Jamiyat | 20:07 / 13.03.2021
24882
2 daqiqa o‘qiladi

Urgutdagi yangi «Urgut» markaziy jome masjidi ochildi

Bugun, 13 mart kuni Urgut tumanida barpo etilgan yangi «Urgut» markaziy jome masjidining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Kun.uz muxbiri mazkur tadbirda qatnashib, ushbu muhtasham masjiddan fotojamlanma tayyorladi.

Urgutdagi yangi masjidning ochilish marosimida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov, Din ishlari qo‘mitasi raisi Abdug‘ofur Ahmedov, viloyat hokimi Erkinjon Turdimov va Urgut tuman hokimi boshchiligidagi mas'ullar ishtirok etdi.

Qayd etilishicha, Urgut tumanining Mergancha mahallasida bunyod etilgan yangi masjid 1,06 gektar maydonda bunyod etilgan. U ikki qavatdan iborat bo‘lib, qariyb 10 mingga yaqin namozxonni sig‘dira oladi. Masjid xonaqohi 55x45 metr o‘lchamda qurilgan bo‘lib, xonaqohning ikki chetida 18x45 metr o‘lchamda ayvon ham tushgan. Masjid xonaqohi o‘rtasidagi gumbazning balandligi 36 metr, masjid chetida joylashgan to‘rtta minoraning har biri 40 metrdan balandroq qilib qurilgan. Masjid binosining ichi an'anaviy naqshlar bilan bezatilgan.

Masjidda zamonaviy tahoratxona va masjid xodimlari uchun barcha qulayliklarga ega ikki qavatli ma'muriy bino ham qurilgan. Mazkur masjid Samarqand viloyatidagi eng yirik masjid hisoblanadi.

Ma'lumot uchun, «Urgut» markaziy jome masjidi ochilgandan so‘ng, O‘zbekistondagi masjidlar soni 2085 taga, Samarqand viloyatidagi masjidlar soni esa 287 taga, Urgut tumanida esa 62 taga yetdi.

 

Mavzuga oid