Jahon | 21:50 / 07.01.2021
48027
10 daqiqa o‘qiladi

Kapitoliy voqealari. Buyog‘iga nima bo‘ladi?

20 yanvargacha - Jo Bayden rasman AQSh prezidenti bo‘ladigan kungacha yana ikki haftacha vaqt bor. 6 yanvar kuni o‘z tarafdorlarini kuchni namoyish etishga chaqirgan (shundan keyin ular Kapitoliy tepaligini vayron qilishdi) Tramp yana ikki hafta prezidentlik qiladi.

Demokratlar vakolati muddati tugashini kutmasdan Trampni prezidentlikdan chetlatish zarurligini uqtirishmoqda. Ular amaldagi prezident o‘z lavozim majburiyatlarini bajarishga layoqatsiz deb hisoblashmoqda. Ekspertlar ham Trampning keyingi qadamlari borasida xavotirlarini bildirishmoqda.

Tramp impichment qilinishi haqiqatga yaqinmi?
Vakillar palatasining yuridik qo‘mitasidagi demokratlar Vazirlar Mahkamasini zudlik bilan Trampni iste'foga chiqarishga chaqirmoqda. Nazariy jihatdan prezident impichmentining ikki yo‘li bor.

Birinchi yo‘l — impichment. Bu sodir bo‘lishi uchun, Vakillar palatasining prezident o‘ta og‘ir jinoyat sodir etgani yoki qoidabuzarlikka yo‘l qo‘yganiga ishonchi komil bo‘lishi kerak. Donald Tramp buni boshdan kechirgan, demokratlar 2019 yil dekabrida uni hokimiyatni suiiste'mol qilishda aybdor deb topishgandi. Ammo o‘shanda respublikachilar nazoratida bo‘lgan Senat Trampni oqlagandi.

Impichment jarayoni ko‘p vaqt oladi — Vakillar palatasi qo‘mitalari tekshiruvlar o‘tkazishi, dalillar yig‘ishi, ovoz berishi, keyin Senatda ayblov qo‘yilishi kerak. Ikki haftada bu ishlarga ulgurishning iloji yo‘q.

Shu tufayli demokratlar boshqa variantni taklif etishmoqda — Amerika Konstitutsiyasiga kiritilgan 25-tuzatish. Bu tuzatish agar davlat rahbari o‘z vazifalarini bajarishga layoqatsiz deb topilsa, uni prezidentlikdan chetlatishga imkon beradi. Prezident «ruhiy kasal» bo‘lganda ham shu tuzatish asosida uni chetlatish mumkin.

Bunday holatlarda qarorni Vazirlar mahkamasi qabul qiladi. Hokimiyat vaqtinchalikka prezidentdan vitse-prezidentga o‘tadi. Hozirgi holatda bunday jarayon ro‘y bersa, Baydenning inauguratsiyasigacha prezident vazifalarini Mayk Pens bajargan bo‘lardi.

Pens prezidentning harakatlarini va Kapitoliyning qamal qilinishini qoraladi. U tvitterda Trampni o‘qishni to‘xtatdi, akkaunti foniga Jo Bayden va 20 yanvardan keyin vitse-prezident bo‘ladigan Kamala Harris aks etgan suratni joylashtirdi.

Amerikadagi nashrlar Vazirlar mahkamasi 25-tuzatishni qo‘llash masalasini faol ravishda muhokama qilishga kirishgani haqida yozdi. Ijtimoiy tarmoqlarda demokratlar bilan birga respublikachilar ham Trampning chetlatilishini talab qilishmoqda. CNN shu kabi respublikachilarning ayrimlari bilan gaplashdi, ular anonimlikni saqlagan holda  Tramp «nazoratdan chiqib ketgani» haqida gapirishdi.

Londondagi qirollik kolleji politologi Sem Grinning hisoblashicha, ayni vaqtda 25-tuzatish qo‘llanishi haqidagi gaplar xayoliy ko‘rinmoqda. «Bu tuzatish ruhiy holati majburiyatlarini bajarishiga to‘sqinlik qiladigan prezidentdan himoyalanishga qaratilgan. Hozir esa butunlay boshqacha vaziyat. Tramp tentakona ishlar qilayotgan bo‘lishi mumkin, ammo uning aql-hushi joyida. Bu holatda impichment yaxshi variant edi, ammo bu uzoq vaqt davom etadigan va Respublikachilar partiyasini bo‘lib yuboruvchi jarayon. Impichment holatida respublikachilar Trampni qo‘llayotgan elektoratga qarshi borishga tayyor yoki tayyor emasliklari bo‘yicha qaror qabul qilishlari kerak bo‘lardi», deydi u.

Inauguratsiya marosimini ham buzishga urinish bo‘lishi mumkinmi?

Foto: Samuel Corum/Bloomberg via Getty Images

Donald Trampda keyingi ikki hafta mobaynida vaziyatni o‘zgartirish uchun deyarli hech qanday yo‘l qolmadi: ovozlarni hisoblash yakunlangan, sudlarda yutqazilgan, Baydenning g‘alabasi Kongressda tasdiqlangan.

Trampga Jorjiya shtati davlat kotibidan «yetishmayotgan ovozlarni topish»ni talab qilishi ham hech qanday naf bermadi. Jo Baydenning jamoasi bir necha marta Trampning ma'muriyati hokimiyatni saylangan prezidentga o‘tkazish jarayoniga to‘sqinlik qilayotganidan shikoyat qildi. Masalan, ko‘p vaqt davomida Baydenga maxsus xizmatlarning hisobotlarini ko‘rish imkoni berilmagan, holbuki, an'anaga ko‘ra, saylangan prezident uchun bu ma'lumotlar ochiq bo‘ladi.

Hokimiyatni o‘tkazish jarayoni Baydenning jamoasi mamlakatdagi vaziyatdan to‘la xabardor holda 20 yanvardan o‘z vazifalarini risoladagidek boshlashi uchun kerak bo‘ladi.

Prezident o‘z mag‘lubiyatini tan olmasdan, asossiz ravishda raqiblarni saylov natijalarini soxtalashtirishda ayblab, o‘z tarafdorlari orasida norozilik oloviga moy quyishi bilan o‘tgan ikki oylik beqarorlik vaziyati Kapitoliyning ishg‘ol etilishi bilan yakunlandi. Ayrim ekspertlar xavfsirashmoqdaki, o‘tgan tunda ro‘y bergan voqealar so‘nggisi bo‘lmasligi mumkin. Tramp hokimiyatni tinch yo‘l bilan topshirishni va'da qilish barobarida, Bayden jamoasi aravasi g‘ildiragiga cho‘p suqdi - u «saylovlar natijalariga butunlay qarshi bo‘lishi, faktlar buni tasdiqlashiga qaramay, 20 yanvar kuni vakolatlar tartib bilan o‘tkazilishi»ga va'da berdi. Endi bu hokimiyatni o‘tkazish jarayoni yakunlangach, eng asosiysi — inauguratsiya marosimi qoladi.

Foto: Samuel Corum/Bloomberg via Getty Images

Trampning 300 mingdan oshiq tarafdorlari feysbukda «Donald Trampning ikkinchi inauguratsiyasi» guruhiga qo‘shilgan. Bu guruhdagilar Kapitoliydagi voqealar muhokamasi davomida Trampning tarafdorlari «qonun doirasida harakatlanishgani», tartibsizliklar esa namoyishchilarga BLM harakati a'zolari va antifchilar qo‘shilgach boshlangani haqida aytishgan. Guruhdagi muhokamalar orqali respublikachilar tarafdorlari 20 yanvar kuni onlayn marosim o‘tkazishmoqchimi yoki ular ko‘chalarga chiqishadimi, buni anglab bo‘lmaydi.

Biroz avvalroq, go‘yoki Tramp 20 yanvar kuni miting uyushtirishni rejalashtirayotgani, unda 2024 yilgi prezidentlik saylovlarida qatnashmoqchiligini e'lon qilishi haqida xabarlar tarqalgandi.

Trampdan yana nima kutish mumkin?
Endilikda, hatto Vazirlar mahkamasi ham, yumshoq qilib aytganda, prezident qolgan ikki hafta davomida prezidentlik qila olmasligi mumkin deb hisoblayotgan vaqtda, Tramp hokimiyatda qolish uchun yana nimalar qilishi mumkinligi haqida taxminlar ko‘paymoqda.

Hozirda eng ko‘p xavotirlar Trampning Eron bilan munosabatlarda qo‘yishi mumkin bo‘lgan qadamlar bo‘yicha. Ikki hafta muqaddam AQShning Bag‘doddagi elchixonasiga hujum uyushtirilganidan keyin, Tramp Eronni provokatsiya qilishda ayblagandi. «Agar biror amerikalik o‘ldirilsa, men barcha aybni Eronga qo‘yaman. Yaxshilab o‘ylab ko‘ring», degandi u.

Kongressda Baydenning g‘alabasi tasdiqlanadigan majlis arafasida Tramp o‘z tarafdorlarini Kapitoliyga borishga chaqirgandi
ROBERT NICKELSBERG/GETTY IMAGES

So‘nggi vaqtlarda OAVda Amerika va Eron munosabatlari yana keskinlasha borayotgani haqida ko‘p yozilmoqda. Bularning barchasi yangi prezident inauguratsiyasiga oz vaqt qolganida, Trampning buyrug‘i bilan eronlik general Qosim Sulaymoniy o‘ldirilganiga bir yil vaqt to‘lganida ro‘y bermoqda.

Vashington davlat boshqaruvi institutining ijrochi vitse-prezidenti Trit Parsi ayrim yuqori martabali harbiy amaldorlar bilan gaplashgani, barcha suhbatdoshlari Tramp prezidentligining so‘nggi kunlarida Eronni hujum qilishga undashidan xavfsirashayotganini aytishgan. «Hozirda Eron hujum rejalashtirayotganini taxmin qilishga hech qanday asos yo‘q. U yerdagilar tez orada AQShda hokimiyatga yangi rahbar kelishi va u muloqotga tayyorligini bilishadi. Ammo alamzada Tramp keyingi prezident uchun xaos qoldirib ketishi mumkin», degan u.

O‘tgan yilning iyuliga qadar vitse-prezident Mayk Pensga ichki xavfsizlik masalasida maslahatchi sifatida ishlagan Oliviya Troy BBC bilan suhbatda shunday degan: «Ish shunga keldiki, hozirgi vaziyatda prezident shunchaki xavfli shaxsga aylandi. Avvalgi voqealardan kelib chiqib, u yana nimalarga qodirligini aniq aytish qiyin. Men Tramp ertaga yoki indinga nimadir ish qiladi deb o‘ylamayman. Ammo Tramp yana qandaydir harbiy mojaro boshlasa, hayron bo‘lmayman. Men Tramp Eron bilan ziddiyatni yana qo‘zg‘ashidan xavotirdaman».

Politolog Sem Grinning hisoblashicha, baribir optimizm uchun sabab bor: «Mudofaa vaziri vazifasini bajaruvchi Miller bosh qo‘mondon Trampning ishtirokisiz, Pelosi va Pens bilan gaplashgani men uchun ahamiyatli belgi bo‘ldi. Shundan keyin Miller harbiy kuchlar konstitutsiya va mamlakatga xizmat qilishini aytdi, u prezident so‘zini ishlatmadi. Bu Tramp tomonidan hokimiyatda qolish uchun qandaydir urinish bo‘lsa ham, unga barcha tomondan qarshilik ko‘rsatishadi degandir».

Ekspertning hisoblashicha, ayni vaqtda Pentagon Trampning o‘zidan ko‘ra, mamlakat rahbariyati jamoasiga ko‘proq e'tibor qaratmoqda. «Albatta, prezident bosh qo‘mondon sifatida buyruqlar berishi mumkin. Ammo qurolli kuchlar rahbariyati bunday buyruqlarni jinoiy deb hisoblab, ularni bajarmaslik huquqiga ega. Bu holatda ular iste'foga chiqishi kerak bo‘ladi», degan u.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid