O‘zbekiston | 21:29 / 18.04.2021
15840
6 daqiqa o‘qiladi

«Bu bo‘yicha aniq muammolarimiz bor» - vazir qonunlar hammaga birdek qo‘llanishi kerakligi haqida

Adliya vaziri Ruslanbek Davletov / Foto: YouTube/Hoshimov Iqtisodiyoti

Adliya vaziri Ruslanbek Davletov iqtisodchi Behzod Hoshimov bilan suhbatda  qonun ustuvorligiga to‘siq bo‘layotgan ayrim muammolarga to‘xtalib o‘tdi. Vazir qabul qilingan qonunlar hamma uchun barobarligi, ammo ijro masalasida kamchiliklar ko‘pligini aytib o‘tdi.

Majburiy mehnat – feodal tuzum sarqiti

Vazir yaqingacha oddiy holdek qarab kelingan majburiy mehnat aslida oldin ham qonun buzilish holati hisoblangani, ammo o‘sha davrda ham, hozir ham qonunlar ijrosini to‘liq ta’minlashga erishilmaganini aytib o‘tgan.

«Majburiy mehnatni yillar davomida oddiy holat bo‘lgan, o‘rganib qolganmiz bu narsaga, deb yurganmiz. Aslida bu feodal tuzum sarqiti. Bu – qonun buzilishi. O‘sha paytda ham qonun buzilishi edi. Faqat bunga e’tibor yo‘q edi.

Kerak bo‘lsa, jamiyatning toqatsizlik immuniteti ham buni oddiy hol, deb qabul qilgan.

Bunga kim yo‘l qo‘yib kelgan? Albatta, davlat tizimi bundan foydalanib, ekspluatatsiya qilib kelgan.

Chunki arzon yoki tekin ishchi kuchi bo‘lgan. Bildikki, juda katta resurslarni bitta sohadan boshqa sohaga safarbar qilish hech qanaqa samara bermadi. Yo davlatimizni, yo xalqimizni boy qilmadi. Bizga hech qanaqa naf olib kelmadi.

Shuning uchun ham ming yildan beri tasdiqlangan aniq modellar bor. O‘zimizcha yangi model o‘ylab topmasligimiz kerak. O‘sha modellarning borini ishlatsak, hozir ham o‘n barobar kuchli rivojlanishga salohiyatimiz yetadi», dedi Ruslanbek Davletov.

«Qonun hammaga birdek qo‘llanishi kerak»

Davletov O‘zbekiston qonunlarida barcha fuqarolarga tenglik belgilangani, ammo ijro tizimida muammolar borligini qayd etdi.

«Qonuniylik har qanday jamiyatni tahlil qilsangiz ham markaziy ahamiyatga ega bo‘lgan konseptual masala. Shuning uchun ham biz qonun ustuvorligi to‘g‘risida ko‘p gapiramiz. Ko‘p qadamlar bosyapmiz. Ammo tizimda hali juda katta muammolarimiz bor. Buni tan olishimiz kerak. Kimdir adolat deydi, adolat baribir kelib qonunga taqaladi.

Bizning qonunchilik sifat va belgilangan norma nuqtayi nazaridan universal xarakterga ega.

Qandaydir elita qismi manfaatiga qaratilmagan bo‘lsa ham, lekin ijro bilan muammo bor. Qonunchilik bir xilda qo‘llanishi kerak. Siz qaysi viloyat yoki tumanda bo‘lsangiz ham, qonun kuchiga tayanib harakat qilishingiz kerak. Ya’ni ijro har xil bo‘lsa, parokandalikka olib keladi. Bu bo‘yicha bizda hozir aniq muammolar bor. Buni tan olib aytamiz.

Juda ko‘p yo‘nalishlar, tadbirkorlik, soliq qonunchiligi ijrosida masalalar bor. Shuning uchun ham yagona amaliyot, bir xil yondashuv degan prinsiplar bor», deydi vazir.

Davlat organlari bir-birini tiyib turuvchi mexanizm haqida

Vazir davlat organlarida bir-birini tiyib turuvchi mexanizmlar albatta ishlashi kerakligini ta’kidladi.

«Manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga kelganida, qonun uni tartibga solib berishi kerak. Har bir tizim belgilangan tartiblar asosida faoliyatini amalga oshirishi lozim. Masalaning bir tomoni borki, bunda qaysidir organga ko‘proq vakolat berilsa, suiiste’molchilik paydo bo‘ladi.

Siz hozir Adliya vazirligini kuchaytirib yuboring. Masalan, men o‘zim suiiste’mol qilmasam ham, bizning tizimda 8 ming nafar odam ishlaydi. U yerda o‘rta yoki quyi bo‘g‘indagi xodimlar buni suiiste’mol qilishni boshlaydi. Bu ming marta isbotlangan, bo‘lishi aniq jarayon.

Shuning uchun bir-birini tiyib turuvchi mexanizmlar albatta ishlashi kerak.

Nega sud tizimi har bir davlatda mustaqil bo‘lsin, deyiladi? Unga ko‘proq ishoniladi? Chunki sud faoliyati ochiq bo‘ladi. Boshqa huquqni muhofaza qilish organlari qarorlarini o‘zlari yozib, manfaatlarini ilgari suradigan bo‘lsa, sudning har bir qarori protsessual qonunchilik bilan tartibga solinadi. Uning o‘tkaziladigan qaror qabul qilish tizimi ham ochiq bo‘ladi. Ochiq sud majlisi degan prinsiplar shuning uchun ham ishlashi kerak. Shuningdek, jamoatchilik nazorati, shaffoflik ham juda katta ahamiyatga ega», deydi u.

«Shaxslar katta o‘rin egallamasligi lozim»

Adliya vaziri hokimlarning qarorlari bo‘yicha to‘xtalib o‘tdi.

«Muammoli masalalardan yana biri – inson omillarining borligi. Inson omili doim sub’yektivizmga olib keladi. Ya’ni u o‘sha insonning saviyasi, huquqiy bilimidan kelib chiqib qaror chiqarishni boshlaydi.

U qaror chiqarishni boshlasa-yu, obektiv standartlar bo‘lmasa, adashadi. Ya’ni institutsional munosabat birinchi navbatda rivojlanishi kerakki, davlat tashkilotlari, institutsional bo‘g‘inlar bir-biri bilan murosaga kelishi kerak.

Shaxslar katta o‘rin egallamasligi kerak. Chunki biz hozir ko‘rayotganimiz, aholi katta e’tiroz qilayotgan narsa bitta hokim qandaydir xatti-harakat qilgan, qarorlar qabul qilgan bo‘lsa, keyingi hokim kelyapti-da bu noto‘g‘ri bo‘lgan, chunki mening fikrimcha boshqacha, deb o‘zining sub’yektiv qarashini ilgari suryapti. Bundan voz kechish kerak.

Institutlar, davlat organlari bir-biri bilan munosabatga kirishib o‘sha belgilangan qonuniy normalar asosida o‘z muammolarini hal qilishi kerak. Shu nuqtayi nazardan, o‘ylaymanki, qilishimiz kerak bo‘lgan ishlar ko‘p», degan vazir. 

Mavzuga oid