15:34 / 09.06.2021
14454

O‘zbekiston va Tojikiston birgalikda avtomobil ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda 

O‘zbekiston va Tojikiston birgalikda avtomobil ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda. Tegishli bitim Boxtar (sobiq Qo‘rg‘ontepa) shahrida bo‘lib o‘tgan birinchi O‘zbekiston – Tojikiston hududlararo investitsiyaviy forum doirasida imzolandi.

Tadbirda Tojikiston bosh vaziri birinchi o‘rinbosari Davlatali Said, O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umrzoqov, ikki mamlakat vazirlik, idora, tarmoq birlashmalari, tijorat banklari, savdo-sanoat palatalari, chegaradosh viloyatlari rahbarlari, 300ga yaqin tadbirkor ishtirok etdi.

Forum yakunlari bo‘yicha Tojikiston hukumati huzuridagi Eksport agentligi bilan O‘zbekiston Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni rag‘batlantirish agentligi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida bitim imzolandi.

Bundan tashqari, avtomobil, transformator, maishiy texnika ishlab chiqarish, intensiv bog‘lar, issiqxona komplekslari, qishloq xo‘jaligi va meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlash bo‘yicha qo‘shma korxonalarni tashkil etish bo‘yicha bitimlar, shuningdek, bir qator savdo shartnomalari ham imzolangan.

Avvalroq, birinchi O‘zbekiston - Tojikiston hududlararo investitsiyaviy forumida 730 mln dollarlik hujjatlar imzolangani xabar berilgandi

Top