O‘zbekiston | 20:25 / 20.01.2021
21001
5 daqiqa o‘qiladi

Toshkentdan viloyatlarga qatnaydigan avtobusda yo‘lkira narxi oshdi. Transport vazirligi bunga izoh berdi

Toshkent avtovokzalidan amalga oshiriladigan avtobus qatnovlari narxlari bugun 20 yanvardan oshirildi. Ma'lum bo‘lishicha, bunga sohada xizmat ko‘rsatadigan korxonalarning xarajatlari oshib ketgani sabab bo‘lgan.

Kecha 19 yanvar kuni Transport vazirligining rasmiy telegram kanalida 20 yanvar kunidan boshlab Toshkent avtovokzalidan amalga oshiriladigan avtobus qatnovlari haqida ma'lumot berildi. Unda ko‘rsatilgan narxlar 4 yanvar kuni berilgan ma'lumotda ko‘rsatilgan narxlardan biroz oshganini ko‘rish mumkin.

Masalan, 4 yanvar kuni berilgan ma'lumotda Toshkent-Jo‘sh-Nurota yo‘nalishida yo‘lkira narxi 60 000 so‘m bo‘lgan. Bugundan 65 000 so‘mga oshirilgan. Toshkent-Navoiy yo‘nalishi esa 52 000 so‘mdan 56 000 ming so‘mga oshirilgan. Eng sezilarli narx oshishi Toshkent-Xiva va Toshkent-Urganch yo‘nalishlarida kuzatilgan. Bu ikki shaharga qatnov narxi 10 000 so‘mdan oshgan.

5 va 20 yanvar kuni «Toshkent» avtovokzalidan amalga oshiriladigan avtobus qatnovlar narxidagi tafovutlar:

Toshkent – Zarafshon chipta narxi 80 000 so‘m;

Toshkent – Jo‘sh – Nurota 65 000 so‘m (avvalgi narx 60 000 so‘m);

Toshkent – Xatirchi 50 000 so‘m (oshmagan);

Toshkent – Navoiy 56 000 so‘m (avvalgi narx 52 000 so‘m);

Toshkent – Buxoro 75 000 so‘m (oshmagan);

Toshkent – Zarafshon 80 000 so‘m;

Toshkent – Qorako‘l 80 000 so‘m (avvalgi narx 73 000 so‘m);

Toshkent – Forish 36 000 so‘m;

Toshkent – Qarshi 59 000 so‘m (avvalgi narx 54 000 so‘m);

Toshkent – O‘smat 34 000 so‘m (avvalgi narx 32 000 so‘m);

Toshkent – Samarqand 38 000 so‘m (avvalgi narx 35 000 so‘m);

Toshkent – Zomin 26 000 so‘m (avvalgi narx 24 000 so‘m);

Toshkent – Uzun 108 000 so‘m (avvalgi narx 100 000 so‘m);

Toshkent – Denov 94 000 so‘m (avvalgi narx 87 000 so‘m);

Toshkent – Termiz 85 000 so‘m (avvalgi narx 78 00 so‘m);

Toshkent – Xiva 125 000 so‘m (avvalgi narx 115 000 so‘m);

Toshkent – Urganch 125 000 so‘m (avvalgi narx 115 000 so‘m).

«Toshkent» avtovokzalidan shaharlararo qatnovlar narxi nega oshirildi, shunga izoh olish uchun Transport vazirligi axborot xizmati rahbari Navro‘z Ashurmatov bilan bog‘landik. Uning aytishicha, bugun Toshkent avtovokzalidan mamlakatimizning turli shaharlariga qatnovlarni amalga oshirayotgan avtobuslarning aksariyat qismi xususiy korxonalarga tegishli. Bugun turli yo‘nalishlarda qatnovlarni amalga oshirayotgan korxonalar tender asosida tanlab olingan. Bunday tashuvchilar tomonidan qandaydir sabab bilan yo‘lkira oshiriladigan bo‘lsa, avval transport vazirligi huzuridagi komissiyaga narxlar oshirilishining sabablari keltiriladi. Shundan so‘ng, komissiya roziligi bilan narxlar oshiriladi. Hozirgi narx oshirilishi ham shu tartibda bo‘lgan. Yo‘lkira narxlarining ko‘tarilishiga ko‘pincha yonilg‘i-moylash mahsulotlari va ehtiyot qismlar narxining oshishi sabab bo‘ladi.

Navro‘z Ashurmatovning qo‘shimcha qilishicha, Vazirlar Mahkamasining «Shaharda va shahar atrofiga qatnaydigan yo‘lovchi tashish transporti xizmatlarining tariflari to‘g‘risida»gi Qaroriga asosan 1994 yil 1 oktyabrdan boshlab shahar atrofidagi yo‘nalishlar bo‘yicha qatnovchi avtobuslar bilan yo‘lovchilarni tashishda shartnomaviy (erkin) tariflarga o‘tilishi belgilangan. O‘shandan buyon bu qonun amalda.

Yo‘lovchi tashish transporti xizmatlari uchun cheklangan tariflar mahalliy davlat hokimiyatlari tomonidan faqatgina shahar yo‘lovchi tashish transportida (yo‘nalishli va liniyali taksilardan tashqari) yo‘lovchilarni tashish xizmatlari uchun belgilanadi.

«Ro‘yxatga qarasangiz, ba'zi yo‘nalishlarda narx oshgan. Ba'zilarida o‘zgarishsiz qolgan. Demak, qaysidir korxona xarajatlari oshgani uchun narxlarni ko‘targan, boshqasi o‘zgarishsiz qoldirgan» deydi u.

P.S. Yonilg‘i-moylash mahsulotlari va ehtiyot qismlar narxining oshishi ortidan yo‘lkira narxlarining ko‘tarilishiga o‘rganib ham qoldik. Ammo bunday holatlarda yo‘lkiralarning oshirilishi haqida oldindan xabar berilsa, maqsadga muvofiq bo‘larmidi?!

Mavzuga oid