Sport | 16:02 / 13.06.2021
74852
13 daqiqa o‘qiladi

To‘rt jamoa keyingi bosqichda, O‘zbekiston qiyin vaziyatda. So‘nggi tur oldidan kimda qanday imkoniyat?

11 iyun kuni JCh-2022 va Osiyo kubogi-2023 qo‘shma saralash bosqichi guruh o‘yinlari doirasidan o‘rin olgan 9-tur bahslari o‘tkazilgandi, 13 iyun kuni «H» guruhidagi Janubiy Koreya – Livan o‘yini bilan 10-tur bahslariga start berildi.

Yakuniy tur oldidan bir qator milliy jamoalar keyingi bosqich yo‘llanmasini qo‘lga kiritishga ulgurgan bo‘lsa, aksariyat guruhlarda barcha masala so‘nggi turda hal bo‘ladi. Shu jumladan, O‘zbekiston milliy jamoasining keyingi taqdiri ham. Xullas, so‘nggi tur oldidan yana matematikmiz.

«A» guruhi: Suriya Xitoyni ham keyingi bosqichga olib chiqadimi?

Dastlabki guruhda Suriya milliy jamoasi maksimal ochko yig‘gan – 7 o‘yinda 100 foizlik natija – 21 ochko jamg‘arib, muddatdan avval guruh g‘olibi sifatida hal qiluvchi 3-bosqichga yo‘llanma oldi.

Hali mag‘lubiyat tugul, durang ham qayd etmagan Nabil Maalul shogirdlari Birlashgan Arab Amirliklarida o‘tayotgan markazlashgan guruh o‘yinlarining so‘nggi turida Xitoyga qarshi rasmiyatchilik uchun maydonga tushib, chinlarni ham keyingi bosqichga olib chiqishi mumkin. Buning uchun guruhdagi g‘alabali seriyani buzishlariga to‘g‘ri keladi. Durang natija ham Li Te qo‘l ostidagi Xitoyni qolgan bahslar natijasidan qat'i nazar 2-o‘rin bilan pley-offga olib chiqadi.

«A» guruhi. 9-tur. 11 iyun (juma)

Filippin – Guam – 3:0

Xitoy – Maldiv orollari – 5:0

10-tur. 15 iyun (seshanba)

Maldiv orollari – Filippin

Xitoy – Suriya

«B» guruhi: Avstraliya keyingi bosqichda, Iordaniyani g‘alaba qutqarishi mumkin

Avstraliya milliy jamoasi ham Suriya va Yaponiya kabi 2-saralash bosqichida hali ochko yo‘qotgani yo‘q. «Kengurular» so‘nggi uch o‘yinda Kuvayt, Xitoy Taypeyi va Nepalni mag‘lub etib, 3-bosqich masalasini hal etishdi. Nepal ustidan g‘alaba esa yo‘llanmani naqd qildi.

Iordaniya milliy jamoasi Kuvayt bilan bahsda mezbonlarni mag‘lub eta olmagach, ahvolini yanada og‘irlashtirdi. Borkelmans shogirdlari 14 ochko bilan guruhda 2-o‘rinni egallab turgan bo‘lsa-da, eng yaxshi natijaga ega 2-o‘rinlar qatorida 8 ochko bilan beshlikdan tashqarida turibdi. Iordaniya so‘nggi hal qiluvchi o‘yinida Avstraliyani mag‘lub etsa, keyingi bosqichga chiqa olishi mumkin – o‘shanda ham o‘zidan yuqorida bo‘lgan 4 jamoadan kamida 2tasi ochko yo‘qotishi lozim. Durang qayd etgan taqdirda esa O‘zbekiston, BAA va Eronning so‘nggi turda mag‘lub bo‘lishini kutishiga to‘g‘ri keladi. Ammo Avstraliyaning saralash bosqichida hali mag‘lubiyat tugul, durang ham qayd etmaganini inobatga olsak, Iordaniyaning «missiya»si bajarib bo‘lmasdek ko‘rinmoqda.

«V» guruhi. 9-tur. 11 iyun (juma)

Nepal – Avstraliya– 0:3

Kuvayt – Iordaniya – 0:0

10-tur. 15 iyun (seshanba)

Iordaniya – Avstraliya

Xitoy Taypeyi – Kuvayt

«S» guruhi: Eron – Iroq «jangi» peshqadamni aniqlaydi

Bahraynda o‘tayotgan «S» guruhida ham vaziyat chigal. Peshqadam Iroq ham, Eron ham guruhda qolib ketishi mumkin. So‘nggi turda iroqliklar Hongkongni mag‘lub etgan, Eron esa autsayder Kamboja darvozasiga 10ta gol kiritgan bo‘lsa-da, guruhda deyarli hech narsa o‘zgarmadi. So‘nggi turdagi Eron – Iroq o‘yini vaziyatga oydinlik kiritadi. Bu ikki qo‘shni mamlakatning bosh jamoalari o‘rtasidagi qarama-qarshilik tarixidan kelib chiqsak, 10-turning eng markaziy bahsi shubhasiz aynan ushbu jamoalar o‘rtasida kechishini taxmin qilish mumkin.

Hozirgi holatda iroqliklarga ham, eronliklarga ham 2-o‘rin bilan guruhdan chiqa olmaslik xavfi saqlanib turibdi. G‘alaba ikki jamoaga ham yo‘llanmani taqdim etadi, durang esa Iroq foydasiga, forslarning zarariga ishlashi mumkin. Mag‘lubiyat Eron guruhda qolib ketishiga sabab bo‘lishi aniq, Iroq yutqazgan taqdirda esa 2-o‘rindagi jamoalar orasida 11 ochko bilan beshlikdan joy olishi mumkin – shunda ham Xitoy, O‘zbekiston va BAA jamoalaridan ikkitasining ochko yo‘qotishini kutadi.

«S» guruhi. 9-tur. 11 iyun (juma)

Hongkong – Iroq – 0:1

Gollar: Xi Xvang 11, avtogol.

Kamboja – Eron – 0:10

Gollar: Alirizo Jahonbaxsh 16, Shoja Xalilzoda 22, Mehdi Toremi 27, Rotana 32, Milod Muhammadi 58, Murtazo 63, Karim Ansarifard 77, Rizoi 80, Mehdi G‘oyedi 84, Rizoi 86.

10-tur. 15 iyun (seshanba)

Eron – Iroq 

Bahrayn – Hongkong

«D» guruhi: Yana matematikmiz...

Saudiya Arabistoni - O‘zbekiston o‘yinida g‘alaba milliy jamoamizga to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘llanma beradi, durang odatdagidek bizni yana matematikka aylantirib qo‘yadi. Mag‘lubiyat esa ahvolimizni yanada qiyinlashtiradi. Shunday ekan, durang va mag‘lub bo‘lgan taqdirdagi imkoniyatimizni tahlil qilsak.

O‘zbekiston Saudiya Arabistoni bilan durang qayd etgan taqdirda, keyingi bosqichga yo‘l olishi uchun:

- 2-o‘rinlar orasidagi Iordaniya guruhdan chiqib bo‘lgan Avstraliyani mag‘lub etmasligi lozim. Aks holda 11 ochko bilan bizdan yuqorida bo‘ladi;

Iordaniya Avstraliyani mag‘lub etgan taqdirda esa:

- 1-o‘rindagi Iroq Eronga mag‘lub bo‘lmasligi kerak. Aks holda 11 ochko bilan Iroq 2-o‘rinlar orasida bizdan yuqorida bo‘ladi;

- 1-o‘rindagi Vetnam BAAga mag‘lub bo‘lmasligi lozim. Aks holda Vetnam 11 ochko bilan 2-o‘rinlar orasida bizdan yuqorida bo‘ladi;

O‘zbekiston Saudiya Arabistoniga mag‘lub bo‘lgan taqdirda, keyingi bosqichga yo‘l olishi uchun:

- 2-o‘rinlar orasidagi Iordaniya guruhdan chiqib bo‘lgan Avstraliyaga mag‘lub bo‘lishi shart;

- 2-o‘rinlar orasidagi BAA 1-o‘rindagi Vetnamga mag‘lub bo‘lishi shart;

- 2-o‘rindagi Eron guruh peshqadami Iroqqa mag‘lub bo‘lishi shart;

Yana bir jihat ushbu bahslardagi to‘plar nisbatiga ham qarashga majbur bo‘lamiz. Shunda ham guruhimizdagi ikkinchi o‘yinda Yaman Falastinni mag‘lub etmasligi lozim. Aks holda Singapur so‘nggi 5-o‘ringa tushib qolib, bu jamoa darvozasiga kiritgan Yamandan ko‘ra bitta ortiq golimiz ham bekor bo‘ladi. Ya'ni O‘zbekiston Singapurni umumiy 8:1 hisobida mag‘lub etgan bo‘lsa, Yamanni ikki o‘yinda jami 6:0 hisobida taslim qilgan.

«D» guruhi. 9-tur. 11 iyun (juma)

Yaman – O‘zbekiston – 0:1

Gollar: Jaloliddin Masharipov, 19 penaltidan.

Singapur – Saudiya Arabistoni – 0:3

Gollar: Salim Ad-Dovsari 84, Fahad Al-Muvallad 87, Solih Ash-Shahri 90+6.

10-tur. 15 iyun (seshanba)

Saudiya Arabistoni – O‘zbekiston. 23:00    

Falastin – Yaman. 23:00.

«E» guruhi: Qatar Osiyo kubogi-2023da, Ummon deyarli keyingi bosqichda

Osiyoning amaldagi chempioni Qatar milliy jamoasi guruhda o‘tkazgan 8 o‘yindan 7tasini g‘alaba bilan yakunlab, guruhdan chiqish masalasini o‘tgan turdayoq hal etgandi. Bu mamlakat JCh-2022 mezboni ekani bois, 2-saralash bosqichida Osiyo kubogi-2023 yo‘llanmasini qo‘lga kiritish uchun ishtirok etdi, hal qiluvchi 3-saralash bosqichda esa qatarliklarni ko‘rmaymiz. 

Qatar KONKAKAF Oltin kubogida ishtirok etishi bois, guruh o‘yinlarini ertaroq ham yakunladi. Ikkinchi o‘rin egasi ham ma'lum – Ummon. Ushbu jamoa eng yaxshi natijaga ega 2-o‘rindagi jamoalar orasida 12 ochko bilan yo‘llanmani deyarli naqd qilgan. Branko Ivankovich shogirdlari so‘nggi turda autsayder Bangladeshga yirik hisobda mag‘lubiyatga uchramasa, 3-saralash bosqichiga yo‘llanma oladi.

«Ye» guruhi. 9-tur. 11 iyun (juma)

Afg‘oniston – Ummon – 1:2

10-tur. 15 iyun (seshanba)

Hindiston – Afg‘oniston 

Bangladesh – Ummon.

«F» guruhi: Yaponiya 3-bosqichda, Qirg‘iziston Tojikistonga imkoniyat yaratdi

Ikki qo‘shnimiz joy olgan «F» guruhi markazlashgan holda Yaponiyada davom ettirilmoqda. Kutilganidek, ushbu kvartetda Yaponiya milliy jamoasi muddatidan avval birinchi bo‘lib hal qiluvchi 3-saralash bosqichiga yo‘llanma olgan.

So‘nggi turda Qirg‘iziston Myanma ustidan 8:1 hisobida g‘olib bo‘lib, 2-o‘ringa chiqib olish bilan birga Myanmani so‘nggi o‘ringa ravona qildi. Bu esa hozircha 3-o‘ringa tushgan Tojikiston foydasiga ishlashi mumkin. Usmon Toshev murabbiyligidagi jamoa so‘nggi turda Myanmani mag‘lub etsa va Qirg‘iziston Yaponiyani mag‘lub eta olmasa, 2-o‘ringa ko‘tariladi. 5-o‘rindagi Myanma bilan o‘yinlardagi bir mag‘lubiyat va bir g‘alabasi bekor qilinsa-da, 10 ochko bilan 3-saralash bosqichiga yo‘llanma olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. O‘zbekiston, BAA, Eron milliy jamoalaridan ikkitasi mag‘lubiyatga uchrasa va Iordaniya Avstraliyani mag‘lub eta olmasa, Tojikiston hal qiluvchi bosqichga chiqish imkoniyatiga ega bo‘lishi mumkin. Usmon Toshev Tojikiston milliy jamoasidagi faoliyatini g‘alaba bilan yakunlashga intilishi aniq.

«F» guruhi. 9-tur. 11 iyun (juma)

Myanma – Qirg‘iziston – 1:8

Gollar: Bo Bo Xlaing 69 – Tursunali Rustamov 22, Guljigit Aliqulov 29, Farhod Musabekov 34, Alimardon Shukurov 45, Mirlan Murzayev 45+1, 61, 78, Abay Bokolayev 63.

10-tur. 15 iyun (seshanba)

Tojikiston – Myanma

Yaponiya – Qirg‘iziston.

«G» guruhi: Vetnam bir oyog‘i bilan keyingi bosqichda, BAA qiyin vaziyatda

Ushbu guruhda ham so‘nggi turdagi Vetnam va BAA o‘rtasidagi uchrashuv guruh g‘olibini aniqlab beradi. Vetnamliklarga durang ham kifoya, BAA esa vaziyatni og‘irlashtirmaslik uchun faqat g‘alaba qozonishi kerak. Durang qayd etilgan taqdirda hozirda eng yaxshi natijaga ega 2-o‘rindagi jamoalar orasida 5-o‘rinda bo‘lgan amirliklar uchun Eron Iroqni mag‘lub etmasligi, Iordaniya esa Avstraliyani yuta olmasligi lozim.

«G» guruhi. 9-tur. 11 iyun (juma)

Malayziya – Vetnam – 1:2

Indoneziya – BAA – 0:5

10-tur. 15 iyun (seshanba)

BAA – Vetnam

Tailand – Malayziya.

«H» guruhi: Janubiy Koreya 3-bosqichda, Livan kutishga majbur

So‘nggi guruh bo‘lmish «H» guruhida Shimoliy Koreya milliy jamoasining turnirdagi ishtirokini to‘xtatishi qolgan barcha guruhlardagi vaziyatga ta'sir etdi. Aynan KXDR saralash bosqichini tark etgach, FIFA barcha guruhlardagi so‘nggi 5-o‘rinni egallagan jamoalar bilan natijalar bekor qilinishi haqida qaror qilgandi.

Ushbu guruhda ham KXDR bilan o‘yin natijalari bekor qilingach, kutilmagan peshqadam bo‘lib turgan Turkmaniston 3-o‘ringa pastladi. Janubiy Koreya guruh g‘olibi sifatida 3-saralash bosqichi va Osiyo kubogi-2023ga yo‘llanma oldi. Livan esa Turkmaniston va Janubiy Koreyadan mag‘lub bo‘lgani tufayli, yo‘llanma taqdirini so‘nggi turgacha kutishga majbur. Livanliklar eng yaxshi natijaga ega 2-o‘rindagilar orasida 10 ochko va +3 to‘plar nisbati bilan 9 ochkoga ega 4-o‘rindagi O‘zbekistondan bir pog‘ona yuqorida turibdi. So‘nggi turda livanliklar O‘zbekiston, BAA, Eronning mag‘lubiyatini kutishadi. Durang ham bu jamoani qutqara olmaydi. Shuningdek, Iordaniya ham Avstraliyani mag‘lub etmasligi lozim. Aks holda Livan 3-saralash bosqich yo‘llanmasidan quruq qoladi.

«H» guruhi. 9-tur. 9 iyun (chorshanba)

Shri-Lanka – Janubiy Koreya – 0:5

Livan – Turkmaniston – 2:3

Gollar: Zafar Bobojonov 59, Guychmurod Annaguliyev 85, Altimurod Annadurdiyev 90 – Rabih Ataya 73, Saad 75.

10-tur. 13 iyun (yakshanba)

Janubiy Koreya – Livan – 2:1

Gollar: Min Gyu Song 61, Son Hyon Min 66 pen., - Hasan Al Saad 12.

Eng yaxshi natijaga ega bo‘lib turgan 2-o‘rindagi jamoalar reytingi:

Usmon Ibodov

Mavzuga oid