O‘zbekiston | 22:31 / 14.06.2021
100371
3 daqiqa o‘qiladi

Tonirovka narxini kamaytirish bo‘yicha qaror loyihasi ishlab chiqildi

O‘zbekistonda rekord darajada issiq ob-havo kuzatilishi ortidan, avtomobillar oynalarini qoraytirish masalasi yana kun tartibiga chiqdi.

Prezident Administratsiyasi avtomobillar oynasini tonirovka qilish uchun ruxsatnoma narxini arzonlatishga oid qaror loyihasini ishlab chiqdi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligiga asoslanib, Oliy Majlis deputati Doniyor G‘aniyev ma'lum qildi.

«Yoz kelib, kunlar isishi bilan tonirovka masalasi kun tartibiga chiqadi. Joylarda fuqarolar, yoshlar bilan uchrashuvlarda, ijtimoiy tarmoqlarda aynan tonirovka bo‘yicha juda ko‘plab murojaatlar bo‘ladi.

Shu murojaatlardan kelib chiqib, hamkasbim Bahrom Rahmonaliyev bilan tonirovka narxini pasaytirish yuzasidan 2-3 xil takliflar tayyorlab, Vazirlar Mahkamasiga kiritishdan avval Ichki ishlar vazirligiga takliflarimizga munosabat bildirishlarini so‘rab, deputatlik so‘rovi yuborgandik.

Bugun Ichki ishlar vazirligidan so‘rovimizga javob kelibdi. Yomon tomoni, har doimgidek so‘rovga aniq javob yo‘q, takliflarimizga hech qanday munosabat bildirilmagan.

Yaxshi tomoni, javobda aytilishicha, tonirovka narxini kamaytirish yuzasidan Prezident Administratsiyasi tomonidan qaror loyihasi ishlab chiqilgan va bu loyihaga Ichki ishlar vazirligi tomonidan tegishli takliflar bildirilgan.

Demak, yaqin orada tonirovka masalasi bo‘yicha ijobiy o‘zgarish bo‘ladiganga o‘xshaydi. Avtomobil oynalarini qoraytirishga doir cheklovlar butkul bekor qilinishini kutmasam-da, lekin tonirovka uchun belgilangan narxlar sezilarli miqdorda pasayadi, deb umid qilaman», – deya yozdi Doniyor G‘aniyev Telegram'dagi kanalida.

Eslatib o‘tamiz, bu yil bahor oxiri va yozning ilk kunlari ancha jaziramali keldi. 31 may kuni mamlakatda 80 yillik harorat bo‘yicha mutlaq maksimum qayd etildi.

3–7 iyun kunlari esa Toshkentda uch asrning maksimum harorati kuzatildi.

Ayni paytda avtomobillarning orqa yon oynalari tusini o‘zgartirish (qoraytirish) ruxsatnomasi narxi jismoniy shaxslar uchun 5 BHM (1 225 000 so‘m) etib belgilangan.

Ham orqa, ham old yon oynalar tonirovkasi uchun esa 50 BHM (12 250 000 so‘m) narx saqlanib qolmoqda.

Shu yil fevral oyida IIV YHXBB ruxsatsiz «tonirovka» uchun jarima miqdorini kamaytirish masalasi ko‘rib chiqilayotganini ma'lum qilgandi. Eslatib o‘tamiz, ikki yil oldin avtomobil oynasini ruxsatsiz qoraytirganlik uchun jarima miqdori 25 baravarga (25–40 BHM) oshirilgan.

Mavzuga oid