O‘zbekiston | 19:43 / 07.02.2021
56423
3 daqiqa o‘qiladi

Buxoro shahri prokurori lavozimidan ozod etildi

Buxoro shahri prokurori Jasur Fozilov lavozimini tark etdi. Bosh prokuraturaga ko‘ra, u o‘z xohishi bilan ariza yozgan. Fozilov dekabr oyida prezidentga shov-shuvli murojaat bilan chiqqan edi. O‘tgan oyda davlat rahbarining Buxoroga tashrifi oldidan viloyatga yangi prokuror tayinlangandi.

Buxoro shahri prokurori Jasur Fozilov lavozimidan ozod etildi. Bosh prokuratura matbuot xizmati Kun.uz'ga buni tasdiqlab, prokuror o‘z xohishi bilan lavozimdan bo‘shash haqida ariza yozganini bildirdi.

Qo‘shimcha qilinishicha, Fozilov Buxoro viloyati prokuraturasining kadrlar ixtiyorida qolgan, ammo «vaqtincha ishlamaydi».

Prokurorning lavozimdan ketishi u prezident va Prezident Administratsiyasi rahbariga ijtimoiy tarmoqlar orqali murojaat yo‘llaganidan bir yarim oy o‘tib ro‘y bermoqda.

Dekabr oyi o‘rtalarida internetda qilgan ketma-ket chiqishlarida Jasur Fozilov bevosita O‘zbekiston bosh prokuroriga qarshi da'volarni ilgari surgan edi. U «Mustahkam Qurilish Development» kompaniyasi vakillarini so‘roqqa chaqirgach, o‘zining ustidan tekshiruv boshlangani, bunga sabab esa ushbu kompaniya vakillari go‘yoki bosh prokuror bilan aloqadorligi haqida aytgandi.

Prokurorning da'volari yuzasidan 14 dekabr kuni Respublika idoralararo komissiyasi tuzildi. Xizmat tekshiruvi sabab vazifasidan vaqtincha chetlatilgan Fozilov Respublika komissiyasi tekshiruvi ortidan lavozimiga tiklandi. U 20 dekabr kungi murojaatida komissiya adolatli qaror qabul qilganini aytib, buning uchun prezidentga minnatdorlik bildirdi.

Komissiya qarori rasman e'lon qilinmadi. Jasur Fozilovga ko‘ra, komissiya uning ustidan «arizani uyushtirgan tadbirkorlar bosh prokuror nomidan foydalanib kelayotganliklari»ni aniqlagan. Ayrim masalalarga esa fuqarolik sudida aniqlik kiritilishi lozimligi aytilgan.

21 dekabrda Bosh prokuratura Buxoro shahri prokurori ustidan o‘tkazilgan xizmat tekshiruvi natijalarini ma'lum qildi. Unga ko‘ra, Jasur Fozilov muqobil tekshiruvlar bekor qilinganiga qaramay, jinoiy ishga aloqasi bo‘lmagan shaxslarni tergovga majburiy jalb etmoqchi bo‘lgan.

Shu sababli Fozilovga bosh prokuror buyrug‘i bilan hayfsan berilgan edi.

Bu voqealardan bir oy o‘tib, yanvar oyi o‘rtalarida – davlat rahbarining Buxoroga tashrifi arafasida viloyat prokurori o‘zgardi. Markaziy saylov komissiyasi raisi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Mahmud Istamov Buxoro viloyati prokurori sifatida ish boshladi.

Mavzuga oid