Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
90-yillardagidek. Shimoliy Koreya ocharchilik yoqasida
Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen In mamlakat fuqarolarini og‘ir davrlarga tayyor bo‘lishga chaqirdi. Partiya anjumani vaqtida u mamlakatdagi hozirgi vaziyatni 1990-yillarda kuzatilgan va turli baholarga ko‘ra 3 millionga yaqin kishi halok bo‘lgan halokatli ochlik davri bilan qiyosladi.
Mamlakat mushkul vaziyatga tushib qolishining sababi - koronavirus pandemiyasi tufayli joriy etilgan karantin sharoitida chegaralar yopilgani tufayli Xitoy bilan savdo aloqalari deyarli to‘liq to‘xtab qolgani hamda Pxenyanning yadro dasturi tufayli xalqaro sanksiyalar qo‘llanganidir. Xitoy bilan savdo aylanmasi hajmi 2020 yilda 2019 yildagiga nisbatan 75 foizga pasaygan.
Shimoliy Koreya yetakchisi amaldorlarni «Og‘ir safar»ga tayyor turishga chaqirgan.

«Men Mehnat partiyasining barcha darajadagi tashkilotlari, jumladan, markaziy qo‘mita va partiya bo‘limlari kotiblaridan xalqimiz muammolarini ozgina bo‘lsa ham yengillashtirish uchun yangi, yanada og‘ir safarni boshlashni so‘radim, chunki xalqimiz partiya ortidan onasi ortidan borgandek boradi», degan Kim Chen In.
«Kim Chen In Shimoliy Koreya xalqi to‘qnashishi mumkin bo‘lgan qiyinchiliklar va kulfatlar haqida gapirishi yangilik emas. Ammo u yangi «Og‘ir safar» haqida gapira boshlagani vaziyat chindan ham jiddiy ekanidan dalolatdir», - deydi BBC bilan suhbatda NK News ning Shimoliy Koreya bo‘yicha tahlilchisi Kolin Zvirko.
«Og‘ir safar» atamasi mamlakat hukumati tomonidan 90-yillar boshida ham qo‘llangan, o‘shanda Shimoliy Koreya sovetlar ittifoqi parchalangani tufayli tashqi yordamdan quruq qolgandi. Natijada mamlakatda ocharchilik boshlangan, unga qarshi kurash esa «Og‘ir safar» deya nom olgan.
Human Righs Watch (HRW)ning Shimoliy Koreya bo‘yicha bo‘limi ham vaziyat tashvishli ekanini ma'lum qilgan. Xabarlarga ko‘ra, mamlakatga ancha vaqtdan buyon Xitoydan oziq-ovqat kelmay qo‘ygan. Shimoliy Koreyadagi qishloq aholisining katta qismi uchun asosiy yemish bo‘lgan jo‘xori narxi so‘nggi vaqtlarda tinimsiz o‘smoqda va ayni vaqtga kelib uning bir kilosi narxi bir oylik ish haqidan yuqori.
Xitoy bilan chegaradosh hududlarda yashovchi, shu vaqtgacha kontrabanda orqali tirikchilik qilib kelgan odamlar bir yildan buyon chegara butunlay yopiqligi tufayli ochlikdan o‘la boshlagan. HRW ma'lumotiga ko‘ra, Shimoliy Koreya hukumati kontrabanda uchun jazoni qat'iylashtirgan, bunday jinoyat «aksilsotsialistik» va «dushmanona» harakat deb atalgan.
BMTning Shimoliy Koreyada inson huquqlariga rioya qilinishi holati bo‘yicha maxsus dokladchisi Tomas Odjyea Kintana o‘tgan oyda ocharchilikka olib kelishi mumkin bo‘lgan oziq-ovqat inqirozi yuzaga kelgani to‘g‘risida ogohlantirgandi.
«Ochlikdan o‘lish holatlari haqida xabarlar bor, shuningdek, tilanchilik bilan shug‘ullanuvchi bolalar va keksalar soni oshgan, chunki oila a'zolari ularni boqa olishmayapti», degan u o‘z hisobotida.
Shu vaqtgacha mamlakatga qandaydir insonparvarlik yordami yetkazilgani bo‘yicha ma'lumot yo‘q. Shimoliy Koreya bungacha har qanday tashqi yordamni rad etib kelgan, o‘tgan oyda deyarli barcha diplomatlar va gumanitar xodimlar, shu jumladan, BMTning oziq-ovqat dasturi xodimlari mamlakatni tark etishgan
Qolaversa, o‘tgan yil yozida Shimoliy Koreya ikki kuchli dovuldan jabr ko‘rgan. Tabiiy ofatlar suv toshqinlariga sabab bo‘lib, ekinlarni nobud qilgan. Bu esa oziq-ovqat tanqisligini keltirib chiqargan.
«Kim Chen In bunday ogohlantirishlar orqali mas'uliyatni zimmasidan soqit qilishni istaydi. Vaziyat juda yomonlashganida esa, u amaldorlarni o‘z buyruqlarini bajarmaslikda ayblashi mumkin bo‘ladi», deydi BBCning Seuldagi korrespondenti Lora Biker. Uning so‘zlariga ko‘ra, rahnamo og‘ir iqtisodiy vaziyat uchun aybni koronavirus pandemiyasiga va yadro quroli uchun qo‘llangan sanksiyalarga ham ag‘darishni istaydi.

Shimoliy Koreya yangi raketalarni ishlab chiqarishda va sinovdan o‘tkazishda davom etmoqda, har holda davlat nashrlari sun'iy yo‘ldosh orqali translatsiya qilayotgan lavhalardan shuni bilish mumkin.
«Shimoliy Koreya xalqi o‘z sitamlari haqida dunyoga jar sola olmaydi, bunday tavakkalchilik qamalishga va hatto qatl etilishga olib kelishi mumkin. Ammo ularning yetakchisi mamlakat gumanitar inqirozga duch kelganini ma'lum qilib bo‘ldi», - deb hisoblaydi Lora Biker.
Shimoliy Koreyadagi vaziyat hech qachon oddiy bo‘lmagan. Iqtisodiyot hukumat tomonidan qat'iy nazorat qilinadi, armiya va kuch ishlatar tuzilmalarni saqlash xarajatlari juda katta, bu esa shimoliy koreyaliklarni qashshoqlikka mahkum etgan.
Pandemiya yanada katta muammolarni keltirib chiqardi, chunki mamlakatda jamoat sog‘ligini saqlash tizimi mavjud emas. Pxenyandagilar chegaralar to‘liq yopilgani aholini koronavirusdan saqlaganini aytayotgan bo‘lsa-da, ekspertlar bu da'volar to‘g‘riligiga shubha bilan qarashadi.
Tahlilchi Kolin Zvirko hozirda Shimoliy Koreya Xitoy bilan savdoni qisman bo‘lsa-da tiklashga urinayotganini yozgan. «Virus masalasida paranoik bo‘lib qolgan bo‘lsa ham, Kim Chen In mamlakatga ayrim mahsulotlarni olib kirishi kerak», deb hisoblaydi u.
Ayni vaqtda Shimoliy Koreya Xitoy bilan chegarada nazoratni yengillashtirishi mumkinligining ko‘plab belgilari kuzatilmoqda. Biroq ba'zi ekspertlarning fikricha, chegaralar ochilgandan keyin Shimoliy Koreyada koronavirusga chalinganlar ko‘payib ketsa, bu mamlakat sog‘liqni saqlash tizimida jiddiy inqirozga olib kelishi mumkin.
Mavzuga oid
09:03 / 27.05.2026
Shimoliy Koreya bir nechta turdagi raketalarni sinovdan o‘tkazdi
22:12 / 17.03.2026
BMT Erondagi urush tufayli dunyoda rekord darajadagi ocharchilik haqida ogohlantirdi
20:01 / 01.03.2026
Axloqqa zid va noqonuniy. Rossiya, Shimoliy Koreya va Xitoy Xominaiyning o‘ldirilishini qoraladi
15:55 / 13.02.2026