O‘zbekiston | 23:42 / 24.02.2021
56703
4 daqiqa o‘qiladi

«O‘zbekiston temir yo‘llari» Shovvozsoydagi dam olish maskani haqida ma'lumot berdi

Ma'lum qilinishicha, 495 mlrd so‘mga qurilgan dam olish maskani nafaqat temiryo‘lchilar va ularning oilalari uchun mo‘ljallangan, balki Prezident Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi, vazirlik va idoralar, hokimliklar xodimlari, respublika aholisi va chet ellik investorlar, hamkorlar, sayyohlarga ham xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Bu yerda kichik suv ombori ham barpo etilgan.

Foto: O‘zbekiston temir yo‘llari

«O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ so‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan, Ugom-Chotqol milliy tabiat bog‘i hududidagi dam olish maskani haqidagi xabarga munosabat bildirdi. Kompaniya bu haqdagi ma'lumotlarni «asossiz va noxolis» deb atagan.

Bayonotda aytilishicha, Vazirlar Mahkamasining 2010 yildagi qaroriga asosan, Ugom-Chotqol milliy tabiat bog‘i tasarrufidagi «Shovvozsoy» o‘rmon xo‘jaligi yerlari «O‘zbekiston temir yo‘llari» kompaniyasiga temiryo‘lchilar va ularning oila a'zolari, kompaniyaning xorijiy hamkorlari, mamlakat aholisi va chet ellik sayyohlar uchun zamonaviy ekoturizm maskanini barpo etish va mavjud ekotizimni saqlab qolish maqsadida ajratilgan.

Foto: O‘zbekiston temir yo‘llari

«Bu yerda 2011 yildan boshlab, ya'ni 10 yil davomida bosqichma-bosqich qurilish va bunyodkorlik ishlari olib borilgan. Barcha investitsiyalar temir yo‘l kompaniyasining budjetdan tashqari mablag‘lari, jumladan daromadlari hisobidan amalga oshirilgan», – deyiladi bildirishda.

Qayd etilishicha, o‘tgan o‘n yil davomida dam olish maskani qurilishiga sarflangan investitsiyalar hajmi 495 milliard so‘mni tashkil etgan.

«Shu bilan bir qatorda, milliy bog‘ hududida tabiat va hayvonot olamini saqlash va rivojlantirish uchun zarur infratuzilmalar yaratildi, obektgacha elektr tarmoqlari tortildi, avtomobil yo‘li va kichik suv ombori barpo etildi.

Foto: O‘zbekiston temir yo‘llari
Foto: O‘zbekiston temir yo‘llari
Foto: O‘zbekiston temir yo‘llari
Foto: O‘zbekiston temir yo‘llari

Ayni paytda «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ tasarrufidagi «Nazarbek», «Chimyon», «Xojikent», «Omonxona» kabi dam olish maskanlari, shuningdek «Shovvozsoy» majmuasi ham kompaniyada faoliyat yuritayotgan qariyb 90 ming temiryo‘lchilar va aholimizga sifatli xizmatlarni ko‘rsatib kelmoqda.

Ushbu dam olish va sog‘lomlashtirish maskanlarida «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ bilan shartnoma va yo‘llanmalar asosida, temiryo‘lchilar bilan bir qatorda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi, turli vazirlik, idora va davlat tashkilotlari, mahalliy hokimliklar, shuningdek, respublikamiz aholisi va chet ellik investorlar, hamkorlar va sayyohlarga ekoturizm va ekstremal turizm, salomatlikni mustahkamlash va qayta tiklash xizmatlari ko‘rsatib kelinmoqda», – deyiladi «O‘zbekiston temir yo‘llari» tarqatgan rasmiy axborotda.

Kompaniya Telegram'dagi kanalida dam olish maskanida dam olayotganlar aks etgan video ham e'lon qildi.

«Shovvozsoy» maskanidagi dam olish uchun ajoyib joy. Dam olish zonasi Ugom-chotqol davlat biosfera qo‘riqxonasining qo‘riqlanadigan hududida joylashgan. Bu yerda oila, hamkasblar va do‘stlar bilan tabiat qo‘ynida unutilmas hordiq chiqarish uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan!» – deyiladi videoga yozilgan sharhda.

Mavzuga oid