O‘zbekiston | 20:48 / 26.05.2021
50338
3 daqiqa o‘qiladi

Paxtachida IIB xodimlari masjidda voyaga yetmagan bolani so‘roq qilishdi

Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyatidagi masjidlardan birida huquq-tartibot organlari xodimlari voyaga yetmagan bolani so‘roq qilayotgani aks etgan video tarqaldi.

Voqea 25 may kuni Samarqand viloyati Paxtachi tumanida joylashgan Ziyovuddin shaharchasidagi «Xo‘ja-Ziyovuddin» jome masjidida ro‘y bergan.

Videoda xodimlar voyaga yetmagan boladan kim bilan va qachon kelganini so‘rab, uning qo‘lidagi sumkani ochib tekshiradi. IIB xodimi boladan masjidda qanday dars o‘tkazilayotgani bo‘yicha ma'lumot olish uchun, savollar beradi. Videotasvirda shuningdek, tasvirga olayotgan shaxs va xodimlar tortishib qolgani ham aks etgan.

Samarqand viloyati ichki ishlar boshqarmasi holat bo‘yicha rasmiy munosabat bildirdi.

«Holat 2021 yil 25 may kuni Paxtachi tumanida sodir bo‘lgan. Shu kuni soat 20:30 lar atrofida Paxtachi tumani IIB xodimlari hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan Paxtachi tumani Ziyovuddin shaharchasida joylashgan «Xo‘ja-Ziyovuddin» jome masjidi ko‘zdan kechirilganida, maxsus diniy ma'lumotga ega bo‘lmagan X.A. ismli shaxs 11 nafar (5 nafari voyaga yetmagan) shaxslarga diniy tashkilot boshqaruvi markaziy organining ruxsatisiz, diniy ta'limotdan saboq berayotgani aniqlangan.

Holat yuzasidan X.A.ga nisbatan MJtK ning 241-moddasi bilan ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, kelgusida diniy ta'limotlardan saboq berish niyati bo‘lsa, maxsus diniy bilimlarni egallab, qonunlarga asosan, vakolatli diniy organlarning ruxsati asosida faoliyat ko‘rsatishi mumkinligi tushuntirilgan.

Ichki ishlar organlari hech kimning diniy bilim olishini cheklamaydi. Yurtimizda diniy bilim olish uchun barcha zaruriy sharoitlar yaratilgan. Faqatgina qonunchilikka asosan, belgilangan me'yorlarga amal qilish so‘raladi.

Shu o‘rinda, farzandlariga diniy bilimlarni o‘rgatmoqchi bo‘lgan ota-onalarga murojaat qilib, diniy ta'limotni maxsus diniy muassasalarda, malakali mutaxassislardan olishlarini so‘rab qolamiz», deyiladi munosabatda.

Biroq viloyat IIBning rasmiy munosabatida voyaga yetmagan bola nima uchun ota-onasi yoki vasiylari ishtirokisiz tergov, so‘roq qilingani, xolislar ishtirokisiz uning shaxsiy buyumlari tintuv qilingani xususida izoh berilmagan.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili IIV karantindan so‘ng bolalarning masjidlarda namoz o‘qishi uchun hech qanday taqiqlar bo‘lmasligini ma'lum qilgan edi.

Mavzuga oid