16:26 / 10.06.2021
12997

O‘zbekistonda kambag‘allik 1,4 foizga qisqargani aytildi

Respublikada kambag‘allik 12,8 foizdan 11,4 foizga qisqargani ma'lum qilindi.

10 iyun kuni Toshkentda parlament va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirokida o‘tkazilgan davra suhbatida kambag‘allikni qisqartirish masalasi muhokama qilindi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar berdi.

Ma'lum qilinishicha, tizimli ishlar bajarilib kelinayotgani natijasida kambag‘allik bugun 12,8 foizdan 11,4 foizga qisqargan.

Avvalroq, prezident Shavkat Mirziyoyev parlamentga qilgan murojaatida O‘zbekiston aholisining 12-15 foizi kambag‘al ekani, ularning umumiy soni 4,5-5 million nafarni tashkil etishini aytgan edi.

Shuningdek, yaqinda kambag‘allik chegarasini belgilash uchun aholining minimal iste'mol xarajatlari qiymati e'lon qilindi. Unga ko‘ra, mazkur chegara kishi boshiga oyiga 440 ming so‘mdan to‘g‘ri keladi. Bunda kam daromadli xonadonlarda oziq-ovqat, nooziq-ovqat va xizmatlar uchun qilingan xarajatlar miqdori hisobga olinadi. 

Top