Jahon | 23:33 / 10.01.2021
10970
2 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘iziston prezidenti saylovlarida Sadir Japarov g‘alaba qozonmoqda

Foto: TASS

Qirg‘iziston prezidenti saylovlarining 1-bosqichida Sadir Japarov 96,65 foiz saylov uchastkalaridan olingan natijalar hisob-kitob qilingandan keyin 79,25 foiz ovoz bilan g‘alaba qozonmoqda. 

Markaziy saylov komissiyasining oxirgi ma'lumotlariga ko‘ra, 2-o‘rinni Adaxan Madumarov 6,56 foiz ovoz bilan egallamoqda.

Saylovlar natijalarini rasman 2 haftadan keyin e'lon qilish rejalashtirilgan. Ammo hozirdayoq Japarov Qirg‘iziston tarixidagi eng yosh prezidentga aylanishi mumkinligi ayon bo‘lmoqda. Japarov hozirda 52 yoshda bo‘lib, siyosiy faoliyatini 2005 yilda boshlagan.

Japarov respublikaning sobiq prezidenti Sooronbay Jeenbekov 2020 yil oktyabrdagi voqealar oqibatida iste'foga ketgandan keyin uning o‘rnini egallagandi. Biroq u prezident saylovlarida ishtirok etish uchun davlat rahbari vakolatlarini vaqtincha parlament spikeri Talant Mamitovga topshirgandi.

Respublikada prezident saylovlari bilan bir vaqtda mamlakatdagi boshqaruv shakli bo‘yicha referendum ham bo‘lib o‘tgan. Dastlabki natijalarga ko‘ra, Qirg‘izistonning aksariyat aholisi boshqaruvning prezident shakliga ovoz bergan. Buni ham Japarovning g‘alabasi deb aytish mumkin, chunki u aynan shunday boshqaruvni qo‘llab-quvvatlagandi. 

Qirg‘izistondagi saylovlar va referendum birinchi marta juda past davomat bilan o‘tdi. Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, saylovchilarning davomati 38,63 foizni tashkil qilgan. 2017 yilda o‘tgan prezident saylovlarida davomat 56 foizdan sal kamroqni tashkil qilgandi.

Mahalliy ekspertlar bunday past ko‘rsatkichni aholining mamlakatdagi siyosiy beqarorlikdan charchagani va ichki migratsiyaning yuqoriligi bilan tushuntirishmoqda. Qishloq aholisining shaharga pul topish uchun ketgan aksariyat qismi ovoz berish uchun ro‘yxatdan o‘tgan joyiga qaytishni istamagan. 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid