Iqtisodiyot | 20:19 / 01.03.2021
28563
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning davlat qarzi YaIMning 40 foizidan oshdi

2021 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning davlat qarzi 23,3 mlrd dollar ekvivalentini tashkil etmoqda. Shundan 21,1 milliardi – davlat tashqi qarzi. Davlat tashqi qarzi so‘nggi 2 yil ichida 2 barobarga oshdi.

Moliya vazirligi 2020 yil uchun O‘zbekiston Respublikasi davlat qarzi holati va dinamikasi sharhini e'lon qildi.

Tashqi qarz miqdori 21 milliard dollardan oshdi

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 2021 yil 1 yanvar holatiga O‘zbekiston nomidan va uning kafolati ostida jalb qilingan qarz qoldig‘i (davlat qarzi) 23,3 milliard dollar ekvivalentini yoki yalpi ichki mahsulotga (YaIM) nisbatan 40,4 foizni tashkil etdi.

2020 yil yakuni bilan taqqoslaganda, davlat tashqi qarzi 5,4 milliard dollarga yoki yil boshiga nisbatan 34,4 foizga oshib, 2021 yil 1 yanvar holatiga 21,1 milliard dollarga yoki YaIMga nisbatan 36,5 foizga yetdi.

Shundan respublika nomidan jalb qilingan tashqi qarz 15,1 milliard dollarni, davlat kafolatlagan tashqi qarz 6 milliard dollarni tashkil etdi.

Davlat ichki qarzi 23,3 trillion so‘m (2,2 milliard dollar) yoki YaIMga nisbatan 3,9 foiziga teng. Shundan 4 trillion so‘m (0,4 milliard dollar) – davlat qimmatli qog‘ozlari, 19,3 trillion so‘m (1,8 milliard dollar) – davlat kafolatlagan ichki qarz.

Davlat qarzi dinamikasi

«Davlat qarzining so‘nggi yillardagi o‘sishi dinamikasiga qaramay, xalqaro me'yorlarga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi davlat qarzi (YaIMga nisbatan - 40,4 foiz), shu jumladan davlat tashqi qarzi (YaIMga nisbatan - 36,5 foiz) mo‘'tadil darajada saqlanib qolmoqda», – deyiladi hisobotda.

O‘zbekiston uchun davlat tashqi qarzining xavfsiz darajasi YaIMga nisbatan 60 foiz deb hisoblanadi.

2021 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida»gi qonunga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi nomidan va davlat kafolati ostida jalb qilingan davlat qarzining summasi yalpi ichki mahsulotning yillik prognoz ko‘rsatkichiga nisbatan 60 foizdan oshmasligi belgilangan.

«Davlat budjeti to‘g‘risida»gi qonuniga muvofiq, 2020 yil davomida davlat tashqi qarzini jalb etish bo‘yicha imzolanadigan yangi shartnomalarning chegaralangan hajmi 5,5 milliard dollar miqdorida belgilangan.

2021 yil uchun ichki va tashqi qarzlarni jalb qilish bo‘yicha yillik imzolanadigan yangi bitimlarning cheklangan hajmi 5,5 milliard dollar, shundan davlat budjeti taqchilligini moliyalashtirish uchun – 2,2 milliard dollar, investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun – 3,3 milliard dollar miqdorida belgilangan.

Davlat tashqi qarzi

O‘zbekiston Respublikasi davlat tashqi qarzining hajmi 2021 yilning 1 yanvar holatiga 21,1 milliard dollar yoki YaIMga nisbatan 36,5 foizni tashkil etdi.

Bunda respublika nomidan jalb qilingan tashqi qarz 15,1 milliard dollar ekvivalenti yoki jami davlat tashqi qarzining 71,4 foiziga to‘g‘ri keladi. Shuningdek, mamlakat kafolati ostida jalb qilingan tashqi qarz 6 milliard dollar ekvivalenti yoki davlat tashqi qarzining 28,6 foizini tashkil qilmoqda.

2020 yilda jami davlat tashqi qarzining 17,5 foizi yoki 3,7 milliard dollar davlat budjetini qo‘llab-quvvatlashga sarflandi. Shuningdek, o‘tgan yili:

  • 2,6 mlrd dollar energetika sohasiga;
  • 2,9 mlrd dollar elektr-energetika sohasiga;
  • 2,4 mlrd dollar transport va transport infratuzilmasiga;
  • 2,3 mlrd dollar uy-joy kommunal xo‘jaligi sohalariga;
  • 1,7 mlrd dollar suveren xalqaro obligatsiyalarga;
  • 1 mlrd dollar kimyo sanoatiga;
  • 0,7 mlrd dollar ta'lim va sog‘liqni saqlashga;
  • 0,3 mlrd dollar moliyaviy sohaga;
  • 0,2 mlrd dollar kommunikatsiyalarga;
  • 1,1 mlrd dollar boshqa sohalarga yo‘naltirildi.

Davlat tashqi qarzining katta qismi uzoq muddatga va imtiyozli foiz stavkalarida olingan.

Davlat tashqi qarzi portfeli valuta tarkibining 70 foizi – dollar, 11,3 foizi – yapon iyenasi, 9,5 foizi – SDR (maxsus qarz olish huquqlari), 5,1 foizi – yevro, 4,1 foizi – boshqa valutalardagi tashqi qarz hissasiga to‘g‘ri keladi.

  • Moliya vazirligi hisoboti davlat qarziga oid bo‘lib, undan xususiy tashqi qarzlar o‘rin olmagan. Xususiy tashqi qarz haqida Markaziy bank so‘nggi marta 2020 yil 1 oktyabr holati bo‘yicha ma'lumot bergan, o‘shanda xususiy sektor qarzi 10 milliard dollardan oshgani ma'lum bo‘lgandi.
  • Markaziy bank O‘zbekistonning 2020 yil uchun to‘lov balansi, xalqaro investitsion pozitsiyasi va tashqi qarzi ko‘rsatkichlarining hisobotini 2021 yil mart oyida taqdim etadi.

Mavzuga oid