Jahon | 19:31 / 10.07.2021
6275
2 daqiqa o‘qiladi

AQShning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Zalmay Xalilzod O‘zbekistonga keladi

Xalilzod Qatar va Pokistonga ham tashrif buyurishi rejalashtirilgan.

Zalmay Xalilzod tashrif doirasida “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” xalqaro konferensiyasida ishtirok etadi.

AQShning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Zalmay Xalilzod xorijiy safarini boshladi. U safar doirasida O‘zbekistonga tashrif buyurib, “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” xalqaro konferensiyasida ishtirok etadi. Bu haqda AQSh davlat departamenti xabar qildi.

"Toshkentda maxsus vakil Xalilzod mintaqaviy bog‘liqlik bo‘yicha O‘zbekiston hukumati tomonidan tashkillashtirilayotgan xalqaro konferensiyada ishtirok etadi", - deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, Xalilzod Qatar va Pokistonga ham tashrif buyurishi rejalashtirilgani ma'lum qilingan.

2 iyul kuni Pentagon matbuot kotibi Jon Kirbi AQSh O‘zbekiston va Tojikiston hamda mintaqadagi boshqa mamlakatlar bilan kelgusidagi harbiy hamkorlik masalasini muhokama qilayotganini aytgan. O‘zbekistonda Amerika harbiy bazasi tiklanishi ehtimoli haqida esa bu borada hozircha hech qanday qaror qabul qilinmaganini bildirgan.

Avvalroq Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” xalqaro konferensiyasida ishtirok etish uchun O‘zbekistonga kelishi xabar qilingandi. Konferensiya 15-16 iyul kunlari bo‘lib o‘tadi.

Konferensiya ishida O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Afg‘oniston Islom Respublikasi prezidenti Ashraf G‘ani, Pokiston Islom Respublikasi bosh vaziri Imron Xon, Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari, boshqa xorijiy davlatlarning tashqi ishlar vazirlari va yuqori darajadagi vakillari ishtirok etishi rejalashtirilgan.

Mavzuga oid