O‘zbekiston | 22:32 / 31.05.2021
7823
4 daqiqa o‘qiladi

Da'vo muddatiga amal qilinmagani uchun Oliy sud sobiq bojxonachilarni ishga tiklashni rad etdi

2021 yilning 26 aprel kuni Oliy sudda bir necha sobiq bojxonachilar – Hasan Samatov, Shuhrat Musayev va Maqsud Umarjonovni bojxona tizimiga qayta tiklashga oid ishlar ko‘rib chiqildi. Biroq bosh prokuror o‘rinbosarining ularning manfaatida kiritgan protesti qanoatlantirilmadi.

Sudlov hay'ati bunga Mehnat kodeksining 270-moddasida nazarda tutilgan normani, ya'ni sudga murojaat qilishning 1 oylik muddati o‘tkazib yuborilganini asos qilib keltirdi. Ya'ni JIB Surxondaryo viloyat sudining 2019 yil 25 dekabrdagi ajrimidan so‘ng ishga tiklash haqidagi talab bilan FIB Termiz tumanlararo sudiga bir oy ichida emas, 2020 yil 15 iyunda murojaat qilgani qayd etildi.

Shuningdek, takroriy kassatsiya instansiyasi Oliy sud tomonidan ishni avvalgi ko‘rishda muddat noto‘g‘ri hisoblanganini ta'kidladi. Ya'ni sudlov hay'ati da'vogarning da'vo talablariga nisbatan Mehnat kodeksining 270-moddasida belgilangan bir oylik muddatda murojaat qilishi lozimligini to‘g‘ri talqin qilgan bo‘lsa-da, da'vogar sud hukmiga asosan 2016 yil 3 may kuni sud zalidan qamoqdan ozod qilinganidan da'vo muddatini hisoblab, noto‘g‘ri xulosaga kelgan, deb topildi.

Yakunda takroriy kassatsiya ajrim chiqarib, Oliy sudning 2021 yil 5 fevraldagi avvalgi ajrimini o‘zgarishsiz qoldirdi.

Hasan Samatov FIB Termiz tumanlararo sudiga 2020 yil 15 iyunda murojaat qilgani rost ekanini tan oldi. Biroq u Shuhrat Musayev bilan birga aynan shu sudga xuddi shu mazmundagi ariza bilan 2020 yil 24 yanvarda ham murojaat qilganini, sud esa «da'vogar nizoni sudgacha hal qilish tartibiga rioya qilmagan» degan vaj bilan da'vo arizani ko‘rmasdan qoldirganini ma'lum qildi.

Panji Haydarovning xuddi shu sudga aynan shu sanada xuddi shu mazmunda bergan da'vo arizasi esa ushbu sud tomonidan ko‘rib chiqilib, 2020 yil 12 martdagi hal qiluv qarori bilan qanoatlantirilgan. Bu yerda ham bir maqolamizda aytilganidek, ikki xil standartga guvoh bo‘lishimiz mumkin.

Hasan Samatov va Shuhrat Musayev aslida Oliy sud ajrimida aytilgan 1 oylik muddatni o‘tkazib yuborishmagani tufayli ushbu holatni yangi ochilgan holat deb topib, shu asosga ko‘ra ishni qayta ko‘rish lozim, deb hisoblashmoqda va shu mazmunda Oliy sudga ariza ham taqdim etishgan. Maqsud Umarjonov esa sudga arizani keyinroq topshirgani tufayli 1 oylik muddatga ilinmasligiga ko‘zi yetib, kurashni to‘xtatgan.

Eslatib o‘tamiz, Kun.uz saytida e'lon qilingan maqolada soxta dalillar asosida tergov qilinib, tazyiq ostida yozdirib olingan bildirgilarga asosan ishdan bo‘shatilgan sobiq bojxonachilar sudda oqlanganlaridan so‘ng o‘z lavozimlariga qayta olmayotgani haqida so‘z yuritilgandi.

Keyinroq ish Oliy sudda kassatsiya tartibida takroran ko‘rib chiqilib, Oliy sud fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay'atining 2021 yil 26 aprel kungi ajrimiga asosan sobiq bojxonachilardan biri – Panji Haydarov ishi bo‘yicha bosh prokuror o‘rinbosarining protesti qanoatlantirilgandi.

Kun.uz holat bo‘yicha voqeliklarni yoritishda davom etadi.

Mavzuga oid