Chinoz tumaniga yangi hokim tayinlandi
Toshkent viloyati hokimi Rustam Xolmatov ishdan ketgan kuni uning o‘rinbosarlaridan biri ham viloyat hokimligini tark etdi: Botir Alimbekov faoliyatini Chinoz hokimi sifatida davom ettiradi.
Xalq deputatlari Chinoz tumani kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda tuman hokimi Akmalxon Ma'diyev lavozimidan ozod qilindi.
Viloyat hokimligidan ma'lum qilishlaricha, viloyat hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Alimbekov Botir Bahodirovich Chinoz hokimi etib tayinlangan.
Sessiyada bugun Toshkent viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan Davron Hidoyatov ham ishtirok etib, tayinlov yuzasidan so‘zga chiqqan.
Akmalxon Ma'diyev 2017 yildan buyon Chinoz tumani hokimi sifatida ishlab kelayotgan, bunga qadar esa tuman prokurori edi. Ma'diyevning kelgusi faoliyati haqida hozircha ma'lumot yo‘q.
Uning o‘rnini egallaydigan Botir Alimbekov 2020 yil aprelidan buyon Toshkent viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari sifatida ishlayotgandi.
Botir Alimbekov 1979 yilda tug‘ilgan, Toshkent davlat agrar universitetini, so‘ngra Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini (hozirgi Davlat boshqaruvi akademiyasi) tamomlagan. Mutaxassisligi – zoomuhandis, iqtisodchi (qishloq xo‘jaligi).
U faoliyati davomida davlat soliq inspektori (2002–2005), «Qishloqxo‘jalikkimyo» hududiy AJ mutaxassisi, tuman filiali mudiri, rais o‘rinbosari va boshqaruv raisi (2005–2016), Toshkent viloyati qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i (2016–2017), «Toshkentagrokimyohimoya» hududiy AJ direktorining birinchi o‘rinbosari va jamiyat direktori (2017–2019) lavozimlarida ishlagan.
Alimbekovning viloyat rahbariyatidagi o‘rnini Ulug‘bek Uzoqov egalladi. Uzoqov bungacha Jizzax viloyati Do‘stlik tumani hokimi edi.
Mavzuga oid
23:07 / 21.12.2024
Toshkent viloyatida chiqindi poligonlari xizmat narxi oshiriladi
12:40 / 19.12.2024
Jizzax viloyatiga yangi hokim tayinlandi
16:16 / 17.12.2024
Toshkent viloyatida 8,7 mlrd so‘mlik gazdan noqonuniy foydalangan sex fosh etildi
20:14 / 16.12.2024