O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti qoshidagi akademik litsey, 2001 yilda Toshkent moliya institutini, 2004 yilda AQShdagi Georgia State universitetlarini tamomlagan hamda O‘zbekistonga IDP IELTS, CELTA, Pearson, Cambridge, Khan Academy loyihalarni olib kirgan, hozirda Edu-Action loyihasi, Cambridge International University va Cambridge International College asoschisi Umidjon Ishmuhammedov «Osmondagi bolalar» loyihasining 15-soni mehmoni bo‘ldi.
Suhbat yoshlar o‘zlari uchun kimni raqobatchi deb bilishi, chet elda o‘qishning afzalliklari, mustaqil yashashdagi qiyinchiliklar haqidagi foydali tavsiyalarga boy o‘tdi. Qolaversa, yoshlar bilan bir qatorda ota-onalar uchun ham suhbat davomida ilgari surilgan mavzular manfaatli bo‘la oladi.
Ish faoliyatimning boshlanishi
Amerikada Cambridge universitetini tamomlab, u yerda bir yil ishlaganman. 2008 yilda O‘zbekistonga qaytganman va shu yili uylandim. O‘zbekistonda birinchi o‘zim xohlagan auditor kompaniyada ishni boshlaganman. Bu kompaniya dunyodagi eng zo‘r 4ta kompaniya qatoriga kirardi. 2012 yilda xalqaro CPA sertifikatini Amerikaga borib olib kelganman. 2013 yilda xalqaro standartlarni banklar tizimiga kiritish, ya’ni bitta tugmachada avtomatlashtirish bo‘yicha loyiha paydo bo‘lgan. Bu 500 000 dollarlik loyiha bo‘lgan. Aynan shu ishni qilish uchun ishlayotgan kompaniyamdan bir yillik dam olish olganman. Loyihani bajarish mobaynida 2014 yil o‘zimning Edu-Action kompaniyamga asos solganman.
Cambridge International universitetining tashkil qilinishi
O‘quvchilarimiz IELTS imtihonidan past ball olib boshlaganida men muammo sababini izlagandim. O‘qituvchilarni o‘qitish muhimroq ekanini tushunganman. Cambridge universiteti bilan gaplashib, ularning o‘quv uslublarini olib kirganmiz. Ta’limda juda ko‘p litsenziyaga egaman. Lekin hammasini birdaniga qo‘llamayapman. Cambridge universitetining barcha kitoblariga litsenziya olganmiz. Yoshlarni endi o‘qitishni boshlaganimizda pandemiya boshlanib qoldi. Chet elda o‘qish imkoniyatlari yopilib qoldi. O‘quvchilarimiz menga endi nima qilamiz, chet elga borolmaymizmi, degan savollarni bera boshladi. Agar haqiqatan ham o‘qishni xohlayotgan bo‘lsangiz sizlar emas, universitetning o‘zi keladi dedim va Pearson’ning BTech loyihasini olib kirdik. U yerga 200 nafar bola kirdi. Ular 1 yil o‘qiganidan keyin o‘quvchilarning ko‘pchiligi o‘qishni O‘zbekistonda davom ettirish kerakligini aytdi. Bundan kelib chiqib, men oliy maqsadlarimdan biri bo‘lgan — Cambridge International universitetiga litsenziya oldim.














