O‘zbekiston | 20:59 / 16.07.2021
20554
5 daqiqa o‘qiladi

Inson omili sabab quriyotgan Zarafshon daryosi: bunga mas'ul organ topilmayapti

Zarafshon daryosi karerlar faoliyati sabab qurib borayotgani haqidagi savolga javoban, O‘rmon qo‘mitasi bu masalada Ekologiya qo‘mitasiga xat chiqargani, lekin javob olmaganini bildirdi. Ekoqo‘m esa bu yolg‘onligini aytib, mas'uliyatni “Xavfsiz daryo” DUK zimmasiga yukladi.

Kecha, 15 iyul kuni O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi matbuot anjumani o‘tkazdi. Anjumanda Kun.uz muxbiri Zarafshon daryosida suv kamayishi oqibatida milliy tabiat bog‘i o‘simliklari jiddiy zarar ko‘rayotgani, bunga daryo atrofida qurilgan karerlar faoliyati ham sababligi haqida savol berdi.

Karer – foydali qazilma va qum-shag‘alni ochiq usulda qazib oladigan korxona.

Qo‘mita yetakchi mutaxassisi Sobir Berdiyevga ko‘ra, Zarafshon milliy bog‘i avval davlat qo‘riqxonasi hisoblangan, ammo aholi xonadonlari o‘sha hududga juda yaqin joylashgani sabab va odamlar qo‘riqxonaga zarar yetkazavergach, milliy tabiat bog‘iga aylantirilgan.

“Rostan ham hududda qurilgan karerlar faoliyati natijasida Zarafshon daryosi suvi sathi kamayib boryapti. Buning oqibatida milliy tabiat bog‘idagi o‘simliklar qurib boryapti.

Biz o‘tgan yili shu hududdagi karerlar faoliyatini to‘xtatish bo‘yicha karerlarning o‘ziga va Ekologiya qo‘mitasiga bir necha marta xat chiqarganmiz. Lekin qo‘mitadan bu bo‘yicha bizga hozircha javob kelmagan.

Agar o‘sha hududlardagi karerlar faoliyati to‘xtatilsa, bu hududning hayvonot va o‘simlik dunyosiga katta foyda bo‘lardi. Ammo biz karerlar qonun bilan ishlayotgani uchun ularga chora ko‘rolmaymiz”, – dedi u.

Qo‘mita boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Oybek Eshimov esa daryo muhofazasi viloyat hokimligi zimmasida ekani, uning qirg‘oqlari atrofidagi qazish ishlariga ruxsat Ekoqo‘mita tomonidan berilishi haqida gapirdi.

“Zarafshon daryosi bizning milliy tabiat bog‘i yonidan o‘tgan. U bizga emas, viloyat hokimligiga qaraydi. Biz daryoda qazish ishlari olib borilishi bo‘yicha hech kimga ruxsat bermaymiz. Bunga Ekologiya qo‘mitasi ruxsat bergan”, – dedi Oybek Eshimov.

Kun.uz muxbiri ayni masalada Davlat ekologiya qo‘mitasi vakillari bilan ham bog‘landi. Qo‘mita vakili Sevara Davlatova O‘rmon xo‘jaligi qo‘mitasining ayblovlarini rad etib, O‘rmonqo‘m yuborgan xatga Ekoqo‘m o‘tgan yili tegishlicha javob xati yuborganini ma'lum qildi.

“Biz yuborgan javob xatida Zarafshon milliy tabiat bog‘i bilan daryo o‘zani orasidagi masofalarda Favqulodda vaziyatlar vazirligi huzuridagi “Xavfsiz daryo” DUK tomonidan tadbirkorlik sub'yektlariga, yer maydonlari shartnoma asosida ajratilayotgani ma'lum qilingan hamda savollar bilan aynan “Xavfsiz daryo” DUKga murojaat qilish mumkinligi aytilgan”, – dedi Davlatova.

Ayni paytda Kun.uz ixtiyorida har ikkala qo‘mita bir-biriga yuborgan xatlar nusxasi bor. Bu esa O‘rmon xo‘jaligi qo‘mitasi jamoatchilikka yolg‘on ma'lumot tarqatganini ko‘rsatmoqda.

Xulosa qilib aytganda, ikkala qo‘mita ham Zarafshon daryosida suv kamayib borayotgani, bunga daryo atrofida qurilgan karerlar faoliyati ham sababligi yuzasidan javobgarlikni zimmasiga olishni istamayapti.

O‘rmon xo‘jaligi qo‘mitasi mas'uliyatni Ekologiya qo‘mitasiga, ekologlar esa «Xavfsiz daryo» DUKga qoldiryapti.

Qo‘mitalar o‘zaro aybdorni izlayotgan bu vaqtda, Zarafshon daryosi va uning atrofidagi milliy tabiat bog‘i hududidagi ahvol yil sayin og‘irlashib bormoqda.

Muammo mohiyati haqida o‘tgan oyda Kun.uz e'lon qilgan maqolada batafsil tanishishingiz mumkin:

O‘ylaymizki, o‘z yo‘lidagi necha-necha go‘shalarni obod qilib turgan Zarafshon daryosi va tabiat mo‘jizasi – Zarafshon milliy bog‘i butkul qurib bitmasdan turib, tabiat uchun chindan jon kuydiruvchi tashkilot topiladi.

Biz boshqa idoralar, xususan Oliy Majlis va Samarqand viloyati deputatlarini ham bu masalaga befarq bo‘lmaslikka chaqiramiz.

Ilyos Safarov

Mavzuga oid