyalaridagi gaz haydash agregatlari qayta ishga tushirilmoqda. Natijada magistral gaz quvurlariga yetkazib berilayotgan tabiiy gaz sarfi qayta tiklana boshladi.

Yuzaga kelgan muammo bugun soat 23:00ga qadar to‘liq bartaraf etiladi. Nosozlik sabablari tegishli mutaxassislar tomonidan aniqlanmoqda.

Keltirilgan noqulayliklar uchun iste'molchilardan uzr so‘raymiz», – deyiladi vazirlik axborotida.

Mavzuga oid