Kun.uz Feruz Muhammad muallifligidagi «Intervyu TV» YouTube-kanalida e'lon qilingan suhbatning ba'zi qismlarini keltiradi.

«Yurtimizdagi san'atdan ko‘nglim to‘lmadi»

Jurnalist Uzoqovdan nega oxirgi vaqtda o‘zbekistonlik aktyorlar boshqa davlatlarga ketib, san'atdan tashqari ishlar bilan shug‘ullayotganini so‘raganda (misol tariqasida Ulug‘bek Qodirov, Akbarxo‘ja Rasulov, Gulchehra Eshonqulova hamda Sohib Abbosxon keltirilgan), aktyor mamlakatdagi san'at olamidan ko‘ngli to‘lmayotganini aytgan.

«Boshqalar uchun javob bera olmayman, lekin o‘zimning ketishimga sabab shuki, hozirgi kunda yurtimizdagi san'atdan ko‘nglim to‘lmadi. Ko‘pchilik meni xuddi kasbiga xiyonat qildi, degandek «tashlab ketdi», deyapti. Lekin men aynan kasbimga bo‘lgan hurmatim sabab ketdim. Agar men kasbimni hurmat qilmaganimda, ko‘rsatuvlarda chiqib, saviyasiz filmlarda o‘ynab yuraverishim mumkin edi. Bizda reytingni ushlab turish qiyin emas: yiliga ikkita saviyasiz kinoda chiqasiz, saviyasiz serialda rol o‘ynaysiz, saviyasiz ko‘rsatuvda chiqasiz, odamlar sizni ko‘rib tursa bo‘ldi. To‘ylarga chiqish mumkin. Balki men adashayotgandirman, lekin to‘g‘risi, saviya juda pasayib ketdi. Bu narsalarni o‘zimga ep ko‘rmadim. Men 4 yoshligimdan aktyorlikka «bemor bo‘lganman», bu kasbni yaxshi ko‘raman. Bilasizmi, yoshligimdan bu kasbda ishlayotganlar kasbiga fidoyi bo‘ladi, deb o‘ylardim, lekin adashgan ekanman, unaqa emas ekan.

Bir kuni qiziq voqea bo‘ldi. Bir xalq artistining oldiga ijodiy taklif bilan bordim. Keyin u evaziga konsertida chiqib berishimni so‘radi: «Konsertimda chiqib mashhur bo‘lasan, keyin to‘ylarga chiqasan», dedi. Bu gapdan juda xafa bo‘ldim. Bu men uchun fojia. O‘zbekiston xalq artisti san'atkor uchun eng pik daraja to‘yga chiqish ekanini tasdiqlab turishi tragediyaning o‘zginasi. San'atimizning eng katta muammosi mana shu, men sizga aytsam.

Xuddi o‘sha davrlarda yana bir xalq artisti bilan boshqacha voqea sodir bo‘ldi. Ustozimiz Yodgor Sa'diyevni teatrda ko‘rib qoldim. U kishi menga «Maydalashma», dedi-da qattiq gapirdi. Televideniyeda chiqib yurganimni nazarda tutib tanbeh berdilar. Agar to‘yga chiqsang..., deb meni so‘kdilar. Ha, aynan so‘kdilar. Endi qarang, bir xalq artisti menga yaxshi gapirib, mashhur bo‘lsang, to‘yga chiqasan deyapti-da, bu gapdan xafa bo‘lyapman, boshqa bir aktyor to‘yga chiqsang, xafa qilaman, deb so‘kyapti-yu, bu gapdan xursand bo‘lyapman. Shunchaki san'atkorlar o‘rtasidagi farqni ko‘rsatmoqchiman.

Hozir men bir-ikki gap bilan nima qanday bo‘lishi kerakligini tushuntirib berolmayman, bu narsalar tartibga kelishi uchun butun boshli tizim kerak. Lekin bir narsa aniqki, kasbga nisbatan hurmat bo‘lishi kerak, pulning ketidan quvib, kasbni behurmat qilish kerak emas. Eng afsuslanarlisi shundaki, bizda o‘rnak bo‘ladigan san'atkorlik maktabi bor edi va u buzildi. Bizdagi teatr, kino, dublyaj butun sovet ittifoqida tan olingan, butun O‘rta Osiyoda tan olingan. Bizdagi bor maktab yo‘qotildi, shartta «uzib tashlandi». Hozir san'atkorlarga kim ta'lim beryapti, qayerdan olib ta'lim beryapti, bu bilan kimdir qiziqadimi? Ta'limni kuchaytirish kerak. Hozir imkoniyat juda katta, lekin bu imkoniyatdan deyarli foydalanilmayapti. Bizda ko‘pchilik yengil yo‘lga o‘tib ketdi, prinsiplariga sodiq qoladiganlar kam».