London birjasi Yevropaning eng yirik savdo markazi maqomini yo‘qotdi
Yanvar oyida Amsterdam birjasi Yevropa bozorlarining asosiy savdo markazi sifatida qayd etildi. London birjasi mavqeyining tushishiga Brexit sabab Yevropa Ittifoqinig taqiqlari sabab bo‘lgan.
Amsterdam birjasi o‘tgan oy davomida London birjasini Yevropa bozorlarining asosiy savdo markazi maqomidan mahrum qilgan.
Euronext Amsterdam va CBOE Europe Turkuoise birjalarining kunlik savdolari keskin o‘sib, kunlik savdo hajmini 9,2 milliard yevroga yetkazgan. Bu birjaning dekabr oyidagi savdolaridan 4 barobar ko‘p. O‘z navbatida, o‘tgan oyda London birjasida savdo hajmi 8,6 milliard yevroga pasaygan. Natijada, Amsterdam birjasi Londonni Yevropaning savdo markazi maqomidan mahrum qilgan.
Bu o‘zgarishlarga asosiy sabab sifatida Yevropa Ittifoqi moliya institutlarining London birjasida savdo qilishga qo‘ygan taqiqlari keltirilgan. Natijada, London banklari va brokerlari shug‘ullanadigan ishlarning 50 foizini yo‘qotgan.
Bunga javoban, London birjasi hozirda Evropa Ittifoqi birjalarida taqiqlangan Nestle va Roche singari Shveytsariya kompaniyalari aksiyalarining savdosiga qo‘yilgan taqiqni bekor qildi.
Ko‘pchilik tahlilchilar Yevropa Ittifoqi birja savdolari yana Londonga qaytishini prognoz qilishmoqda. Bu masalada joriy yilning mart oyida muzokaralar o‘tkazilishi kutilyapti.
Shuningdek, o‘tgan oy davomida Parij va Dublin birjalarida ham kichik o‘sish kuzatilgan.
Ma'lumot uchun, moliyaviy xizmatlar 2020 yilda Buyuk Britaniya g‘aznasiga 76 milliard funt sterling soliq tushumlarini olib kelgan.
Avvalroq, Yevropa ittifoqi va Britaniya uzoq davom etgan muzokaralardan keyin Brexitʼdan keyingi munosabatlar bo‘yicha kelishuvga erishgani ma'lum qilingandi.