17:37 / 11.01.2021
2849

Budjet kodeksiga fiskal strategiyaga oid tuzatish kiritildi

Bular nima va qanday ishlashi haqida Budjet kodeksiga tuzatishlarda aytib o‘tilgan, deb yozmoqda Norma.

Moliya vazirligi tomonidan o‘rta muddatli davr uchun fiskal strategiya ishlab chiqiladi. Hujjat quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

  • makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar prognozlarini;
  • soliq va budjet siyosatining asosiy yo‘nalishlarini;
  • Konsolidatsiyalashgan budjet daromadlari va xarajatlarining soliq-budjet siyosatidan kelib chiqqan holda hisoblangan prognozlarini;
  • kelgusi moliya yili uchun daromadlar va xarajatlar prognozlarini hamda ular asosida kelgusi 2 yil uchun ishlab chiqilgan maqsadli mo‘ljallarni;
  • Davlat budjetining birlamchi profitsiti yoki birlamchi taqchilligi prognozlarini;
  • fiskal tavakkalchiliklar tahlilini.

Buning uchun vakolatli organlar tomonidan Moliya vazirligiga belgilangan muddatlarda zarur axborotlar taqdim etiladi.

Kelgusi yil uchun yangilangan Fiskal strategiya:

  • Moliya vazirligi tomonidan Vazirlar Mahkamasiga joriy yilning 1 iyuniga qadar kiritiladi;
  • Vazirlar Mahkamasida joriy yilning 15 iyuniga qadar muhokama qilinadi va tasdiqlanadi;
  • tasdiqlangandan keyin Oliy Majlisning palatalariga ma'lumot uchun kiritiladi va Moliya vazirligining saytida e'lon qilinadi.

Tartibga soluvchi budjetlararo transfertlar – qaytarilmaslik sharti bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari, davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlari xarajatlarining tegishli daromadlar prognozlaridan oshgan qismini qoplash uchun beriladi. Ular quyidagi holatlarda belgilanadi:

  • respublika budjetidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjetiga, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlariga – Davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun loyihasi qabul qilinayotganda;
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasining respublika budjetidan, viloyatlarning viloyat budjetlaridan va Toshkent shahrining shahar budjetidan tumanlar va shaharlar budjetlariga – Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari to‘g‘risidagi qarorlar tasdiqlanayotganda.

Tartibga soluvchi budjetlararo transfertlar miqdorlarini, quyi turuvchi budjetlarning daromadlari prognozlarining ijrosidan qat'i nazar, kamaytirishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Qonun 31.12.2020 yildan kuchga kirdi.

Top