O‘zbekiston | 19:11 / 16.07.2021
17152
3 daqiqa o‘qiladi

Chovusho‘g‘li turk harbiylari Kobulda qolishini tasdiqladi

Turkiya TIV rahbari Mavlud Chovusho‘g‘li turk harbiylari Kobuldagi xalqaro aeroport xavfsizligini ta'minlash uchun qolishini ma'lum qildi.

Foto: Anvar Ilyosov / Dunyo AA

Toshkentda davom etayotgan xalqaro konferensiyada Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlud Chovusho‘g‘li mamlakatlarni qadimiy Buyuk ipak yo‘li bo‘ylab transport koridorlarini qayta tiklash orqali hamkorlikni chuqurlashtirishga chaqirdi.

Chovusho‘g‘li hududdagi xavf va tahdidlarga qarshi birgalikda kurashish samarali ekanligini ta'kidladi. Shuningdek, u turk harbiylari koalitsiya kuchlari Afg‘onistondan chiqib ketgach ham qolishiga urg‘u berib o‘tdi.

«Turkiya Afg‘oniston, Ozarboyjon, Gruziya, Eron va Pokiston ishtirokida uch tomonlama muloqot mexanizmini olg‘a surib, mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishga intiladi. Rasmiy Anqara birodar afg‘on xalqi manfaatlari uchun Kobuldagi xalqaro aeroportning xavfsizligini ta'minlash va boshqarish tayyor», dedi Turkiya tashqi ishlar vaziri.

Shuningdek, Turkiya tashqi ishlar vaziri konferensiya doirasida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan, Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani bilan, AQShning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Zalmay Xalilzod bilan, Afg‘oniston tashqi ishlar vaziri Muhammad Hanif Atmar va boshqa ko‘plab xorijiy davlatlar rasmiylari bilan uchrashdi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning may oyi oxirlarida AQSh va Turkiya prezidentlari Jo Bayden va Rajab Toyyib Erdo‘g‘an NATOning Afg‘onistondagi missiyasi yakunlanganidan so‘ng turk harbiylari Kobul aeroporti xavfsizligini ta'minlashi bo‘yicha kelishuvga erishgandi.

Iyun oyi o‘rtalarida Erdo‘g‘an Turkiya AQShning moliyaviy ko‘magida Afg‘onistondagi harbiy kontingentini saqlab qolishga tayyorligini bildirdi.

Shundan so‘ng, «Tolibon» harakati Turkiya harbiylarining Afg‘onistonda bo‘lishiga keskin qarshi chiqishini bildirib bayonot berdi.

«Turkiya rahbarlarining Qo‘shma Shtatlar iltimosi va qaroriga muvofiq mamlakatimizga qarshi tajovuzni davom ettirishini e'lon qilishi bizda nafrat va dushmanlik uyg‘otadi hamda ikki tomonlama munosabatlarga putur yetkazadi. Afg‘onistonda mamlakat nomidan qat'iy nazar, xorij kuchlarining bo‘lishi tajovuz hisoblanadi va ularga nisbatan Afg‘onistonning bir yarim ming nafar ulamosi bergan fatvo asosida munosabatda bo‘linadi», — deyiladi harakat bayonotida.

Rasmiy Anqara esa bu muammoni «Tolibon» bilan muzokaralarda bartaraf etish mumkinligi va ushbu missiya toliblarga qarshi emas, balki faqat aeroport xavfsizligini ta'minlashgagina qaratilganini ta'kidlamoqda. Shuningdek, prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘an ham bu haqda bir qarorga kelib bo‘linganini bildirdi.

Mavzuga oid