Jamiyat | 17:09 / 02.04.2021
9240
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada ishlagan davr pensiya tayinlashda hisobga olinadimi?

Amaldagi qonunchilikka asosan chet elda ishlagan davr pensiya tayinlashda hisobga olinadi. Bu davr pensiya tayinlashda hisobga olinishi uchun qanday talablar mavjud, ijtimoiy soliq qancha to‘lanadi kabi savollarga Kun.uz sharhida javob beriladi.

Chet elda ishlagan davr qaysi shartlarga ko‘ra mehnat stajiga qo‘shiladi?

  • 2019 yil 1 yanvarga qadar bo‘lgan davr uchun — O‘zbekiston Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga sug‘urta badallari to‘langan taqdirda;
  • 2019 yil 1 yanvardan keyingi davr uchun — yagona ijtimoiy soliq to‘langan taqdirda.

Ijtimoiy soliqni to‘lash tartibi qanday?

Chet elda ishlagan davrlar uchun ijtimoiy soliqlar to‘lash Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 22 fevraldagi 46-son qarori bilan tasdiqlangan nizomda belgilangan. Bunda chet elda yollangan holda ishlovchi shaxs pensiya bilan ta'minlanish miqdoridan kelib chiqib, Pensiya jamg‘armasiga yagona ijtimoiy to‘lov miqdorini mustaqil ravishda, biroq yiliga Pensiya jamg‘armasiga ijtimoiy soliq to‘lash sanasida qonun hujjatlarida belgilangan pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining to‘rt yarim barobari miqdorda belgilashi mumkin.

Pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori qancha?

Hozirda pensiyani hisoblashning asosiy qiymati oyiga – 262 470 so‘m. Bir yil uchun to‘lanadigan ijtimoiy to‘lovning eng kam miqdori esa 1 181 115 so‘mni tashkil etadi (2021 yil 1 fevraldan budjet muassasalari va tashkilotlari xodimlarining ish haqi, stipendiyalar hajmi 1,1 baravar oshirilgandi, ammo pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori o‘zgarishsiz qolgan).

Chet elda yollangan holda ishlovchi shaxs tomonidan yagona ijtimoiy to‘lov to‘lash tartibi qanday?

  • har oyda yoki har chorakda;
  • biryo‘la — O‘zbekistonga kelgan kunidan boshlab uch yil mobaynida.

Pensiya jamg‘armasiga yagona ijtimoiy to‘lov naqd pulsiz hisob-kitob bo‘yicha to‘langan taqdirda, yagona ijtimoiy to‘lov to‘langani to‘g‘risidagi hujjatda ko‘rsatilgan sana yagona ijtimoiy to‘lov to‘langan kun hisoblanadi. To‘lov hujjatida familiyasi, ismi, otasining ismi, STIR va to‘lov amalga oshirilayotgan davr, albatta, ko‘rsatilishi shart. Agar to‘lov hujjatida davr ko‘rsatilmagan bo‘lsa, to‘lov u amalga oshirilayotgan oy uchun to‘langan deb hisoblanadi.

Chet elda ishlagan davr qanday belgilanadi?

Chet elda bo‘lish davri mehnat daftarchasidagi yozuvlar, pasportdagi O‘zbekiston davlat chegarasini kesib o‘tgani to‘g‘risidagi yozuvlar (muhrlar, shtamplar yoki belgilar) hamda O‘zbekiston diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalarining ko‘rsatib o‘tilgan shaxsning boshqa davlatda bo‘lgan vaqti va konsullik hisobiga qo‘yilgani ma'lumoti ko‘rsatilgan tegishli hujjatlar asosida tasdiqlanadi.

Mavzuga oid