Jamiyat | 19:52 / 21.04.2021
10544
2 daqiqa o‘qiladi

SamDU va Samarqand davlat chet tillar instituti karantinga yopildi

Samarqand davlat universiteti va Samarqand davlat chet tillar instituti karantinga yopilgan. Bu haqda har ikkala oliy ta'lim muassasasining axborot xizmatlari xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, so‘nggi kunlarda mamlakatimizda koronavirus bilan kasallanish holati ko‘payayotgani bois, har ikkala oliy ta'lim muassasasi talabalari orasida Covid-19 bilan kasallanish holati aniqlangan.

Shu sababli, 2021 yilning 22 aprel kunidan boshlab, Samarqand davlat chet tillar instituti 14 kunga karantinga yopilgan. O‘quv jarayoni masofaviy (onlayn) shaklga o‘tkazilgan.

Samarqand davlat universiteti esa 21 apreldan boshlab 14 kunlik karantinga yopilgan va o‘quv jarayoni masofaviy (onlayn) shaklga o‘tkazilgan.

Qayd etilishicha, har ikkala oliy ta'lim muassasasida epidemiologik vaziyat barqarorlashgach, an'anaviy o‘quv jarayoniga qaytiladi va bu haqda ularning rasmiy sahifalarida xabar beriladi.

Ma'lumot uchun, Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti va Samarqand veterinariya meditsinasi instituti 2021 yil 21 apreldan 14 kunga karantinga yopilgan. O‘quv jarayonlari masofaviy (onlayn) shaklga o‘tkazilgan. Avvalroq esa, TATU Samarqand filiali, Samarqand iqtisodiyot va servis instituti, shuningdek, Samarqand shahridagi 30dan oshiq maktab 14 kunga karantinga yopilgan va o‘quv jarayoni masofaviy shaklga o‘tkazilgandi.

Mavzuga oid