Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Akademik O‘tkir Rasulev vafot etdi
Fizikaviy elektronika sohasida jahonda tanilgan yirik olim, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi O‘tkir Rasulev 4 may kuni 82 yoshida vafot etdi.
O‘tkir Rasulevning vafoti munosabati bilan marhumning oila a'zolari va yaqinlariga O‘zbekiston Fanlar akademiyasi prezidiumi chuqur hamdardlik izhor etgan.
O‘tkir Rasulev 1939 yil Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1961 yilda O‘rta Osiyo universitetini tugatgan, O‘zbekiston FA Fizika-texnika (1962—67), Elektronika institutlarida (1967—69), SSSR FA Ioffe nomidagi Fizika-texnika institutida (1965-81 yillar) ishlagan. O‘zbekiston FA Elektronika instituti laboratoriya mudiri (1981 yildan) va direktori (1985 yildan).
Ilmiy ishlari fizik elektronika va qattiq jism sirti fizika kimyosi sohalariga oid. U emission elektronikaning yangi yo‘nalishi — ko‘p atomli molekulalarning qattiq jism sirti bilan o‘zaro ta'siri va bunday zarralarning sirtiy ionlanishini ochdi, organik va bioorganik birikmalar ionlanishining yangi uslubini topdi va bu hodisaning barcha qonuniyatlarini aniqladi.
O‘tkir Rasulev shogirdlari bilan birgalikda organik va bioorganik birikmalar, jumladan, ekologiya va atrof-muhitni nazorat qilish uchun zararli va zaharli, giyohvand va dorivor moddalarni qayd etuvchi, yuqori sezgirlikka va tanlash xususiyatiga ega sirt ionizatsion uslublar va asboblar, gaz xromatografiyasi uchun detektorlar, gaz analizatorlari, ionlarning harakatchanligi bo‘yicha ajratuvchi spektrometrlar va boshqa asboblar ishlab chiqdi.
U O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputati bo‘lgan (1995-99 yillar). «Shuhrat» medali (1994 yil) va «Mehnat shuhrati» ordeni (2003 yil) bilan mukofotlangan.