Kattaqo‘rg‘ondagi o‘quvchi qiz yo‘qolganmi, «yo‘qotilganmi»?..
Voyaga yetmagan qiz bir emas ikki shaxs tomonidan jinsiy tajovuzga uchragan, tergovga jalb qilingan gumondorlarning biri o‘z joniga qasd qilib vafot etgan. Ayni vaqtda jabrlanuvchi bedarak yo‘qolgan. Kattaqo‘rg‘ondagi bu masala jiddiy tus olmoqda.
Kattaqo‘rg‘on shahrida 16 yoshli maktab o‘quvchisi P.E.ga nisbatan jinsiy tajovuz qilingani haqida tahririyatga murojaat kelib tushdi. Olingan ma'lumotlar esa voyaga yetmagan qizga nisbatan noinsoniy tarzda tajovuz qilinganini ko‘rsatmoqda. Ayni vaqtdagi yana bir ayanchli haqiqat shuki, qiz 10 yanvardan beri yo‘q. Topilmayapti...
O‘z boshiga tushgan bunday mudhish voqealardan so‘ng P.E. so‘nggi kunlarda qattiq iztirobda bo‘lganini yaqinlari ta'kidlashmoqda. Bunday ruhiy holatda bo‘lgan qizning yo‘qolib qolgani yana ham xavotirga sabab bo‘lmoqda. U hech kimga aytmasdan qayergadir ketib qolganmi? Kimdir o‘g‘irlaganmi? O‘zi yoki kimlardir uning joniga qasd qilganmi? Hozircha na bizda, na huquq-tartibot idoralarida uning ayni taqdiri haqida tayinli javob yo‘q.
Ekspertiza xulosalari 2020 yilning 28 dekabrida qizning nomusi toptalganini ko‘rsatmoqda. Yaqinlarining aytishicha, shundoq ham ruhiy iztirobda bo‘lgan o‘smir yana bir necha kun o‘tib ikkinchi marta jinsiy zo‘ravonlikka uchragan.
Qiz shundan so‘ng uyidagilarga, ichki ishlar organlari vakillariga voqeani batafsil so‘zlab bergan. Shular asosida mazkur voqeaga oydinlik kiritishga harakat qildik.
Ayni vaqtda Samarqand viloyat IIB tergov boshqarmasi vakillari jinoyatga qo‘l urganlar shubhasiz qonun oldida javob berishini ma'lum qilmoqda. Qizning yaqinlari esa organ xodimlariga e'tirozi borligini bildiryapti. Kun.uz holat bo‘yicha qizning yaqinlari fikri, IIB va prokuratura organlarining izohini oldi.
Qizning onasi hamda boshqa qarindoshlarining ma'lum qilishicha, 2020 yil 28 dekabr kuni P. fan to‘garagidan qaytishda I.S. boshqaruvidagi «Matiz» mashinasiga o‘tirgan. I.S. qizni Kattaqo‘rg‘on shahar Chinobod mahallasi hududiga olib borib, zo‘rlik ishlatib nomusiga tekkan.
P.E. abgor, asabiy va tushkun holatda uyga qaytgan. Ammo uydagilari tomonidan qancha so‘roq qilinmasin, savollarga javob bermagan. Shu tarzda bir necha kun o‘tib, 2021 yil 1 yanvar kuni u yo‘qolib qolgan. Oilaning barcha qarindoshlari qidirishga tushgan. Qizning qo‘l telefonidagi ma'lumotlar olinib tekshirilganda, o‘sha kuni u bir raqam egasi bilan to‘rt marta gaplashgani ma'lum bo‘lgan. Qarindoshlar 2 yanvar kuni o‘sha raqam egasi I.S. ismli shaxs ekanini aniqlashgan. Shundan so‘ng I.S. bilan uchrashganda u qizni topib berishga bir soat vaqt so‘ragan. Bir soat ichida qiz unga qo‘ng‘iroq qilishini ishonch bilan aytgan. Haqiqatan ham bir soat o‘tib qiz topilgan.
Shundan so‘ng qiz bo‘lgan voqeani qarindoshlariga so‘zlab bergan...
Mudhish voqea ro‘y bergan kun
Ma'lum bo‘lishicha, 28 dekabr kuni qiz maktabdan chiqib, taksi kerak bo‘lgani uchun aynan yuqoridagi «Matiz» egasiga qo‘ng‘iroq qilgan. U avval ham shu taksi xizmatidan foydalangan. O‘sha kuni esa mashina haydovchisi qizni aytilgan joyga olib bormasdan, boshqa yo‘nalishga burgan. Qizga esa «zapravka»ga kirib o‘tishini aytgan. Va o‘sha kuni maktab o‘quvchisini Chinobod mahallasiga olib borib, zo‘rlik ishlatib nomusiga tekkan.
Bundan stressga tushib qolgan qiz dastlab voqea haqida yaqinlariga aytmagan. 1 yanvar kuni biroz o‘ziga kelgach, taksi haydovchisi bilan telefonda gaplashgan. U o‘zining nomusi buzilgani, holatga aniqlik kiritish uchun qo‘lida o‘sha kungi kiyimlar borligini aytgan. Shundan so‘ng I.S. qiz bilan gaplashib olishlari kerakligi, hozir mashina yuborishini bildirgan.
Haqiqatan ham biroz vaqt o‘tib, boshqa bir shaxs — S.R. o‘zining «VAZ 2406» mashinasida qizni olib ketishga kelgan. Ammo u qizni butunlay boshqa joyga – Kattaqo‘rg‘on tumani hududidagi suv omboriga olib borgan va qizni o‘ldirish bilan tahdid qilib, nomusiga tekkan. S.R.ning mashinasiga qizning o‘tirayotgani ko‘chadagi videokameralardan biriga tushib qolgan.
Shu orada qizning uyga kelmayotganidan xavotirlangan yaqinlari uni izlay boshlashadi. Qizni aynan 28 dekabr kuni uning nomusiga tekkani aytilayotgan I.S. topib beradi.
Qizning yaqinlari 2 yanvar kuni holatdan xabar topgach, zudlik bilan ichki ishlar organlariga ariza bilan murojaat qilishadi. Ularning aytishi bo‘yicha dastlab Kattaqo‘rg‘on shahar IIB bo‘limiga borishadi. Ammo oxirgi nomusga tegish holati Kattaqo‘rg‘on tumanida sodir bo‘lgani sababli tumanga murojaat qilishi lozimligi aytiladi. Shundan so‘ng Kattaqo‘rg‘on tuman IIBga murojaat qilingan. Bu qizning yaqinlari tahririyatga ma'lum qilgan holat.
Viloyat prokuraturasida holat yuzasidan JKning 118-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda jinoyat ishi yuzasidan hududiy tegishliligi bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on shahar IIB huzuridagi TB tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilayotgani ma'lum qilindi.
Viloyat ichki ishlar boshqarmasi Kun.uz’ga taqdim etgan ma'lumotga ko‘ra, Kattaqo‘rg‘on tuman IIB TB tergovga qadar tekshiruv boshlagan, voqea joyi ko‘zdan kechirilgan. Ishga aloqador shaxslarning ko‘rsatuvlari olinib, voyaga yetmagan P.E.ning tanasida tan jarohatlariga aniqlik kiritish maqsadida sudga oid tibbiy ekspertiza tayinlangan. Holat bo‘yicha jinoiy ish 15 yanvarda qo‘zg‘atilgan. Viloyat IIB vakillari bunga ekspertiza xulosasi shu kuni chiqqani va xulosaga ko‘ra nomusga tegish jinoyatining alomatlari aniqlangani uchun ham shu sanadan jinoiy ish qo‘zg‘atilganini ma'lum qildi. Mazkur jinoyat ishi bilan ayni vaqtda Kattaqo‘rg‘on shahar IIO FMB shug‘ullanmoqda.
Yana bir holat shuki, ikkinchi marta qizning nomusiga tekkan shaxs bu orada o‘zini osib o‘ldirgani haqida gap tarqaldi. Jumladan, qizning yaqinlari ham S.R.ning o‘z joniga qasd qilganini aytmoqda. Viloyat prokuraturasi P.E.ning arizasida ko‘rsatilgan fuqaro S.R. 2021 yil 13 yanvar kuni Kattaqo‘rg‘on tuman Saroyqo‘rg‘on mahallasida joylashgan o‘z uyida vafot etganini, tuman prokuraturasi o‘lim sabablarini aniqlash yuzasidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazayotganini ma'lum qildi.
Qizning qarindoshlari «Matiz» mashinasi egasi I.S.ning hamon ozodlikda ekani, qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanmaganidan norozi.
Viloyat IIB esa arizada ko‘rsatilgan shaxsning qamoqqa olinishi uchun hozircha asos yo‘qligini bildirmoqda. Ya'ni, IIBga ko‘ra, hozirda jinoyat ishi bo‘yicha sudga oid odam DNKsi, biologik va boshqa turdagi ekspertizalar tayinlangan. Jinoyat ishi bo‘yicha to‘plangan ashyoviy dalillar, guvoh va jabrlanuvchilarning ko‘rsatmalari, ekspertiza xulosalarida keltirilgan to‘xtamlardan kelib chiqib hamda jinoyat-protsessual kodeksida ko‘rsatilgan boshqa asoslar (ya'ni, gumon qilinuvchining tergov yoki suddan yashirinishi, dalillarni yo‘q qilishi, guvohlarni ko‘ndirishi hamda boshqa jinoyatlariga chek qo‘yish va h.k. holatlar)da fuqaro I.S.ni qamoqqa olish yoki olmaslik masalasiga huquqiy baho beriladi, deyiladi boshqarma izohida.
Qizning yaqinlari norozi bo‘lgan yana bir holat bor. Ehtimol, bu jinoyatni ochishda juda muhim detallardan biri bo‘lishi ham mumkin. 28 dekabr — qizning nomusiga tajovuz qilingan kundagi barcha kiyimlar yuvilmasdan saqlab qolingan. Undagi barcha dog‘lar ham o‘z holicha turibdi. Agar ekspertiza tayinlansa, ular yordamida o‘sha jinoyatchining kimligini ham aniqlash mumkinligiga umid qilinmoqda.
Viloyat IIB bu holatga ham izoh berib, jabrlanuvchi E.P.ga tegishli bo‘lgan kiyimlar tergov organi tomonidan tegishli tartibda ko‘zdan kechirilib, unda qonga o‘xshash dog‘larga aniqlik kiritish maqsadida sudga oid biologik ekspertiza tayinlangan. Afsuski, izohda kiyimlar ekspertizaga aynan qaysi sanada yuborilgani ochiqlanmagan.
Voyaga yetmagan qizning bir emas ikki shaxs tomonidan nomusi toptalishi, tergovga jalb qilingan gumondorning uyida vafot etgani va ayni vaqtda jabrlanuvchining dom-daraksiz yo‘qolib qolishi masalaning naqadar jiddiy ekanini ko‘rsatmoqda.
Kun.uz voqealar qay tarzda rivoj olishini kuzatishda davom etadi.
Anvar MUSTAFOQULOV, Isomiddin PO‘LATOV,
Kun.uz muxbirlari.
Faxriddin HOTAMOV, tasvirchi.
Mavzuga oid
18:12 / 03.08.2024
Samarqandda sodir bo‘lgan YTHda “Damas” haydovchisi halok bo‘ldi
11:38 / 18.07.2024
Samarqandda avtobus urib yuborishi oqibatida piyoda vafot etdi
17:30 / 20.02.2024
To‘rt hududda noqonuniy yer savdolariga chek qo‘yildi
11:16 / 20.11.2023