Sport | 19:04 / 25.01.2021
6254
3 daqiqa o‘qiladi

«Nasaf» o‘z stadionining nomlanish huquqini sotadi

O‘zbekiston chempionatining o‘tgan mavsumida ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan Qarshining «Nasaf» klubi o‘z stadioni nomini hamkorlik asosida sotmoqchi. Bu haqda klub rasmiy Telegram-kanalida e'lon qilindi.

Kanalda e'lon qilingan videorolikda «Nasaf» klubi tadbirkorlarni hamkorlikka chorlagan. Unda klub stadionining turli qismlarida, futbolchilarning liboslarida reklama joylashtirish mumkinligi aytiladi. Shuningdek, «Nasaf» klubi stadioni nomi ham sotiladi. Ya'ni, kelishilgan miqdorda pul to‘lagan korxona belgilangan muddatda «Nasaf» klubi stadioni nomini o‘z korxonasi yoki mahsuloti nomiga o‘zgartirish huquqiga ega bo‘ladi. Ayni damda stadion «Markaziy» deb ataladi.

Oxirgi vaqtlarda «Nasaf» muvaffaqiyatli mavsum o‘tkazgani qaramay, qiyin moliyavaiy holatni boshdan o‘tkazayotgani ma'lum. Shu sabab «Nasaf» o‘z mashhurligidan maksimal darajada foydalanib, mavsumni ko‘tarinki kayfiyatda yakunlagan jamoani saqlab qolmoqchi.

Ma'lumot uchun, «Nasaf» o‘tgan mavsum chempionatda ikkinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa-da, OChLda qatnasha olmaydi. Chunki jamoa musobaqada qatnashish uchun maxsus litsenziya olmagan.

«Nasaf» rasmiy xalqaro musobaqada g‘olib bo‘lgan yagona o‘zbek klubi hisoblanadi. Qarshi klubi 2011 yil OFK kubogida g‘olib bo‘lgan. Ukrainalik Anatoliy Demyanenko murabbiyligidagi «Nasaf» o‘sha musobaqa finalida Ilhom Shomurodov va Andrey Pereplyotkinning gollari evaziga Kuvaytning «Al Kuvayt» jamoasini mag‘lub etgan. «Nasaf» yetakchisi Artur Gevorkyan musobaqaning eng yaxshi futbolchisi deb topilgan.

«Nasaf»ni 8 yildan buyon Ro‘ziqul Berdiyev boshqarib keladi. Uning qo‘l ostida jamoa O‘zbekiston chempionatida 4 marta bronza, 3 marta kumush medallarni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, bir martadan O‘zbekiston Kubogi va mamlakat superkubogini qo‘lga kiritgan. Berdiyev «Nasaf»dagi faoliyatida 4 marta O‘zbekistonning eng yaxshi murabbiyi bo‘lgan.

Mavzuga oid