Toshkentda metro, avtobus va yo‘nalishli taksi yo‘lovchilari yurgan masofasiga qarab pul to‘laydi
«Bu jarayon yakuniga yetib qoldi. Bunda masofaga qarab bir transportdan boshqasiga o‘tish bo‘yicha ham to‘lovlar ko‘zda tutilgan», – deb ma'lum qildi poytaxt transport boshqarmasi vakili.
Toshkent shahar transport boshqarmasi bosh mutaxassisi Ahrorxo‘ja Toshxo‘jayev 26 yanvar kungi matbuot anjumanida qator savollarga javob berdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.
Metro bekatlarida qancha ko‘p bekat yurilsa, shuncha ko‘p haq to‘lanishi xabar qilindi. Bu qanaqa me'yorlar asosida joriy etiladi?
— Bu faqat metropoliten bekatlariga emas, balki avtobus va yo‘nalishli taksilar uchun ham amal qiladi.
Yurgan masofaga qarab to‘lovni amalga oshirish bo‘yicha turkiyalik mutaxassislar, Toshkent shahar transport boshqarmasi, «Toshshahartransxizmat» AJ hamkorlikda differensial, ya'ni qayishuvchan tarif to‘lovlari bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda.
Bu jarayon yakuniga yetib qoldi. Bunda masofaga qarab bir transportdan boshqasiga o‘tish bo‘yicha ham to‘lovlar ko‘zda tutilgan.
Toshkent shahri markaziy ko‘chalarida jamoat transporti uchun ajratilgan yo‘laklarga yo‘l chiziqlari qachon bitkaziladi?
— Toshkent shahrida jamoat va shaxsiy transport ko‘plab harakatlanadigan 10 ta ko‘chada Toshkent shahar transport boshqarmasi, «Toshshahartransxizmat» AJ, Toshkent shahar IIB YHXB bilan birgalikda o‘rganish ishlari olib borildi va tanlab olindi. Bu ko‘chalar jamoat transportlari harakatlari uchun alohida bo‘laklar sifatida yo‘l chiziqlari va belgilari bilan ajratildi. Bu yo‘laklardan avtobus yo‘nalishlari, yo‘nalishli taksilar hamda maxsus avtomobillar: tez yordam, yong‘in o‘chiruvchi mashinalar harakatlanish imkoniyatiga ega. Bu hozirda loyiha sifatida kiritilgan.
Bu – jamoat transporti jozibadorligini oshirish uchun qilinayotgan ishlardan biri. Hozirda jamoat transportida manzilga yetib olish o‘rtacha 40–50 daqiqani tashkil etadi, ushbu loyihadan keyin 20–30 daqiqaga tushirish ko‘zda tutilgan.
Avtobuslarning yo‘nalish tezligi o‘rtacha 23 km/soat bo‘lsa, loyiha ishga tushgandan keyin 30 km/soatga yetishi kutilyapti.
Yangi qurilgan metro liniyalari boshidagi birinchi bekatlar atrofida maxsus avtoturargohlar tashkil qilinishi rejada bormi? Yevropa tajribasiga ko‘ra, shahar chetida yashaydigan fuqarolar o‘z mashinalarida metro bekatigacha keladi va manziliga metro orqali yetib oladi. Bu bizda joriy qilinishiga nima xalaqit qiladi?
— Shahar markazidagi tirbandliklarni kamaytirish maqsadida bu kabi avtoturargohlarni tashkil etish shahar jamoat transporti uchun ham, shahardagi tirbandliklar oldini olish uchun ham katta rol o‘ynaydi.
Hozirda Toshkent shahrida 500 mingdan ziyod shaxsiy avtotransport ro‘yxatga olingan, Toshkent shahar jamoat transportida qariyb 480 mingga yaqin yo‘lovchi tashiladi. Bu shahar aholisining har o‘ntadan bittasi jamoat transportidan foydalanadi.
Turkiyalik mutaxassislarimiz bilan birgalikda metro bekatlari atrofida avtoturargohlar qurilishi ishlari o‘rganilmoqda. Buning uchun shahar tashqarisidan kirib kelgan transport vositalari oqimi o‘rganilgan va makromodel asosida transport harakatini tashkil etish rejalarimiz bor.
Toshkentning transport tizimi loyihasi prezidentga taqdim etildi. Shaharda parkomatlar paydo bo‘ladi
Mavzuga oid
18:07
IIV tuzilmasida Doniyor Toshxo‘jayev va yana ikki mansabdor lavozimidan ozod etildi
18:52 / 23.11.2024
Prezident Toshkentda «Xushnud» mahallasi aholisi bilan uchrashdi
16:37 / 23.11.2024
Shavkat Mirziyoyev: Tadbirkor - iqtisodiyot poydevori, davlat tayanchi
10:51 / 23.11.2024