Yangi davr va OAV sohasi: Ikki yillik farqli kayfiyat
OAV xodimlari kuni arafasida, sohaning so‘nggi ikki yildagi holati haqidagi mulohazalar – Kun.uz loyihasi rahbari kolonkasida.
Bu suratga ham roppa-rosa 2 yil bo‘libdi. Umr juda tez o‘tyapti. Kechagidek yodimda bu uchrashuv. Katta umidlar bilan qaytgandim uchrashuvdan. Umuman, bu tandemning AOKAda ish boshlashi va keyinchalik qilgan ishlarini yuqori baholayman. Hozir ham so‘z erkinligi uchun bevosita va bilvosita kurashib kelayotgan vatanparvar va zamonaviy insonlar deb bilaman ularni.
Xo‘sh, 2 yilda nima o‘zgardi? Qanchalik oldinga qadam tashlay oldik?
Shubhasiz, suratdagi insonlarning ko‘pchiligi kelajakka va OAV sohasiga ancha optimistik ruh bilan qarab turgan edi. Ayniqsa, bu sohaga prezident farzandi kelib qo‘shilishi qaysidir ma'noda prezidentning ham bu sohaga munosabatini ko‘rsatib berdi. Prezident bu munosabatni deyarli har oy turli tadbirlarda jurnalistlar bilan uchrashuvlarda qaytarib kelyapti. Ya'ni so‘z erkinligi kerak, jurnalistlar bizning do‘stimiz, orqaga emas, faqat oldinga yuramiz...
Hozir bizda, ya'ni ko‘proq tahliliy, tanqidiy maqolalar yozuvchi jurnalistlarda, media insonlarida kayfiyat qanday? 2 yil ichida bu sohada oldinga siljish qila oldikmi?
Ko‘p hamkasblarim hozir «yo‘q» degan javobni aytsa kerak. Ochig‘i, mening ham beradigan tezkor birinchi javobim – «Yo‘q, soha rivojlanmayapti, vaziyat ortga qarab ketishga moyildek». Haqiqatan ham hozir ko‘pchilikning kayfiyati yaxshi emas, ikkilanishlar, qo‘rquv, ilhom va g‘ayratning kamayishi... Barchasi ko‘plar qatori menda ham bor.
Balki shunga ham salkam bir yildan beri chetda yashab, ishlarni masofadan boshqarib turibman, kuni kecha deyarli 7 oy deganda yaqinlarni ko‘rish uchun Toshkentga uchib bordim va o‘z uyim, vatanimda o‘zimni «mehmondek» his qilib qaytdim. Ba'zi tashkilotlar meni «juda yaxshi kutib olishdi»...
Shu paytgacha biror marta chegarada meni to‘xtatishmagan. Bu safar esa kirishda ham, chiqishda ham «To‘xtab turing, o‘tirib turing, hozir, ana hozir, mana hozir»lar bilan 30-40 daqiqa ushlab qolishdi. Tushunaman, shu sohada ekanman, bu hali boshlanishi. Nima bo‘lganda ham Alloh yuzimizni yorug‘ qilsin, O‘zidan boshqa hech kimga muhtoj qilmasin.
Mayli, bularni qo‘ya turaylik... Qandaydir sabablarni, pozitiv nuqtalarni izlashga harakat qilib ko‘ray.
To‘g‘ri, qiyin, juda ham qiyin. Lekin bizga kim oson bo‘lishini va'da qilgan edi. Agar faqat pul topish, biznes bo‘lsa, dardimiz o‘yin-kulgi, mayda-chuyda mavzular, shou-biznes, futbol bilan cheklanib, 10-15 nafar jurnalist bilan ishlab, «soqqani bosib» o‘tirardik, lekin biz bu yo‘ldan ketmadik. Hozir jamoada 100ga yaqin xodim ishlaydi. Doimiy izlanishdamiz, deyarli har kuni turli mavzular, murojaatlar, muammo va tahlillar. Daromad esa faqat reklamadan. Alloh barakali qilsin. Ayrim saytlar kabi muammoli masala bo‘yicha murojaatga rasman shartnoma qilib, pul evaziga ishlab o‘tirmaymiz.
Xullas, mayli, nega xafa emas, xursand bo‘lishimiz kerak?
Prezident ko‘p tadbirlarda, anjumanlarda jurnalistlarni qo‘llab-quvvatlayapti. Masalan, ko‘p «akalar» yoqtirmasa ham, prezident muxbirlarimiz bilan tez-tez muloqot qilyapti, fikr almashyapti.
Internet saytlari ko‘payyapti, bir sayt ulgurmagan yoki cho‘chigan mavzuni boshqa sayt yorityapti, rang-baranglik paydo bo‘lyapti.
Davlat, ayniqsa ijro hokimiyati OAV bilan hisoblashishiga to‘g‘ri kelyapti, majbur bo‘lyapti.
Bosimlar ham ko‘payyapti, lekin buning ijobiy tarafi – demak, biz to‘g‘ri yo‘ldamiz. Yuqorida aytganimdek, ko‘pchilik qalami achchiq jurnalistlarning bugun kayfiyati yo‘qligi, qandaydir umidsizlik ham paydo bo‘la boshlagani bilan, lekin ishlashdan, izlanishdan to‘xtashmayapti, yozishyapti, birining ovozini o‘chirishsa, boshqasi gapiryapti...
Albatta, senzuraga harakat doim bo‘lgan, bo‘ladi ham. Lekin bu ishlashdan to‘xtash kerak degani emas. Mavzular kun sayin ko‘payyapti, keskin maqolalar ham ko‘p. Albatta, ayrim mavzularni ochiqdan ochiq yoza olmasmiz, lekin baribir o‘zgarishlarni e'tirof etish mumkin.
Bu – o‘tish davri, o‘zgarish davri. Amaldorlarning aksariyati hamon eskicha ishlayapti, qarashlari ham eskicha, bosim bilan, pul bilan, yoki yana boshqa yo‘l bilan OAV ovozini o‘chiraman deb o‘ylab yurganlar bor. Eskicha metodlar bilan ishlab, «dobro» bo‘lsa-yu, borib adabini berib kelsam», deb turgan akaxonlarimiz ko‘p. Lekin kundan kunga ularning safi kamayadi, hozir to‘g‘ri ish qilyapman deganlar, ertaga o‘zgarishga, yangicha ishlashga majbur bo‘ladi. Boshqa yo‘l yo‘q.
Biz esa sabr qilishda, ishlashda, harakatda Alloh qodir qilgancha davom etamiz.
Kuni kecha aeroport chegarasida to‘xtatgan xodimga aytgandim: «Men o‘z ishimni qilyapman, shuning uchun meni ushlab turibsiz». Jamiyatda hamma o‘z ishini halol va to‘g‘ri bajarishi lozim. «Akalar» davlat dushmanlarini tutsin, jazosini bersin, lekin mamlakatiga mehr-muhabbati bor, vatanparvar insonlarni dushmanga chiqarib, «papka semirtirish» bilan band bo‘lishmasin. Barchasi o‘tkinchi. Odamlarimiz o‘qimishli va boy bo‘lishsin.
P.S. Farzandlaringizga chet tillarini o‘qiting, o‘ziga va atrofiga manfaatli bo‘ladi.
Mavzuga oid
15:00 / 21.12.2024
Kun.uz'ning YouTube'dagi obunachilari soni 3 milliondan oshdi
15:08 / 13.12.2024
Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov iqtisodchi Otabek Bakirov ustidan huquq organlariga ariza berdi
21:49 / 12.12.2024
Avstraliya internet kompaniyalarni mahalliy OAV kontenti uchun pul to‘lashga majbur qiladi
16:05 / 16.11.2024