21:32 / 16.03.2021
9082

Timur Ishmetov: 2021 yilda tashqi qarz olish limiti 5 milliard dollar

O‘tgan davr mobaynida jalb qilingan xorijiy qarz mablag‘larining eng katta qismi, ya’ni 14,6 foizi elektr energiyasi sanoatiga, 12,4 foizi energetika sohasiga sarflangan. Joriy yil uchun belgilangan tashqi qarz olish limiti 5 milliard dollarni tashkil etadi.

16 mart kuni «O‘zbekistonning tashqi qarzi» mavzusida ochiq muloqot shaklidagi matbuot anjumani o‘tkazildi. Tadbirda tashqi qarz mablag‘laridan foydalanish bo‘yicha ma’lumot berildi.

Moliya vaziri Timur Ishmetovning ta’kidlashicha, kredit shartnomalarining hajmi yil sayin kamayib boradi.

«2019 yilda qariyb 9 milliard dollar jalb qilingan bo‘lsa, 2020 yilda bu ko‘rsatkich 5,3 milliard dollarni tashkil etgan. Joriy yil uchun limit 5 milliard dollar qilib belgilangan», deya Timur Ishmetovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xo‘jayevning ma’lum qilishicha, To‘raqo‘rg‘on IESni qurish uchun Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi tomonidan 1,95 milliard dollar, Talimarjon IESni umumiy quvvati 900 MVt bo‘lgan qo‘shma siklli elektr stansiyalari bilan kengaytirish uchun OTBdan 1,32 milliard dollar, Navoiy IESda uchinchi kombinatsiyalangan sikl stansiyasining qurilishi uchun 650 million dollar miqdorida qarz va kredit mablag‘lari jalb qilingan.

Ma’lumot uchun, 2020 yil yakunlari bo‘yicha jalb qilingan tashqi qarz mablag‘lari kesimida elektr energiyasi sanoatiga 14,6 foiz yoki 3,1 milliard dollar, energetika sohasiga – 12,4 foiz yoki 2,6 milliard dollar pul sarflangan.

Suv ta’minoti sohasiga 6ta xalqaro moliya institutlari tomonidan mablag‘lar jalb qilingan. «Qashqadaryo viloyatida 176,6 km uzunlikdagi qurilish va 110,2 km suv ta’minoti tarmoqlarini rekonstruksiya qilish, shuningdek, 4 ta suv taqsimlash inshootlarini rekonstruksiya qilish uchun 51 million dollar mablag‘ ajratiladi», dedi «O‘zsuvtaminot» AJ Boshqaruvi raisi Sohib Sayfnazarov.

Bundan tashqari, Transport va transport infratuzilmasini rivojlantirish uchun 2,4 milliard dollar tashqi qarz mablag‘lari sarflangan.

Tadbirda ta’kidlanishicha, O‘zbekiston tashqi qarz mablag‘larini jalb qilishda konservativ yondashuv va xatarlarni boshqarish prinsiplariga amal qiladi.

S&P Global Ratings xalqaro kredit reyting agentligining O‘zbekistonning uzoq va qisqa muddatli suveren kredit reytingi bo‘yicha oxirgi hisobotida respublikaning suveren kredit reytingi «BB-» (reyting prognozi: «salbiy») darajasida saqlanib qolingan. Mamlakat reyting kutilmasini yaxshilash uchun davlat qarzini makroiqtisodiy barqarorlik uchun xavfsiz darajada saqlab turish hamda tashqi qarz o‘sishini qat’iy nazorat qilish talab etiladi.

Top