TikTok'dagi axloqsiz harakatlar uchun qanday javobgarlik bor?
Tarixiy siymolar haykallari poyida noma'qul videolar olib tarqatayotgan tiktokerlar prezident tanqidiga uchradi. Shavkat Mirziyoyev bunday harakatlar uchun tegishli javobgarlik belgilashni taklif qildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 30 iyun kuni O‘zbekiston yoshlari bilan uchrashib, o‘z nutqida ijtimoiy tarmoqlarda shuhrat qozonish uchun nomunosib harakatlar qilayotgan yoshlar bo‘yicha ham to‘xtaldi.
Davlat rahbari ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xunuk voqealar, ya'ni joylardagi Alisher Navoiy, Amir Temur, Motamsaro ona haykallari yonida ayrim tarbiyasiz yoshlar tomonidan sodir etilgan noma'qul harakatlardan nihoyatda ranjiganini bildirdi.
“Kerak bo‘lsa, xalqimizning muqaddas qadriyatlari, timsollari va tabarruk qadamjolariga bepisand munosabatda bo‘ladigan kimsalarga nisbatan jazo choralarini yanada kuchaytiramiz. Bunday buzg‘unchi ishlarning oldini bugun olmasak, ertaga kech bo‘ladi.
Tariximizga, Navoiy bobomizga, Motamsaro onamizga tosh otishga hech kimning haqqi yo‘q. Nega bunday harakat qilganlarga jamoatchilik keskin munosabat bildirmayapti?! Bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik uchun javobgarlikni kuchaytirish kerak”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Ma'lumot uchun, 2020 yilning 7 aprelida bir guruh yoshlar poytaxtdagi Amir Temur haykalidan koronavirus qachon ketishini so‘ragani uchun, 2021 yil 10 may kuni ikki yigit Samarqand shahridagi Alisher Navoiy haykali oldida Alisher Navoiy shaxsiga nisbatan haqoratli so‘zlar ishlatgani uchun 15 sutkadan qamoq jazosiga tortilgandi.
2 iyun kuni esa olmaliqlik qiz “Ona va bola” haykali ustiga chiqib, odobsiz xatti-harakatlar qilgani tufayli unga nisbatan chora ko‘rilishi ma'lum qilingandi.
Bundan tashqari, Amir Temur haykali oldida yoshlar tomonidan boshqa noma'qul harakatlar qilgan holda suratga tushish holatlari ham kuzatilib, jamoatchilik e'tirozlariga sabab bo‘lgandi.
Ayni paytda ushbu xatti-harakatlar uchun qanday javobgarlik belgilangan?
Bunday harakatlar Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik) bilan malakalanyapti.
Ushbu moddaga ko‘ra, mayda bezorilik – jamoat joylarida uyatli so‘zlar bilan so‘kinish, fuqarolarga haqoratomuz shilqimlik qilish hamda jamoat tartibini va fuqarolarning osoyishtaligini buzuvchi shu va boshqa xatti-harakatlar orqali jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimaslik harakatlarida namoyon bo‘ladi.
Mayda bezorilik uchun ikki turdagi jazo nazarda tutilgan: BHMning 3 baravaridan 5 baravarigacha miqdorda jarima yoki 15 sutkagacha muddatga ma'muriy qamoq.
Milliy qadriyatlar va tarixiy obidalarni masxaralash uchun alohida javobgarlik kiritilishi mumkin
Fikrimizcha, prezident taklifi bilan yuqoridagi harakatlar uchun javobgarlik kuchaytiriladigan bo‘lsa, bu ikki xil ssenariyda kechishi mumkin.
Birinchisi, O‘zbekistonning milliy qadriyatlariga, tarixiy obidalariga, tarixiy shaxslariga va ularning siymolariga nisbatan axloqsiz munosabatda bo‘lish harakatlari uchun ma'muriy javobgarlik alohida modda bilan belgilanadi va moddada ushbu huquqbuzarlikka qaysi harakatlar kirishi batafsil bayon etilishi mumkin.
Shuningdek, moddaning sanksiyasida 183-moddadagi amaldagi jazolarga nisbatan og‘irroq jazolar belgilanishi mumkin.
Ikkinchi yo‘l – kodeksga yangi modda kiritmasdan, 183-moddaning o‘zini yangi tahrirda ishlab chiqish va ma'muriy javobgarlikka sabab bo‘luvchi xatti-harakatlar qamrovini aniq belgilash; shuningdek, sanksiyadagi jazolarni og‘irrog‘iga o‘zgartirish. Ehtimol, prezident tanqidiga uchragan xatti-harakatlar uchun moddaning “to‘ridan” (ikkinchi qismidan) joy ajratiladi.
Agarda jazolar kuchaytiriladigan bo‘lsa, bizningcha, milliy qadriyatlarga nisbatan axloqsizlik uchun alohida jazolar nazarda tutiladi. Ya'ni, ushbu turdagi huquqbuzarliklar uchun balandroq jarima va qat'iy 15 sutkalik qamoq jazosi nazarda tutilishi mumkin. Zero, 29-moddadagi cheklov tufayli ma'muriy qamoqda 15 sutkadan ko‘proq miqdor belgilanishi mumkin emas.
Abbos Salaydinov
Mavzuga oid
21:15 / 22.12.2024
Albaniyada 14 yoshli o‘smirning o‘limi sabab TikTokʼdan foydalanish taqiqlanadi
20:34 / 17.12.2024
TikTok ustidan tergov boshlandi, u Ruminiyadagi saylovga aralashgan bo‘lishi mumkin
22:52 / 14.12.2024
TikTok AQShda yana bir sudda yutqazdi - platforma tez orada taqiqlanishi mumkin
13:27 / 14.12.2024