«Har kuni tongda bozorga boraman» - juydamlik Qahramon
Qo‘llari bilan pedal aylantirib, zanjirli uzatma vositasida aravachasini harakatlantirib kelayotgan bu matonatli insonning ismi Qahramon aka. U hayot qiyinchiliklariga sabr va bardosh ko‘rsatib kelayotgan chinakam qahramon.
Farg‘ona shahri ko‘chalarida serqatnov yo‘l chetida uch g‘ildirakli aravasini qo‘lda boshqarib ketayotgan insonga ko‘zingiz tushadi. Ko‘chada odamlar orasidan yaqqol ajralib turgan bu inson «Juydam» MFYda istiqomat qiluvchi Qahramon Ahmedov.
Uy darvozasini qoqqanimizda 10 yashar bolakay dadasi bozorga ketganini aytdi. Qahramon aka ko‘p kuttirmay aravasini yeldek uchirib kelib somsaxonada to‘xtadi...
Qahramon Ahmedov I guruh nogironi, ayoli Hafizaxon esa II guruh nogironi ekan. Oilada 2 o‘g‘il voyaga yetyapti. Katta o‘g‘il Ozodbek 8-chi, kichigi Abduqodir esa 4-sinfda tahsil oladi. Qahramonimiz o‘z hayoti, oilasi haqida gapirib berdi.
«1977 yilda tug‘ilganman. Har kuni sahar turib uydagi mol, tovuq va o‘rdaklarga yemish beraman. Kunlik dastlabki yumushim shundan boshlanadi.
Hovlidagi qoramolni xayriya qilishgan, baraka topishsin. Hammalariga ming rahmat. Bayramlarda va undan tashqari deyarli har kuni mahalla ahli, yaxshi insonlar oilamizga yordam berishadi.
Tug‘ma nogironman. Taqdirimdan esa aslo nolimayman. Agar uyda yolg‘iz qolsam paypaslanib bo‘lsa ham mustaqil o‘zim choy damlab icha olaman. Agar uyda ayolim bo‘lsa o‘zi choy damlab beradi».
Qahramonimizning uyida usta ishlayotgan ekan. U har kuni saharda, soat 5da turib bozorga boradi. Ustalarga ham aravachasida bozorlik qilib keltiradi.
«Uyga hammom quryapman. Qurilish mollarini ham ehson qilishyapti, baraka topishsin. Ustalar ham beminnat xizmat qilishyapti.
Katta yo‘llarda aravacha haydab yuraman. Salomat bo‘lishsin, haydovchilar meni ko‘rib yo‘l berib o‘tkazib yuborishadi. Ularni doim duo qilaman», — deydi u.
Qahramon aka aravasi 150 kilogacha yuk ko‘tara olishi haqida so‘zlab berdi.
«Bozorga bir kunda kamida ikki marta boraman. Kun isib ketmasidan soat 11larda ham bir marta borib kelaman. Aravacham 150 kilogacha yuk ko‘tara oladi. Uydan bozorgacha 30 daqiqa yo‘l yuraman. Bozor atrofidagi oshxonalarga kiraman. Ular men uchun po‘choq tayyorlab turishadi. Mol-hol uchun po‘choqni aravamga solib olib kelaman», — deydi u.
Qahramon akaning aravasi 16 yildan buyon unga beminnat xizmat qilib kelayotgan ekan.
«Qizil yarim oy jamiyatidan bu aravani olib berishgan edi. Aravam Xitoydan keltirilgan. Bolalarim mana shu aravaga chiqib bog‘chaga qatnashgan. Allohga shukr, katta o‘g‘lim bu yil 8-sinfda o‘qiyapti, kichigi esa 4-sinfda.
O‘zim o‘qimaganman. O‘qimaganimga yarasha farzandlarim o‘qib, yetuk inson bo‘lishini xohlayman.
Aravamni 16 yildan buyon haydab kelayotganim uchun ta'mirtalab holatga tushib qolgan. Aravam buzilib qolgan paytlari o‘g‘illarim uni tuzatib beradi».
U karantin paytdagi xotiralarini yodga oldi. Oilaga ko‘plab saxovatpesha insonlar tomonidan yordam ko‘rsatib turilgan.
«Karantin paytida ilojsizlikdan arava haydab bozorlarga borib keldim. Pandemiya vaqtida umuman notanish odamlar xayriya qilishdi.
Hovlimdagi yerni chopib, mevali daraxt o‘tqazib, ko‘chat ostiga kartoshka ham ekib berishdi. Yordam ham shunchalik bo‘ladi-da.
Hozirda bir muammo meni qiynab kelyapti. Hovlimning kadastr hujjatini qila olmayapman», — deydi Qahramon aka.
O‘ylaymizki, mutasaddi idoralar ushbu oilani qiynab turgan muammoni hal qilish uchun yordam qo‘lini cho‘zishadi.
Qahramon akaning ibratli hayot yo‘li har birimizga saboq bo‘ladi. U oyog‘ida mustaqil yura olmasa-da, aravacha yordamida bir kunda bir necha kilometr yo‘l yuradi. Yashash uchun kurashadi. Tirikchilik uchun xuddi sog‘lom odamlardek harakat qiladi. Eng muhimi — u hayotidan nolimay, yaratganga shukr qilib yashab kelyapti.
Sarvar Ziyayev,
Kun.uz muxbiri.
Mavzuga oid
17:54 / 17.12.2024
Farg‘ona viloyatida Umra ziyoratini noqonuniy tashkil etish bilan shug‘ullanganlar qo‘lga olindi
11:00 / 10.12.2024
“Jarrohning o‘z qabristoni bor” - kardiojarroh hikoyasi
23:01 / 27.11.2024
Farg‘onada 750 mln so‘mlik iPhone telefonlarining noqonuniy olib kirilishiga chek qo‘yildi
12:39 / 12.11.2024