O‘zbekiston | 23:26 / 16.07.2021
74307
8 daqiqa o‘qiladi

Hayit namozi o‘qilmaydigan bo‘ldi. O‘rniga uyda Zuho namozi o‘qish tavsiya etildi

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi koronavirus bilan bog‘liq vaziyatdan kelib chiqib, fatvo e'lon qildi. Unga ko‘ra, Qurbon hayiti namozi bekor qilindi, o‘rniga uyda Zuho namozini o‘qish tavsiya etildi. Shuningdek, juma namozlari ham to‘xtatilmoqda. Quyida fatvo matni to‘liq holda keltirib o‘tiladi.

Bismillahir Rohmanir Rohiym,

Muhtaram mo‘min-musulmon birodarlar, aziz yurtdoshlar! 

Jahon ommaviy axborot vositalari tarqatayotgan xabarlarga ko‘ra, qariyb bir yarim yildan beri insoniyatga sinov, imtihon bo‘lib kelgan vabo – koronavirus pandemiyasi uchinchi, ayrim mamlakatlarda to‘rtinchi to‘lqin tarzida namoyon bo‘lmoqda. Allohga shukrki, o‘tgan yili hukumatimiz va O‘zbekiston musulmonlari idorasi amalga oshirgan qator chora-tadbirlar sabab ushbu kasallikning oqibatlari birmuncha yengil kechdi. Ammo bu yilgi yoz chillasi kirib kelishi bilan virusning tarqalishi yana avj oldi.      

Dinimizda insonning joni, e'tiqodi, aqli, moli va obro‘sini saqlash muhim asoslardan biridir. Ularga zarar yetadigan holatlarda shariat o‘z talablarini insoniyatga yengillatadi.

Mamlakatimizda kasallikning keng yoyilib ketishi oldini olish, uning asoratlarini yengillatish bo‘yicha katta hajmdagi ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Jamoat joylarida to‘planmaslik, yirik tantana va tadbirlar o‘tkazmaslik, niqob taqish, o‘zaro masofa saqlash va vaksina olish bo‘yicha chora-tadbirlar shular jumlasidandir.

COVID-19 vabosi asosan, havo-tomchi, qo‘l berib so‘rashish kabi holatlarda yuqadi. Shunday ekan, jamoa bo‘lib to‘planish holatlari ushbu xatarli virusning tarqalishiga asosiy sabab bo‘lmoqda. Alloh taolo Qur'oni karimda shunday marhamat qiladi:

“O‘zingizni halokatga duchor qilmang. Ehson qiling, albatta Alloh ehson qiluvchilarni xush ko‘radir” (Baqara surasi, 195-oyat).

Bu oyatda mo‘min-musulmonlar halokatga sabab bo‘ladigan ishlardan tiyilishga buyurilgan.

Abu Sa'id al-Xudriy raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam:

“Islom dinida zarar berish va zarar ko‘rish ham yo‘q” deganlar.

Demak, hadisi sharifda inson o‘ziga yoki o‘zgalarga zarar keltiradigan sabablardan uzoq bo‘lishga buyurilgan.

Mo‘tabar fiqhiy kitoblarimizda:

“Zararni daf qilish foydani jalb qilishdan oldinga qo‘yiladi”; ya'ni: “Qiyinchilik yengillatishni jalb qiladi” kabi fiqhiy qoidalar keltirilgan. Shulardan kelib chiqib, shariat inson hayotiga zarar yetish ehtimoli kuchaygan paytda o‘z talablarini yengillatadi va odamlarga bir qancha ruxsatlar beradi.

Shariatimiz ko‘rsatmalariga binoan, favqulodda vaziyatlar yuz berganda, masalan, qattiq yomg‘ir, izg‘irin sovuq bo‘lganda masjid jamoatiga chiqmaslik uzr hisoblanadi. Bunga quyidagi hadis dalil bo‘ladi:

Abdulloh Ibn Horis raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Ibn Abbos raziyallohu anhu qattiq yomg‘ir yoqqan kunda muazzinlariga: “Ashhadu alla ilaha illalloh”, “Ashhadu anna Muhammadan rasululloh”ni aytganingizdan keyin “Hayya 'alas solah”(namozga kelinglar)ni aytmang, balki (sollu fiy buyutikum)“uyingizda namoz o‘qinglar” deb ayting”, – dedilar. Shunda ba'zi odamlar bundan norozi bo‘lishdi. U zot: bu gapimdan ajablandingizmi? Vaholanki, bu narsani mendan ko‘ra yaxshiroq Zot (ya'ni, Rasululloh) qilganlar. Albatta, jamoat namozi qat'iy hukmdir, lekin men sizlarning uylaringizdan chiqib, loy va balchiqlarni bosib yurishingizni xush ko‘rmayman” dedilar (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari). 

Hadisi sharifda vabo chiqqan joyga kirmaslik, agar o‘sha yerda bo‘lsa, u yerdan chiqib ketmaslik buyurilgan. Bu – kasallikning oldini olishning eng yaxshi chorasidir. Buning ustiga, jamoat joylari va boshqa katta tadbirlarda bu virusning tarqalish ehtimoli katta bo‘ladi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi quyidagi fatvoni e'lon qiladi:

1. Qurbon hayiti namozida katta jamoat bir joyda jamlanishini inobatga olib, pandemiya yanada avj olmasligi, vabo oqibatlarini yumshatish maqsadida shu kuni iyd namozi ado etilmaydi, o‘rniga uyda Zuho namozini o‘qish tavsiya etiladi.

2. Juma namozlaridan (yuqoridagi sabablarga ko‘ra vaqtincha o‘qilmaydi) boshqa namozlar barcha karantin talablariga rioya qilgan, ya'ni niqob taqqan va oraliq masofani saqlagan holda, masjidlarning ochiq sahnlarida ado etiladi. Masjidlarda qo‘l berib yoki quchoqlashib ko‘rishish qat'iyan ta'qiqlanadi.

3. Isitma, yo‘tal kabi kasallik alomatlarini o‘zida his qilganlar, keksalar va kichik yoshdagi bolalarga jamoat namozlarida ishtirok etish tavsiya etilmaydi.

4. Yoshi ulug‘ keksalar va bemorlar holidan xabar olish hamda hayit bilan tabriklash va boshqa milliy urf-odatlar bilan bog‘liq an'analarni aloqa vositalari orqali amalga oshirib turish tavsiya etiladi.

5. Janoza namozlari vafot etganning yaqin qarindoshlari ishtirokida, xonadonlarda o‘qiladi. Marhumlarning haqlariga qilinadigan duoi fotihalarni qat'iy ravishda yurtdoshlarimiz o‘z xonadonlarida, oila davrasida bajarsinlar, fotihagarchiliklarga borishdan hamda o‘tganlarning qabrlarini ziyorat qilishdan saqlanib tursinlar.

6. Mo‘min-musulmonlar imkon qadar kasallik tarqalishining oldini olish maqsadida qurbonlik go‘shti ehsonlarini tarqatishda karantin talablariga qat'iy rioya etsinlar.

7. Pandemiya vaziyatida oziq-ovqat, dori-darmon va boshqa zarur vositalarning narxini oshirish, bozorlar va do‘konlarda sun'iy ravishda taqchillikni yuzaga keltirish hamda aholi o‘rtasida turli vahimali xabarlarni tarqatish shar'an haromdir.

8. Vaksina olmaslik, uning tarkibi to‘g‘risida bo‘lmag‘ur gaplarni tarqatish durust emas. Davlatimiz barcha talablarga javob beruvchi vaksinalar vositasida ommaviy ravishda emlash ishlarini amalga oshirayotgan ekan,barcha yurtdoshlarimiz o‘zlarini va oila a'zolarini, shifokorlar bilan kelishgan holda, emlatishlari maqsadga muvofiq bo‘ladi.

9. Ehtiyojmandlar, nogironligi borlar, vaqtincha ishsizlarga ehson ko‘rsatishning ayniqsa ushbu kunlar va oylarda savobi ulug‘dir. Xayriya va ehson tadbirlarini “Vaqf” jamg‘armasi orqali yoki bevosita amalga oshirish tavsiya etiladi.

10. O‘zbekiston musulmonlari idorasi, uning viloyatlardagi vakilliklari xodimlari va imom-xatiblar ushbu fatvo mazmun-mohiyati bo‘yicha aholining keng qatlamlari orasida batafsil tushuntirish ishlarini amalga oshirsinlar.

Alloh taolo ushbu kasallikni tez kunlarda bartaraf etishini hamda xalqimizning hayoti tinchlik va osoyishtalikda davom etishini Yaratgandan iltijo qilib qolamiz!

 O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi

Mavzuga oid