Asakadagi atrof-muhitga ziyon yetkazayotgan sement zavodi qachon yopiladi?

Andijon viloyatining Asaka tumani Axtachi sanoat zonasidagi «SING LIDA» MChJga qarashli sement zavodi atrof-muhitga katta zarar yetkazayotgani mavzusi so‘nggi to‘rt yil mobaynida ommaviy axbort vositalarida ko‘p bor ko‘tarib chiqildi.
Biroq sement zavodiga tanqidlar, ekologiya qo‘mitasi tekshiruvlari ta'sir qilmadi. Axtachi sement zavodining tik quvurlaridan oldin qanday burqsib chang ko‘tarilayotgan bo‘lsa hozir ham shunday chiqib turibdi.
2013 yilda ish boshlagan bu zavodda dastlab trubalardan hozirgidek o‘ta katta miqdorda tutun chiqmas edi. Mamlakatda jadal qurilish ishlari boshlangach, zavodning ishlab chiqarish quvvati oshib, tutuni falakni tutdi. 2015-2016 yillardan atrofdagi aholi va boshqa tadbirkorlar ushbu xavotirli holat bo‘yicha turli tashkilotlarga murojaat qila boshlashadi.
Asaka tomon o‘tsangiz, ushbu zavod hudud atmosferani bulg‘ab, atrof-muhitga juda katta zarar yetkazayotganiga guvoh bo‘lasiz.
Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza davlat qo‘mitasi tomonidan o‘tgan 2020 yil 12-21 fevral kunlari Andijon viloyati Asaka tumanida joylashgan ushbu sement zavodi faoliyatida tabiatni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanishga oid qonun va me'yoriy-huquqiy hujjatlar talablari ijrosining ta'minlanishi yuzasidan tekshirish o‘tkazilgan.
Tekshirishlar davomida O‘zbekiston Respublikasining «Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida» va «Atmosfera havosini muhofaza qilish to‘g‘risida»gi qonunlari talablari buzilgani aniqlangan.
Korxona rahbariyatiga aniqlangan kamchiliklarni tezkorlik bilan bartaraf etish, atrof-muhitga tashlanadigan ifloslantiruvchi moddalarni kamaytirish maqsadida jamiyat balansida mavjud bo‘lgan, bugungi kunda ekologik talablarga javob bermaydigan holatda ishlab turgan klinker tayyorlash pechi va sement tayyorlash tegirmoni uskunalarining faoliyati vaqtincha to‘xtatish va bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berilgani e'lon qilingan.
2019 yili zavod Xo‘jaobod tumani hududiga ko‘chirilishi e'lon qilingan va Imom ota qishlog‘ida qurilish boshlangani haqida xabarlar berilgan edi.
Biroq mazkur sement zavodi hozirgi kunda ham bor quvvati bilan ishlab kelmoqda va atrof-muhitga katta zarar yetkazyapti. Mahalliy aholi ayni paytda sement zavodi kunning qorong‘i qismida yanada katta kuch bilan ishlayotganini aytmoqda.
Andijon viloyat ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi tomonidan 13 iyul kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida Kun.uz muxbiri boshqarma boshlig‘i Azizbek Akbarovga sement zavodi ayni kunda ham havoni zararlab ishlab kelayotgani, bu holat qachongacha davom etishi borasida savol berdi.
«Mazkur zavod viloyatdagi eng katta miqdorda sement ishlab chiqaradigan korxona hisoblanadi. Zavodni ishga tushirish chog‘ida ular Xitoy texnologiyasidagi ekologlar tili bilan aytganda «paypoqchali chang-gaz tutish» uskunasini o‘rnatishgan. Bu – zavodning katta xatosi edi. Chunki, zavod eski, ayni paytda foydalanilmay qo‘yilgan uskuna o‘rnatgan edi. Filtr issiqda kuyib ishdan chiqib qolaverdi.
Ayni paytda viloyatda juda katta qurilish loyihalari amalga oshirilyapti. Tsement zarur. Holatni yaxshilash uchun ko‘p bora tekshirishlar o‘tkazdik. O‘sha «paypoqchali» uskunalarning yangi rusumdagilarini olib keltirmoqchi bo‘ldik. Imkoniyati bo‘lmadi.
Qo‘mita bilan birgalikda ish olib borib, rejalashtirib shunga erishdikki, «SING LIDA» MChJ Xo‘jaobod tumani Xidirsha qishlog‘ida yangi zavod qurdi. O‘sha zavodga borib, aynan o‘zimizning soha bo‘yicha qiziqib ko‘rdim. Yangi zavodda tutun chiqadigan quvurlarga zamonaviy filtr qo‘yilyapti. Mazkur qurilma laboratoriya kompyuteri orqali nazorat qilinib, unda qaysi bir modda qay darajada tozalanib chiqayotganini avtomatik tarzda ko‘rib turish imkoniyati bor.
Havoni ifloslantirmaydigan yangi zavod shu yilning sentabr oyida ishga tushishi rejalashtirilgan. Biz «SING LIDA» MChJ rahbarlari bilan kelishib oldik – yangi zavod ishga tushgan kuni Axtachidagi zavod faoliyati to‘xtatiladi. Xomashyo tayyorlaydigan, tosh maydalaydigan uskunalar ishlashi mumkin, lekin kuydirish pechlari to‘xtaydi.
Nega ekologiya boshqarmasi shu paytgacha tabiatga katta zarar yetkazayotgan zavodni to‘xtata olmagani haqidagi savolga javob bersam. Mazkur korxonada 500-600 nafar ishchi ishlab oilasini boqadi. Biz mana shu jihatlarga ham e'tibor berganmiz», deydi Akbarov.
Mutasaddining va'da berishicha, sement zavod shu yil sentabr oyida butunlay yopiladi. Besh yil chidagan Asaka va Andijon tumani aholisi yana biroz vaqt chang va g‘uborli havodan nafas olib turadilar...
Elmurod Ermatov
Tavsiya etamiz
“Sirtqi ta’lim yopilsa, hech narsa yo‘qotmaymiz” – mutaxassislar bilan suhbat
O‘zbekiston | 15:26 / 19.05.2025
Trampni siylagan arablar, muzlatilgan savdo urushi va amalga oshmagan “duel” - Geosiyosiy hafta tahlili
Jahon | 16:04 / 17.05.2025
Tahdid va tarix haqida va’z: Istanbul muzokaralarida nimalar deyishdi?
Jahon | 13:33 / 17.05.2025
Haydovchilar uchun qator yengilliklar e’lon qilindi
O‘zbekiston | 18:04 / 16.05.2025
So‘nggi yangiliklar
-
YeI Rossiya nefti narxini 50 dollargacha tushirishni taklif qilmoqda
Jahon | 11:46
-
Tojikistondan kontrabanda qilingan narkotik moddalar to‘xtatib qolindi
Jamiyat | 11:27
-
AQSh «ixtiyoriy deportatsiya» dasturi bo‘yicha dastlabki migrantlarni chiqarib yubordi
Jahon | 11:15
-
Britaniya, Fransiya va Kanada Isroilga «aniq choralar» bilan tahdid qildi
Jahon | 10:39
Mavzuga oid

11:59 / 06.02.2025
13 yoshli qizga shilqimlik qilgan er-xotin ishi bo‘yicha protest kiritildi - Bosh prokuratura

18:30 / 04.02.2025
38 yoshli erkak 13 yoshli qizga ko‘z olaytirdi: Asakadagi bahsli nomus ishi tafsilotlari

22:04 / 03.02.2025
Asakalik 13 yoshli qizga qilingan shilqimlik holatini prokuratura tekshirmoqda

17:19 / 03.02.2025