Tabib soxta, xalq esa sodda? - Toshkent «zabt etildi», navbat Samarqand-u Buxoroga
Mulla Mahmud Hasan Kurdistoniy O‘zbekistonga kelgani va minglab bemorlar uning qabuliga mushtoq bo‘layotgani haqida eshitmagan odam qolmadi. Ma'lum vaqt Toshkentda bo‘lgan mulla Samarqand-u Buxoro sari yo‘l oldi. Qizig‘i, shuncha ogohlantirishlarga qaramay, Mahmud Hasanning shuhrati ortgandan ortib boryapti.
Xo‘sh, nega o‘zbekistonliklar bu mullaga bunchalar ixlos qilmoqdalar?
Hammasi oddiy. Axborot asrida yashayapmiz va kimnidir mashhur qilish u qadar murakkab ish emas. Ayniqsa og‘ir darddan azob chekib, har bir choraga najot sifatida qarovchilar hamma narsaga ishonishadi. Axir bundan 10 kun oldin ham O‘zbekistonda bu tabib haqida hech kim hech narsa bilmasdi-ku.
Mulla Mahmud Hasanni O‘zbekistonga olib kelganlar juda oddiy va samarali usuldan foydalandilar, ya'ni axborot tarqatishga zo‘r berdilar. Natijani o‘zingiz ko‘rib turibsiz. Qizig‘i, mullaning ayrim seanslarini haqiqiy mo‘jiza deb qarovchilar soni ortib bormoqda. Keling, ba'zi holatlarni o‘rganamiz.
Qulog‘i kar deyilgan bola mullaning oldiga olib kelinadi va go‘yoki bolaning qulog‘i ko‘pchilik oldida ochilib ketadi.
Keling, endi holatni tahlil qilib ko‘raylik. Bolaning qulog‘ida eshitish moslamasi borligi ko‘rinib turibdi. Ma'lumki, bunday moslama karlarga emas, eshitishi zaif odamlarga taqiladi. Ya'ni bu apparat ovozni kuchaytirib beradi. Mulla Mahmud bu moslamani chiqitga chiqaryapti va uning qulog‘i yonida baqiryapti. Bola eshityapti va qaytaryapti. Hamma hayratda!..
Ikkinchi holatda mulla Mahmud keksa ayolni yurgizib yuboradi va tez orada bozorlarni aylanib yurishini aytadi.
Ayolning o‘g‘lining so‘zlariga ko‘ra, onasining oyoqlarida quvvat yo‘q. Lekin ayol tik turibdi. Ma'lumki, yura olmaydigan odam tik turishi ham qiyin. Oyoqlar tanani tutib turibdimi, demak ozroq masofaga yurish ham muammo emas.
Mullaning seansidan keyin ayol ixlos va ishonch bilan bir necha qadam tashlaydi. Yana hamma hayratda!..
Eng qizig‘iga e'tibor bering – mulla Mahmud olomonni sinchiklab kuzatyapti va bolalar tserebral falajligi bo‘lgan bemorlarni sekin aylanib o‘tib ketyapti. Mo‘jiza ko‘rsatuvchi karomat egasi birinchi navbatda ana shunday umidsiz bemorlarga yordam berishi kerak emasmidi?
Albatta, agar bu yurtdoshlarimiz chindan davo topgan, bola mukammal eshita boshlagan, onaxon bozorlarni keza olgan bo‘lsalar, biz bundan faqat xursand bo‘lamiz va tabibni olqishlaymiz.
Ko‘pchilik o‘ylashi mumkin, agar u chindan davolay olmasa, nega O‘zbekistondagi faoliyatiga to‘sqinlik qilinmayapti, mamlakatdan chiqarib yuborilmayapti?
Gap shundaki, mulla Mahmud O‘zbekistonga turistik viza bilan kelgan va rasman tibbiy faoliyat bilan shug‘ullanmayapti. Agar hozir u badarg‘a qilinsa, haqiqiy mazlumga aylanadi va shuhratiga shuhrat qo‘shilaveradi.
Ming afsuski, ko‘pchilikning ogohlantirishlariga qaramay, mullaning ixlosmandlari ko‘paygandan ko‘payib bormoqda. Ular aqlini yig‘ib olguncha Mahmud Hasan O‘zbekistondan chiqib ketgan va boshqa bir davlatda ish boshlab yuborgan bo‘ladi. Ortidan qallobligini aytish befoyda, chunki mo‘jizaga ishonuvchilar faqat o‘zlari istagan narsanigina ko‘radilar...
- Eslatib o‘tamiz, odamlarning mo‘jizaviy shifoga ko‘r-ko‘rona ishonib ketishi yaqin yillarda ham yetarlicha uchragan holat. 2019 yilning may oyida To‘raqo‘rg‘on tumanidagi artezian qudug‘idan chiqqan loyqa suv kutilmaganda shunday mashhur bo‘lib ketgandi. Mish-mishlarda bu suv turli kasalliklarga, hatto saratonga davo bo‘lishi aytilgan, natijada artezion oldida butun vodiydan kelgan odamlarning tumonat navbati yuzaga kelgandi.
- Shuningdek, pista bilan davolovchi shahrixonlik Hasan tabib xonadoniga kuniga 300-400 nafar odam, hatto qo‘shni respublikalarda yashovchilar ham kelib ketgan. Tashrif buyurayotgan fuqarolarning aksariyatini yurak-qon tomir, endokrin tizimi va boshqa og‘ir kasalliklar bo‘yicha murojaat qilayotganlar tashkil qilgan. Oxir-oqibat u sud qarori bilan jarimaga tortilgan va faoliyatiga chek qo‘yilgandi.
Abror Zohidov
Mavzuga oid
16:45 / 22.12.2024
Jizzaxda tadbirkorning binosi uchun foydalanishga ruxsatnoma olib bermoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi
09:50 / 18.12.2024
Yevropada keksa kishilarni aldagan firibgarlar tarmog‘i fosh etildi
10:00 / 10.12.2024
Moliyaviy firibgarliklarning oldini olishda antifrod tizimlarning roli qanday?
15:18 / 26.11.2024