Jahon | 20:21 / 31.01.2021
5769
2 daqiqa o‘qiladi

Xiaomi Pentagon va AQSh moliya vazirligini sudga berdi

Xitoyning Xiaomi kompaniyasi AQShning Kolumbiya okrugi sudiga Pentagon ustidan shikoyat qildi. Bunga esa Xitoy kompaniyasining xitoylik harbiylar bilan bog‘langan kompaniyalar ro‘yxatiga kiritilishidan noroziligi sabab hisoblanadi.

Foto: glassdoor.co.uk

Ushbu ro‘yxat Pentagon tomonidan tuziladi. Amerikalik sarmoyachilarga ro‘yxatga kiritilgan kompaniyalar aksiyalarini sotib olish taqiqlanadi

Xiaomi shikoyati bo‘yicha Pentagon va AQSh moliya vazirligi hamda ushbu vazirliklar rahbarlari Lloyd Ostin va Janet Yyellen javobgarlar deb atalgan.

Xiaomi o‘z shikoyat arizasida Pentagonning “qora” ro‘yxatiga kiritilishini konstitutsiyaga zid deb atagan va uning bekor qilinishini talab qilgan. Arizada ta'kidlanishicha, kompaniyaning ro‘yxatda bo‘lishi unga “og‘ir va tuzatib bo‘lmas ziyon yetkazadi”. “Xiaomi Xitoy davlati yoki harbiylariga tegishli emas, ular tomonidan nazorat qilinmaydi va ular bilan bog‘lanmagan. Kompaniya, shuningdek, Xitoy harbiy-sanoat majmuasi bilan bog‘langan yuridik shaxslarga ham tegishli emas va ular tomonidan nazorat qilinmaydi”, deb ta'kidlangan arizada.                

Xiaomi Corp aksiyalari Hongkong birjasida sotiladi, uning amerikalik yetakchi sarmoyachilari BlackRock Inc., Vanguard Group Inc. va State Street Corp. kompaniyalari hisoblanadi. Bundan tashqari, Xiaomi’ning birinchi amerikalik sarmoyachilaridan biri Qualcomm Inc. kompaniyasi hisoblanadi. Agar Xitoy kompaniyasi Pentagonning “qora” ro‘yxatida qolsa, amerikalik sarmoyachilar kompaniya aksiyalarini noyabr oxirigacha sotib yuborishlariga to‘g‘ri keladi.

Mavzuga oid