O‘zbekiston | 19:58 / 28.06.2021
30852
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Markaziy Osiyo lideri maqomiga da'vo qiladimi? Abdulaziz Komilov javob berdi

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov “This Is America TV” televizion loyihasining O‘zbekistonga kelgan muallifi Dennis Vuliga intervyu berdi.

Videodan kadr

Intervyuda Abdulaziz Komilov amerikalik suhbatdoshning: “AQSh nima uchun Markaziy Osiyoga qiziqishi kerak?” degan savoliga javob qaytardi.

“Bilasizki, so‘nggi vaqtlarda Markaziy Osiyoda geosiyosiy jihatdan juda muhim o‘rin tutmoqda. Chunki Markaziy Osiyo – Xitoy, Rossiya, Hindiston va Pokiston kabi yirik mintaqaviy o‘yinchilar uchun qiziqarli hudud. Ikkinchidan, bizda ko‘plab tabiiy resurslar bor. Shuningdek, bu yer – Sharq va G‘arb o‘rtasidagi chorraha hisoblanadi.

Qolaversa, biz Afg‘oniston tarafdan terrorizm va ekstremizm kabi xavflarga yuzlashmoqdamiz. Bu kabi barcha muammolar faqatgina sof xalqaro hamkorlik doirasida hal qilinishi mumkin.

Albatta, Markaziy Osiyoda ko‘plab qudratli kuchlarning o‘z shaxsiy manfaatlari ham bor. Shuning uchun, biz hozirgi kunda Markaziy Osiyo muhim geosiyosiy markaz bo‘lib qolganini ta'kidlaymiz”, – dedi vazir.

Komilov O‘zbekistonning qo‘shni davlatlar bilan siyosati haqida ham to‘xtaldi.

“E'tibor bergan bo‘lsangiz, bizning tashqi siyosatimizda ustuvor yo‘nalish qo‘shnilarimiz bilan konstruktiv va do‘stona munosabat hamda yaqin hamkorlik qilishga beriladi.

[...] Bir tarafda bizda Markaziy Osiyoning markazi bo‘lish kabi noyob pozitsiyamiz bo‘lsa, yana bir tarafdan qo‘shni davlatlarning barchasi bilan alohida hal qilinishi kerak bo‘lgan ko‘plab muammolar bor. So‘nggi uch yilda biz mintaqada suv taqsimoti, energiya resurslari, chegaralarni aniqlashtirish kabi ko‘plab murakkab va nozik muammolarni yecha oldik.

Biz hozir Markaziy Osiyoda yangi siyosiy muhitni yarata oldik. Prezident Mirziyoyev doimiy ravishda Markaziy Osiyo rahbarlari sammitini o‘tkazib borishni taklif qildi. Biz bularning bir nechtasini o‘tkazdik, balki keyingisi Turkmanistonda bo‘lishi mumkin”, – dedi Abdulaziz Komilov.

O‘zbekiston Markaziy Osiyo mintaqasining lideri maqomiga da'vo qiladimi? Dastur muallifining navbatdagi savoli shunday yangradi.

“Bilasizmi, biz o‘z zimmamizdagi mas'uliyatni anglaymiz. Biroq mintaqada alohida mavqedagi o‘yinchiga yoki lider mamlakatga aylanish istagimiz yo‘q.

Shu bilan birga, mintaqadagi vaziyatni yaxshilash, xavfsizlikni kuchaytirish bo‘yicha o‘z tashabbuslarimiz ham bor. Bir nechta misollarni aytib o‘taman. 2018 yilda prezident Mirziyoyev Afg‘oniston masalasida xalqaro konferensiya o‘tkazish tashabbusini bildirdi. Vazirlar ishtirokida o‘tgan bu konferensiya Afg‘onistonda tinchlikka erishish jarayonlarini tezlashtirishda muhim ahamiyat kasb etdi, shuningdek, Afg‘oniston atrofida yangi siyosiy jarayonlarni yuzaga keltirdi.

Shu nuqtayi nazardan, biz qo‘shnilarimiz bilan o‘zaro teng va do‘stona munosabatlar qurishni xohlaymiz. Chunki bizning umumiy jihatlarimiz ko‘p: biz gaplashadigan tillar bir oilaga kiradi, dinimiz ham, daryolarimiz ham bir. Umumiy energoresurslar va transport kommunikatsiyalaridan foydalanamiz. Shulardan kelib chiqilsa, Markaziy Osiyo – takrorlanmas o‘ziga xoslikka ega mintaqa”, – deya javob qildi O‘zbekiston TIV rahbari.

“Chegaralarni ochdingizlar. Keyingi qadam qanaqa bo‘ladi?” – so‘radi Dennis Vuli.

“Biz chegaralarni ochdik. Keyingi bosqich – qo‘shnilarimiz bilan siyosiy, iqtisodiy va xavfsizlik sohalarida hamkorlikka mustahkamlash. Shuningdek, kun tartibimizda hali hal etilmagan ba'zi muammolarimiz bor. Bu boradagi muzokaralarni davom ettiramiz, faqat yaxshiroq shart-sharoitlarda: bu muzokaralar o‘zaro ishonch, tushunish va do‘stlikka asoslanadi”, – dedi Abdulaziz Komilov.

Mavzuga oid

E`lonlar