«Nega bunga yo‘l qo‘yildi?» - Jamoatchilik Toshkentda qizil bayroq ko‘tarilishi bo‘yicha rasmiylardan izoh so‘ramoqda
Bu voqeaga rasmiylardan reaksiya bo‘lmayotgani dahshatli, deydi olim Mubashshir Ahmad. Huquqshunos Xurshid Botirov esa bu bayroq nostalgiya uyg‘otishi emas, SSSRning jinoyatlarini eslatishi kerakligini aytmoqda.
1 may kuni Toshkentdagi Xalqlar do‘stligi maydonida, «G‘alaba qo‘shiqlari» konserti vaqtida SSSR bayrog‘i ko‘tarilgani o‘zbekistonliklar o‘rtasida ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.
Bir qator ziyolilar va ijtimoiy muloqot tarmog‘i foydalanuvchilari voqeadan xavotir bildirgan.
«Toshkentda qizil bayroq ko‘tarilishiga rasmiylardan reaksiya bo‘lmayotgani dahshatli» — Mubashshir Ahmad
Voqelikni xavotir bilan qarshi olganlardan biri – taniqli diniy ulamo Mubashshir Ahmad.
«1 may kuni Toshkentda SSSR bayrog‘i ko‘tarilganini ko‘rib, juda qattiq dahshatga tushdim.
Karantin bo‘lishiga qaramay, shuncha odam to‘plangan, bu bir tomoni, lekin shu tadbirda qizil bayroq ko‘tarilgani hammasidan o‘tib tushdi», – dedi ulamo Kun.uz muxbiri bilan suhbatda.
U SSSR bayrog‘i ko‘tarilishiga masalan, Boltiqbo‘yi respublikalari yoki umuman, mustaqil davlatchiligini hurmat qilgan biror mamlakatda yo‘l qo‘yilmasligini aytib o‘tdi.
«Poytaxtimizda qizil bayroq ko‘tarilishi juda qo‘rqinchli va dahshatli hodisa. Ammo bunga rasmiylardan hech kim reaksiya bildirmayotgani undan-da dahshatli.
Munosabatning ikkinchi muqobili – odamlarning e'tiroz bildirib namoyishlarga chiqishiga esa qonunlarimiz yo‘l qo‘ymaydi. Men qo‘rqyapman, qo‘rqyapmanki, bu kelajakda kattaroq voqealarga, qaytadan mustamlaka bo‘lishimizga debocha bo‘lmasin.
Ukraina va Gruziyaning ma'lum qismlari qanday egallab olinganini yaxshi bilasiz», – dedi Mubashshir Ahmad.
«Maydonda ittifoq bayrog‘ining hilpirashi – siyosiy nostalgiya» — Abdurahmon Tashanov
O‘zbekiston inson huquqlari «Ezgulik» jamiyati raisi Abdurahmon Tashanovning fikricha, so‘z erkinligi va demokratiya parvarishlanib boruvchi murakkab jarayon.
«Uni majoziy ma'noda qaqrab yotgan dashtga suv quyishga o‘xshatish mumkin. Suv bilan esa, avvalo, yovvoyi o‘tlar ko‘karadi. So‘z erkinligi jarayonida ham avvaliga radikallar, siyosiy ekstremistlar va psevdo-demokratlarning ovozi ko‘proq eshitiladi.
Toshkentning Xalqlar do‘stligi maydonida Rossiya Tashqi ishlar vazirligi, «Rossotrudnichestvo»ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi va Rossiya elchixonasi tomonidan tashkil qilingan «G‘alaba qo‘shiqlari» nomli konsert dasturi davomida sobiq SSSR bayrog‘ining hilpirashiga ham xuddi shu nuqtayi nazardan qarash mumkin.
Xayriyatki, jamoatchiligimiz orasida bu holat o‘ta keskin qarshilik bilan kutib olindi. Hatto siyosiy partiyalarimizdan biri uni provokatsiya o‘laroq baholab, bosh prokurordan nimadir qilishni talab qilmoqda. Bu yaxshi, albatta.
Holbuki, har qanday chaqiriq va mitinglar bilan tarix ortga qaytmaydi. Sovet ittifoqining mavqeyini qayta tiklashning o‘zi xomxayoldir. Ammo ana shu aksiyalar orqali Kremlning bir hovuch shovinistlari tilidagi tushovlargina yechiladi, shunisi yomon», – dedi Tashanov.
Huquq faoliga ko‘ra, sovet davrini qo‘msab qolish, maydonda o‘tmishning bayrog‘ini tiklashning sababi siyosiy maqsadlardan ko‘ra ko‘proq ijtimoiy-iqtisodiy istaklarga borib taqaladi. Ya'ni sobiq ittifoqning «jannatiy hayoti»ni qo‘msaguvchilarning ko‘pchiligi – og‘ir tirikchilik va korrupsiyadan bezgan odamlar.
«Men bu yerda qandaydir siyosiy strategiyani ko‘rmayapman. Ammo ana shu olomon ortida uni olovlantiruvchi ayrim toifalarning ham bo‘lishi mumkinligini unutmaslik kerak.
Siyosiy partiya talab qilganidek, bayroq ko‘targanlarga nisbatan huquqiy choralar ko‘rish masalasi biroz murakkabdir. Bayroqdorlar o‘z harakatlarini turlicha talqin qilishi mumkin va bu – demokratiya. Masalani siyosiylashtirish esa kutilmagan noxush vaziyatlarga olib kelishi mumkin.
Bu yerdagi yagona xato va uquvsizlik – hamma tadbirlarga ham birdek bag‘rikeng bo‘lmagan rasmiylarimizning ana shu xildagi tadbirlarga nisbatan xayrixohligidir. Niyati va maqsadi ayon bo‘lgan toifalarga sharoit yaratish meni hayratga soldi.
Lekin aytish kerakki, voqealar rivoji qanday kechishi aniq bo‘lmagan bu kabi aksiyalar olomon zehniyatida sobiq ittifoqqa qaytish nostalgiyasini qo‘zg‘atadi va bu yomondir.
Agar rasmiylarimizning bu ro‘yxushligi ortida shunchaki mas'uliyatsizlik emas, balki Kreml va uning katta siyosatdagi mavqeyiga nisbatan moyillik bo‘lsa, urdi xudo», – deya ta'kidladi «Ezgulik» jamiyati raisi.
«Milliyligimiz va davlatchiligimizni asrash, qo‘riqlash bilan bog‘liq omillar bo‘yicha hech qachon ikkilanmaylik» — Azamat Ziyo
O‘zFA Tarix instituti direktori, senator Azamat Ziyo ham voqelik yuzasidan fikrlarini bildirdi.
«Davlat tili bo‘ladimi, boshqa masalalarmi, tortishuvlar bo‘lishi tabiiy. Biroq bu milliy birligimiz sustlashdi, degani emas.
Shu bahona, yurtdoshlarimizga aytar so‘zimiz: talashaylik, tortishaylik, ammo bir masalada kelishib olaylik: milliyligimiz va davlatchiligimizni asrash, qo‘riqlash bilan bog‘liq omillar bo‘yicha hech qachon ikkilanmaylik», – deya yozdi u Facebook sahifasida.
«Davlatchiligimizga zid harakat» — Ulug‘bek Hamdam
Yozuvchi Ulug‘bek Hamdam Toshkentda qizil bayroq ko‘tarilishi haqida gapirarkan, fikrlarini O‘zbekiston mustaqilligi uchun juda uzoq va mashaqqatli yo‘l bosib o‘tilganidan boshladi.
«Qariyb 130 yil. Oqilgan qonlar ichlarga, yuraklarga to‘ldi. Ammo biz bu qonlarning qadriga yetadigan avlodni tarbiyalay oldikmi, o‘zimiz shunday bo‘lib yetishdikmi?.. Hamma gap mana shunda bo‘lib turibdi...
1 may kuni «Xalqlar do‘stligi» saroyi qarshisida begona bayroqlarning paydo bo‘lishini O‘zbekiston davlatchiligiga zid harakat sifatida qattiq qoralayman.
Men barcha xalqlar tinch-totuv yashashi tarafdoriman, lekin bu degani mustaqil bir yurtning ona maydonlaridan birida o‘tmishga aylangan imperiyaning bayroqlari hilpirashi mumkin, degani emas», – dedi u Kun.uz muxbiri bilan suhbatda.
«Xalqimizning eng qora kunlari timsoli bo‘lgan bayroqning yana poytaxtda hilpirashi – o‘ta darajada sharmandali holat» — Baxtiyor Shohnazar
«Biz farzandlarimizni mustaqil yurtning erkin farzandi sifatida tarbiyalashga harakat qilyapmiz. Ta'limda shunga intilyapmiz. Lekin poytaxtning qoq markazida qora kunlarimiz tamsili bo‘lgan bayroq ko‘tarilishi shuncha harakatlarimizga qarshi kurash degani-ku. Bu o‘ta darajada sharmandali.
Nega mas'ullar bunga yo‘l qo‘yib berdi? Nega bunga yo‘l qo‘yganlar hamon sukut saqlamoqda?
Ikkinchidan, hozir pandemiya davri. Tadbir suratlarida ishtirokchilarning ko‘pchiligi niqobsiz ekanini ko‘rish mumkin. Bu minglab, balki millionlab odamlar salomatligini xavf ostiga qo‘yishdir. Qani kuchaytirilgan karantin tartibi?» – deydi advokat va mustaqil jurnalist Baxtiyor Shohnazar.
«Bayroq odamlar ongiga ta'sir o‘tkazmaydi, deb o‘ylash kamida xato, bo‘lmasa ko‘rlikdir» — Xurshid Botirov
Huquqshunos Xurshid Botirov Twitter'dagi sahifasida sobiq SSSR bayrog‘i bugun tarixiy belgi emas, balki odamlar ongida SSSRni eslatuvchi, uni ulug‘lovchi siyosiy qurolga aylanayotgani haqida yozdi.
«Sobiq ittifoq bayrog‘i – imperializm g‘oyasi o‘tida SSSRni ulug‘lovchilarning bizga berayotgan signali. Mustaqillikning 30 yilligi arafasida bu voqea tahdid deb qaralmog‘i zarur.
Bayroq odamlar ongiga ta'sir o‘tkazmaydi, deb o‘ylash kamida xato, bo‘lmasa ko‘rlik. Hozir ham shu bayroqning ko‘tarilishi odamlarni ikkiga bo‘lyapti.
Sobiq qizil imperiya millionlab odamlarni qatag‘on qilgani, begunoh odamlar, xalqlarni surgunlik va ochlikka mahkum etgani va shu sabab begunoh odamlarning qoniga botganini aslo unutmasligimiz kerak.
Umuman, ongi va shuuri qul bo‘lmagan odamda bu bayroq SSSRning qilgan jinoyatlarini eslatishi kerak, nostalgiyani emas», – deb yozdi u.
***
Eslatib o‘tamiz, 1 may kungi konsertni Rossiya TIVning Rossotrudnichestvo agentligi o‘tkazgan bo‘lib, agentlik press-relizida tadbirni O‘zbekiston hukumati qo‘llab-quvvatlagani aytiladi.
O‘zbekiston Madaniyat vazirligi 3 may kuni bergan bayonotida vazirlik konsert dasturining O‘zbekistonda o‘tkazilishida hamkor ekani va «faqat sahnadagi jarayonlarga javobgarlikni o‘z zimmasiga olganini» bildirdi.
Kun.uz'ga hukumatdagi manbalar orqali yetib kelgan ma'lumotga ko‘ra, tadbir uchun O‘zbekiston hukumatidan rozilik olinishiga Rossiya Federatsiyasi xalq artisti Mixail Turetskiyning O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripovga yozgan xati asos bo‘lgan.
Kun.uz'dagi ma'lumotga ko‘ra, bosh vazir Abdulla Aripov tadbirni o‘tkazishga rozilik bildirib, uni tashkil etish ishlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha o‘rinbosari Aziz Abduhakimov boshchiligidagi qator mutasaddilarga topshiriq bergan.
«Taklifga rozilik berilsin. Madaniy tadbirni 2021 yil 1 may kuni Xalqlar do‘stligi san'at saroyining old maydonida sanitariya-epidemiologiya hamda jamoat xavfsizligi qoidalariga qat'iy rioya etgan holda tashkil etishingizni so‘rayman», – deya topshiriq bergan bosh vazir Madaniyat vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Toshkent shahar hokimligi va Milliy gvardiya rahbarlariga.
Ilyos Safarov tayyorladi.
Mavzuga oid
15:18
Lotereyaga yutuqqa chiqqan «Volga»ning sarguzashtlari – SSSRdagi eng shov-shuvli hodisa tarixi
15:06
Ukraina Kursk oblastida egallab olgan hududlarining 40 foizdan ortig‘ini yo‘qotdi - Reuters
00:35
«Yevropadagi istalgan nishonni yo‘q qila oladi» – Putin «Oreshnik» yaratuvchilari bilan uchrashdi
23:13 / 23.11.2024