Jamiyat | 19:21 / 28.01.2021
23588
8 daqiqa o‘qiladi

Termiz tuman sudi raisi: Jurnalistlar sud ishiga to‘sqinlik qilmoqchi bo‘lishdi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Termiz tuman sudi raisi Odilbek Begimqulov jurnalistlar tomonidan haqorat qilingani va uning daxlsizligiga raxna solinganini aytib o‘tdi.

Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda Jinoyat ishlari bo‘yicha Termiz tumani sudi binosida o‘tayotgan sud majlisi chog‘ida Effect.uz sayti jurnalistlari hamda JIB Termiz tuman sudi raisi Odilbek Begimqulov o‘rtasidagi munozara videotasvirlari tarqaldi va muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Kun.uz muxbiri Odilbek Begimqulov bilan uchrashib, o‘sha kuni ro‘y bergan voqealar tafsilotini bilish uchun unga mikrofon tutdi.

«Biz o‘sha kuni (voqea 2021 yilning 11 yanvarida ro‘y bergan) Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi «v» bandi bo‘yicha ayblanayotgan Ikromjon Xudoyorov karantin vaqtida jabrlanuvchi Shavkat Zoirovni 70 million so‘m puliga Toshkentdan shahridan kartoshka olib kelaman deb chuv tushirgan. Jabrlanuvchi bir necha marotaba ogohlantirishiga qaramasdan, sudlanuvchi tomonidan pullar qaytarilmagan. Pullar Sudlanuvchi tomonidan o‘zlashtirilib ketilgan.

11 yanvar kuni sudlanuvchi Xudoyorov Ikromjonga nisbatan soat 15:00 ga sud ishi tayinlangan edi. Taraflar yetib kelishlari kerak edi. Aslida, bu ish 6 yanvar kuni tayinlanib ko‘rilgan edi. Ammo prokurorning muzokarasi tayyor bo‘lmagani uchun sud ishi 11 yanvarga qoldirilgan edi», — dedi sudya.

O‘sha kungi voqealarga to‘xtalar ekan, sudlanuvchi va jabrlanuvchilarning qarindoshlari 6 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan sud majlisida janjallashib ketganini eslab o‘tdi.

«O‘sha kuni sudlanuvchilarning qarindoshlari va jabrlanuvchilarning qarindoshlari sud majlisi boshlanishidan oldinroq Jinoyat ishlari bo‘yicha Termiz tumani binosiga kirishmoqchiligini aytib, sud majlisi kotibi va qo‘riqlash xizmati xodimi keldi.

Oldinroq, 6 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan sud majlisida jabrlanuvchilar hamda sudlanuvchilarning qarindoshlari o‘zaro janjallashgani va bu sud majlisiga kiritilmasligi hamda hozir karantin bo‘lganligi uchun sud majlisida ko‘p odam bo‘lishi mumkin emasligi sababli qarindoshlarining sud majlisiga kirishlarini rad qildik.

Nima uchun qarindoshlarining sud majlisiga kiritilmaganini tushuntirish uchun sud majlisi kotibini jo‘natib, xonamga kirib o‘tirdim», — dedi Odilbek Begimqulov.

Garchi janjalning oldini olishga qaratilgan topshiriqlar berishiga qaramasdan, sud binosida janjal kelib chiqqan va sudya buni jurnalistlar tomonidan uyushtirilgan, deb hisoblamoqda.

«Birozdan so‘ng qabulxonamning kiraverish yo‘lagida shovqin, baqir-chaqir ovozlar eshitildi. Men nima bo‘layotganini tushunmadim. «Kim baqiryapti? Nima uchun baqir-chaqir qilishyapti?» deb, yo‘lakka chiqqanimni bilaman, kimdir menga o‘zini tanishtirmasdan (u Effect.uz sayti jurnalisti ekan), «Sen kimsan?» deb menga baqirib ketdi. Men shu Termiz tumani jinoyat ishlari bo‘yicha sud raisiman dedim. «Sud raisi bo‘lsangiz, bino kimniki?» — deb baqirib ketdi.

«Siz kimsiz? o‘zingizni tanishtiring», dedim. Guvohnomasini nomiga ochib, Men Effect.uz sayti jurnalisti Elyorbek Tojiboyevman, dedi.

Menga gapirishga imkon bermasdan «Siz mana shu ishni adolatsiz ko‘rayotgan ekansiz, xalq sizdan norozi bo‘lishyapti», dedi.

«Siz nima maqsadda kelgansiz? Mening ruxsatimsiz sud majlisiga kirishingiz mumkin emas, dedim.

Jurnalist menga: «Sen ishni nohaq ko‘ryapsan, sen poraxo‘rsan», deb shaxsiyatimga tegib, mening daxlsizligimni buzib, baqirib, xonamga kirib keldi.

Aslida, ularning kirish tartibi bor. Ular Qo‘riqlash bo‘limi xodimlariga kelishganini aytib, o‘zlarini tanishtirishi kerak edi.

Lekin ular qo‘riqlash bo‘limi xodimlarining ruxsatisiz, raislik qiluvchining ruxsatisiz, qo‘riqlanadigan binoga kirib keldi. Sud mustaqilligini buzishdi. Sud ishiga aralashishga harakat qilishdi. Blogerlar sudlanuvchi Ikromjon Xudoyorovning tarafini olib ishga bir taraflama yondashishini sud majlisini ochgandan so‘ng sudlanuvchining advokati tomondan Elyorbek Tojiboyevni sud majlisiga kiritish bo‘yicha iltimosnoma kiritilganidan so‘ng angladim», — dedi sud raisi.

Suddan oldin ko‘rsatgan «tomoshalari» sabab sudya jurnalistlarga sud majlisini s'yomka qilish va unda qatnashishni taqiqlagan.

«Sudga hurmatsizlik qilgani uchun, sud majlisiga sudlanuvchining yaqin qarindoshlarini yetaklab kelib meni haqoratlagani uchun, tartib qoidani buzgani hamda jabrlanuvchining advokati tomonidan blogerlarni sud majlisiga kirishi rad etilgani uchun sud majlisidan chiqarish bo‘yicha ajrim qildim. Lekin jurnalist sud majlisidan chiqishni istamadi.

Shundan so‘ng men sud majlisi jabrlanuvchilari hamda sudlanuvchining qarindoshlari o‘rtasida janjal bo‘lib ketmasligi va sud majlisi xavfsizligi uchun jurnalistlarni majburiy chiqarish bo‘yicha ajrim chiqardim», — dedi u.

Boz ustiga, sudya Odilbek Begimqulov jurnalistlar tomonidan sodir etilgan huquqbuzarliklarni rasmiylashtirib, prokuraturaga murojaat ham qilgan.

«Sud majlisidan so‘ng jurnalistlar va jabrlanuvchining qarindoshlari tomonidan qilingan qoidabuzarliklar uchun,shaxsiyatimga tegadigan tuhmatlar uchun javobgarlik masalasini hal qilish uchun dalolatnoma tuzib, tegishli hujjatlar bilan bildirish xati bilan qonuniy chora ko‘rish maqsadida tuman prokuraturasiga murojaat qildim. Hozirgi vaqtda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Jurnalist odob-axloq qoidalariga rioya qilganida biz, albatta, sud majlisiga kiritar edik. Jurnalistik etikaga amal qilishganida hamda xolislikni yo‘qotishmaganda, masalaga faqat bir taraflama yondashishmaganda, albatta, sud majlisiga kiritilar edi», — dedi sudya.

Odilbek Begimqulovning fikricha, jurnalistlarga xalq nomidan gapirish vakolati berilmagan.

«Bundan tashqari, jurnalist tomonidan xalq nomidan gapirildi. Jurnalist xalq nomidan gapirish vakolatiga ega emas. Xalq nomidan gapirish vakolati prezidentga hamda parlament qonunchilik palatasiga berilgan.

Men hayotimda bunday narsaga duch kelmaganman. Sudlanuvchining yaqin qarindoshlari hamda jurnalist tomonidan menga nisbatan qilingan qo‘pollik hamda haqoratlar sababli o‘sha kuni qon bosimim ham ko‘tarilib ketdi.

Men o‘ylaymanki, jurnalistlarning ham odob-axloq qoidasi bor. Ularda ham tartib bor. Ular sud majlisida ishtirok etishlari uchun sudga og‘zaki yoki yozma ravishda iltimosnoma kiritishi kerak. Lekin bu jurnalistlar hech qanday iltimosnoma ham kiritishmadi. Ular hatto bizning ruxsatimizni olmasdan turib xizmat xonamizgacha bostirib kirib, bizni poraxo‘rga chiqarishdi. Jurnalistlar masalaga xolisona yondashmadi. Faqat bir taraflama yondashgani sababli ham jabrlanuvchilarning noroziligini keltirib chiqardi», — dedi O.Begimqulov.

Sudya Odilbek Begimqulov sud majlisi yakunlangani va qaror chiqarilganini ham aytib o‘tdi.

«Sudlanuvchi tomonidan jabrlanuvchiga yetkazilgan zarar qoplab berilganligi sababli tegishli moddalar bilan oylik ish haqidan ushlab qolish sharti bilan unga nisbatan ikki yil muddatga axloq tuzatish ishlari tayinlangan. Sud hukmi hali qonuniy kuchga kirgani yo‘q», — dedi u.

Abror Qurbonmurodov tayyorladi.
Montaj ustasi: Jahongir Aliboyev

Mavzuga oid