14:42 / 03.06.2021
4914

«Bolalarda tabiatan tabiatdagi o‘zgarishlarni o‘rganishga ishtiyoq bo‘ladi» – Tabiiy fanlar darsligi xalqaro eksperti bilan suhbat

Respublika ta'lim markazi ma'lumot berishicha, mamlakatimizda ilk bor joriy etilayotgan Tabiiy fanlar darsliklarining 1-sinflar uchun yaratilgan ilk namunasi tayyor bo‘ldi. Mazkur jarayonlarda ushbu fan darsliklarini yaratish bo‘yicha 20 yildan ortiq xalqaro tajribaga ega UNICEF konsultanti Filippa Gardon ham bevosita ishtirok etgan.

Respublika ta'lim markazi britaniyalik konsultant bilan O‘zbekistonda umumta'lim maktablariga ilk bor joriy etilayotgan tabiiy fanlarning ahamiyati va darslik yozish jarayonlari haqida suhbat tashkil etdi.

– Tabiiy fanlarni o‘qitish tajribasi haqida so‘zlab bersangiz?

– Men yaqinda Finlandiya tajribasi fenomenal dars berish degan metodni o‘qidim, ya'ni bu atrofingizda sodir bo‘layotgan hodisani o‘rgatish, degan yondashuv. Bog‘cha yoki maktab bolasi ham bugungi kunda pandemiya nima, kasallik nima, biladi. Chunki bu haqda ko‘p gapirilyapti. Bu esa fenomenal jihatdan tabiiy fanlarni o‘rgatish uchun yaxshi usul ekanligini anglatadi.

Biz yaratgan resurslarda bu masala inobatga olingan. Yaratilgan har bir dastur, darslik bo‘ladimi, bo‘limlarda bunga e'tibor qaratilgan. Masalan, quyi sinflarda bunday mavzular 1-2 ta bo‘lsa, yuqori sinflarda, ko‘payib, chuqurlashib boradi.

Bu bilimlarni o‘zlashtirish kelajakda ijtimoiy faollik, muloqot madaniyati va savol bera olish qobiliyatini rivojlantirishning asosiy elementlaridan biri. Va bu ko‘nikmalar o‘ylaymanki, o‘quvchilarga foyda keltiradi.

Bugun o‘qituvchilar yaratgan resurslar o‘quvchilarni rag‘batlantiradi. O‘zbekistonda ko‘p bolalar qishloqlarda tug‘ilib o‘sgan va tabiat bilan hamnafas bo‘lgan. Shuning uchun tabiatga nisbatan yaqin munosabatimiz bor.

– Yangi fan va standartlarni yaratishda siz nimalarga e'tibor qaratdingiz? Ushbu fan va yangi darslikning xususiyatlari haqida nimalar degan bo‘lardingiz?

– 1-sinf darsligi jonli-jonsiz narsalar haqida ma'lumot berishdan boshlanadi. Keyingi bob o‘simliklar, keyingisi esa – hayvonlar haqida. Va aynan shu yerdan biz tabiiy fanlarni o‘rgatishni boshlaymiz.

Dastlabki bo‘limdagi jonli-jonsiz narsalarni tasniflash bolalarda tabiatga muhabbat uyg‘otishga xizmat qiladi. Darslarni yozma, og‘zaki yoki suratlar bilan berishdan ko‘ra, o‘quvchilarni ochiq muhitga olib chiqishni targ‘ib qilamiz. Bu orqali o‘quvchilarda tabiatni kuzatish, o‘simlik yoki hayvonlarni tavsiflash, tasniflash va xulosa qilish ko‘nikmalarini shakllantiramiz.

Agar ular jonli-jonsiz narsalar o‘rtasidagi umumiy xususiyatlar nimaligini anglay olsalar, xulosa chiqara oladilar. Bolalarda tabiatga muhabbatni shakllantira olish asosiy maqsadlardan biri. Yangi va amaldagi darsliklarni solishtirsak, o‘rtadagi farq katta.

Hozir oldimizga qo‘yilgan alohida maqsad yangi dastur, standart, darsliklar bolalarda maxsus ko‘nikmalarni rivojlantirishi lozim.

– Yangi o‘quv yilidan boshlab biz yangi fanni o‘rgatishni boshlaymiz. Buni e'lon qilganimizda jamoatchilik shok holatiga tushdi. Dars soatlari qisqarishi va tabiiy fanlar o‘zi nima ekanligini tushuntirishimizni so‘rab murojaat qilishdi.

Tabiiy fan o‘zi nima ekanligini juda yaxshi biladigan odamlar ham bor, ular ijobiy fikr-mulohazalar ham bildiryapti. Lekin baribir norozilik bildirganlar ko‘pchilikni tashkil qiladi. Barcha rivojlangan davlatlar ta'lim tizimida tabiiy fanlar mavjud. Bu borada bizga qandaydir ko‘nikmalar kerak. Biz avvalo, tabiat tilini bilishimiz kerak. Bu ham qandaydir ko‘nikma. Va tabiiy savol tug‘iladiki, biz bularni o‘quvchilarda qanday shakllantiramiz?

Mazmunga yo‘naltirilgan ta'limdan, kompetensiyaga yo‘naltirilgan ta'limga ko‘chyapmiz. Bu borada qanday ko‘nikmalar rivojlanadi?

– Kompetensiyaga yo‘naltirilgan bu tajriba jahonda ilg‘or tajriba sifatida ko‘rilishi mumkin. Demokratik jamiyatda yashar ekansiz, hamma narsani sizga aytilganidek qilib olish noto‘g‘ri. Sizga berilgan ma'lumotlarga tanqidiy fikr bildira olish va savol bera olish kerak bo‘ladi.

Shuningdek, bu bolalarda dalillarga tayangan holda qarorlar qabul qilishga xizmat qilishi kerak. Masalan, tabiat bilan bog‘liq qarorlar, qanday avtomobil sotib olish kabilar. Agar ular iqlim o‘zgarishi haqida yaxshi bilsalar, avtomobil o‘rniga velosiped sotib olish kerakdir yoki jamoat transportidan foydalanish foydaliroq, degan xulosaga kela oladilar.

Ular odamlar odatda qanday qaror qabul qilishiga qarab emas, tanqidiy fikrlash orqali qaror qabul qiladilar.

Yana bir jihat – dalillarni tanqidiy ko‘rib chiqish. Iqlimning ifloslanishi va shunga o‘xshash masalalar ko‘p hollarda axborot bilan bog‘liq. Bolalar bu axborotni qabul qilar ekan, xo‘sh bu axborot qayerdan kelyapti, manbalar ishonchlimi, degan savolni bera olishlari va javob izlay olishlari, axborotlarni taqqoslay olishlari kerak.

Mening qo‘limda kitob turibdi, men uni qo‘limga olishim bilan motivatsiya his qildim. Bu yerdagi ranglar, dizayn o‘quvchida motivatsiya uyg‘otadi. Kitobni o‘rganib chiqishga rag‘bat uyg‘otadi. Bu esa ta'limning samaradorligida muhim omildir.

– Darslikda aynan nima o‘quvchida motivatsiya uyg‘ota oladi?

– Biz Tabiiy fanlar darsligini yaratayotganimiz uchun qaysidir ma'noda omadimiz kelgan. Chunki bolalarda tabiatan tabiatdagi o‘zgarishlarni o‘rganishga ishtiyoq mavjud. Aynan shu qiziqish asosida boblarni yaratamiz. Masalan, kecha-kunduzning o‘zgarishi, oy va yulduzlar, quyosh – bolalar bularni fansiz ham o‘rganishga harakat qiladi. Kitobni yaratgan jamoa, dizayner va mualliflarni ilg‘or jamoa deb aytgan bo‘lardim. Ular mutlaq foydali bo‘ladigan darslikni yaratishmoqda.

Ushbu darslikni o‘qiydigan bolalarning omadi kelgan, deb aytgan bo‘lardim. Fanni qandaydir imtihondan o‘tib olish uchun o‘rgangandan ko‘ra, haqiqiy qiziqish nuqtayi nazaridan o‘rganish anchayin samarali.

Endi bizda hozir o‘qituvchilar omili ham bor. Biz darsliklarni o‘zgartiryapmiz. Lekin biz o‘qituvchilarni ham o‘zgartirishimiz kerak.

Bizda avvaliga shunday savol bor ediki, darsliklarni o‘zgartirishimiz kerakmi yoki o‘qituvchilarnimi? Tan olish kerak, o‘qituvchilarni baholash uchun aniq standartlar yo‘q. Biroq darsliklarni baholashimiz mumkin.

– O‘qituvchilarga bu fanni o‘qitishlari uchun qanday tavsiyalar bergan bo‘lardingiz? Qandaydir alohida uslub, metod, strategiyalar bormi?

– O‘qituvchilar juda katta ishtiyoq bilan ishlashadi. Butun dunyoda ham, O‘zbekistonda ham. Boshqa tomondan, o‘ylaymanki, o‘qituvchilar ochiq fikrli bo‘lishi kerak. Bu jarayon, albatta, qiyin. Yangicha uslubda dars berishga moslashish oson emas. Biroq o‘quvchilarning fanni o‘zlashtirishga bo‘lgan motivatsiyasi, rag‘bati o‘qituvchilar uchun ham motivatsiya bo‘ladi. Nima bo‘lganda ham ularda katta tajriba bor. Darslik, dastur, dars ishlanmalari, o‘qituvchilar uchun yaratilayotgan metodologiya ularga juda ham katta yordam beradi.

O‘qituvchilar boshqa o‘qituvchilarga ustozlik qilishi kerak bo‘ladi. Ba'zilari bir-birining darsini kuzatib, nima kamchiliklari bor, nimaga ahamiyat berish kerakligini maslahatlashishlari, ba'zi o‘qituvchilar esa yillar davomida o‘z malakasini oshirib borishiga to‘g‘ri keladi. Albatta, o‘qituvchilar o‘zlariga o‘rgatilganidek o‘rgatishga moyil bo‘lishadi. Shuning uchun ham O‘zbekistonda o‘qituvchilarning malakasini oshirish tizimi yo‘lga qo‘yilganligi muhim, deb o‘ylayman.

21-asr ko‘nikmalari o‘ziga xos xususiyatlarga ega. Xususan, tanqidiy va ijodiy fikr yuritishda tabiiy fanlar juda muhim bo‘lib, bolalarda ushbu ko‘nikmalarning rivojlanishiga xizmat qiladi. Tabiiy fanlarni o‘zlashtirish orqali o‘quvchilar kelajakda yangi innovatsiyalarni kashf qilishlari mumkin.

– Darslikda zamonaviy ko‘nikmalarni o‘quvchilarda shakllantirishga xizmat qiladigan qanday alohida mavzular bor, bu yo‘nalishda jahon tajribasi qanday?

– Rivojlangan ta'lim tizimlarida, xususan, Finlandiyada ham o‘quvchilarni ijodkor bo‘lishga da'vat qiladilar. Ko‘p odamlar hayron qolishi mumkinki, tabiiy fanlarning ijodkorlikka qanday aloqasi bor? Bu aslida eng ko‘p ijodkorlikni talab qiladigan soha. O‘quvchilar qanday savol berishni o‘rganadilar, savollarga ilmiy javob berishni o‘rganadilar.

Masalan, Germaniyada energetika resurslarining yangi manbalarini ishlab chiqishda ham bolalarni yangi olimlar avlodini tarbiyalash orqali boriladi. Yangi narsalarni ixtiro qilishga bolalar yoshligidan tabiiy fanlar orqali tayyorgarlik qilib boradi.

Keyingi savolim, bizning jamoa bilan ishlash sizga qanday taassurot berdi?

– Biz hali ishimizni oxiriga yetkazmadik. Lekin ayta olamanki, men jarayondan maroq oldim. Jamoaning asosiy qismi o‘qituvchilar. O‘zlari qilayotgan ish haqida chuqur fikr-mulohaza yurita oladigan pedagoglar.

Biz doim qizg‘in muhokamalar ichida bo‘ldik. Ularning takliflarini eshitardim, mendan maslahat so‘rashardi va men ta'limga oid bir qancha ilmiy manbalarni o‘rganish orqali ularga javob qaytarishga harakat qilar edim. Biz juda ham maroq bilan ishladik. O‘rtamizda o‘zaro ishonch va hurmat bizga sifatli mahsulot ishlab chiqishimizda o‘rni katta bo‘ldi.

Biz odatda jamoani shakllantirishda o‘qituvchilarni jalb qilamiz. Bu bizga o‘quvchilarni tushunishga yordam beradi. Amaldagi ko‘p darsliklar zerikarli, chunki mualliflar o‘quvchilarni bilmaydi. Yaqinda bir muallif bilan gaplashdim. U oliy ta'limda ishlar ekan. Undan oxirgi marta maktabga qachon bordingiz, deb so‘radim. Qachon o‘quvchilar bilan o‘zingizning darsligingiz haqida gaplashdingiz?

 U javob bera olmadi. Bu juda ham katta muammo. Biz o‘qituvchilarni jalb qilish orqali boshqa o‘qituvchilarga imkoniyat yarata olamiz. Ularga akademik mustaqillik bera olamiz.

Biz UNICEF’dagi hamkasblarim bilan suhbat qilganda ham odatda salohiyatni oshirish haqida gaplashamiz. O‘qituvchilarning salohiyatini oshirish juda ham muhim. O‘zbekistonda darsliklarni yaratish jarayonida o‘qituvchilar bilan ishlash esa targ‘ibot vazifasini o‘taydi.

Bu darsliklarga nisbatan bizda shunday strategiya bor: o‘qituvchilar va o‘quvchilar uchun qo‘shimcha materiallarni ishlab chiqish. Men boshqa davlatlarda kutubxonaga kirganimda har bir fanga oid juda ko‘p kitoblar borligini ko‘rardim. Biroq bizda bu muammo. Ammo o‘ylaymanki, bugungi tajriba bizning kutubxonalarimizda ham ilmiy kitoblar sonining oshishiga xizmat qiladi.

Biz bolalar ularni o‘qimaydi, deb o‘ylaymiz. Biroq ular o‘qiy oladigan darajada qiziqarli zamonaviy qilib yaratsak, boshqa muqobil media ilovalarni ham joriy qilsak, ular, albatta, o‘qishadi. Xalqaro nashrlar bilan ishlash yaxshi, lekin o‘zbek mualliflari bilan ishlash yanada ko‘proq samara beradi.

– Sizning darslikka bahongiz qanday? Ilg‘or davlatlar tajribasi bilan o‘xshashliklar bormi?

– Umuman olganda darslik jahon standartlariga javob beradi. Lekin boshqa davlatlar bilan solishtirish noto‘g‘ri. Chunki bu darsliklar O‘zbekiston muhitidan kelib chiqib tayyorlandi. 

Top