Ular 30 aprel kuni, O‘zbekiston hukumatining «Mehr» seriyasidagi beshinchi maxsus operatsiyasi davomida vatanga olib kelindi.
«Taqdirning achchiq qismatiga duch kelgan bu yurtdoshlarimiz yashash uchun zarur bo‘ladigan eng oddiy sharoitlardan mahrum holatda hayot kechirishga majbur bo‘lgan.
O‘z vataniga qaytarilgan ayollar va bolalar Toshkent viloyatidagi «Bo‘ston» sanatoriysiga joylashtiriladi hamda ularga zarur tibbiy, psixologik va ijtimoiy yordam ko‘rsatiladi. Shuningdek, shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarni rasmiylashtirish bo‘yicha ishlar amalga oshiriladi», – deyiladi Tashqi ishlar vazirligi axborotida.
Qayd etilishicha, Ramazon oyidagi operatsiya AQSh hukumati, boshqa davlatlar va Suriyadagi mahalliy o‘z-o‘zini boshqarish idoralari ko‘magida o‘tkazilgan.
Bunga qadar to‘rt marta o‘tkazilgan «Mehr» operatsiyalari doirasida Suriya, Iroq va Afg‘onistonda og‘ir ahvolga tushib, chorasiz qolgan jami 438 nafar ayollar va bolalar olib kelingan edi.











