Jahon | 21:05 / 01.03.2021
10735
2 daqiqa o‘qiladi

Nikolya Sarkozi korrupsiyada ayblanib qamoq jazosiga hukm qilindi

Fransiya sobiq prezidenti Nikolya Sarkozi korrupsiya va sudyalarni sotib olishda aybdor deb topildi. Fransiya sudi uni 3 yil qamoqqa hukm qildi. Sobiq prezident belgilangan muddatning 2 yilini shartli ravishda o‘taydi.

Foto: EPA/Vostock-photo

Mahalliy OAVning yozishicha, Sarkozi katta ehtimol bilan qamoqda yotmaydi. Chunki fransuz qonunchiligiga ko‘ra, ikki yildan kam qamalishi kerak bo‘lganlar qo‘lida uni tekshirishga imkon beruvchi bilaguzuk taqqan holda ozodlikda bo‘lishi mumkin. Xuddi shunday jazo hukmi sobiq prezidentning advokati Terri Ersogga ham qo‘llangandi.

Sarkozi o‘ziga nisbatan qo‘yilgan barcha ayblovlarni rad etib keladi. Sud esa sobiq prezident qilayotgan ishlari qonunbuzarlik ekanini bilgan, deb topgan.

Sarkozi Fransiya prezidentlari orasida sud qilingan birinchisi emas. Uning siyosat pillapoyasida yuqorilashiga yordam bergan Jak Shirak ham sudlangan, biroq 2011 yil salomatligi sabab sudda ishtirok etmagan. Unga ikki yil shartli qamoq jazosi berilgan.

Sarkozi nimada ayblanmoqda?

Tergovchilar ishning boshida Sarkozining 2007 va 2012 yilgi saylovoldi kampaniyasining moliyalashtirilishini tekshirishdi. Sarkozi bu kampaniya davomida milliarder Lillian Betankur va hatto Liviya inqilobi yetakchisi Muammar Qazzofiydan pul olgani aytiladi. Ayblovga ko‘ra, Sarkozi o‘z saylov kampaniyasiga Lillian Betankur tomonidan pul ajratilgani bo‘yicha ishni o‘rganayotgan sudyaga lavozimi ko‘tarilishini va Monakodan uy taklif qilgan. Ayblovga isbot sifatida Sarkozi va advokatining telefon suhbati keltirilgan.

Shuningdek, Sarkozi oxirgi ishida aloqasi bo‘lmagan yana bir shov-shuvli ishda qatnashgani aytiladi. Unga ko‘ra, Sarkozi keyinchalik Fransiyaning «PSJ» klubini moliyalashtirish sharti bilan qatarliklarga 2022 yilgi futbol bo‘yicha jahon chempionati mezbonligini olib berishda ishtirok etishda gumonlanadi.

Mavzuga oid

E`lonlar