Afg‘onistondagi urushning davom etishi etnik va diniy bo‘linishga olib kelishi mumkin - Siyosiy fanlar doktori
«Tolibon» Afg‘oniston bo‘ylab o‘z nazoratidagi hududlar sonini oshirib borishi qo‘shni davlatlarni hushyor torttirmoqda.
Ayni kunlarga kelib harakat Afg‘onistonda so‘nggi 20 yillikdagi eng ko‘p hududlarni o‘z nazoratiga olgan.
Afg‘onistonda «Tolibon» ta'sirining ortib borishi Markaziy Osiyo xususan, O‘zbekiston uchun nimani anglatadi? Unga tahdid deb qarash kerakmi yoki aksincha?
G‘arb kuchlarining ketishi ortidan Afg‘onistonda qanday o‘zgarishlar kuzatilishi mumkin? Prezident Ashraf G‘anining «Tolibon»ni uch oyda yengish va'dasi qanchalik haqiqatga yaqin?
Kun.uz muxbiri mavzu bo‘yicha Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti professori, siyosiy fanlar doktori Abdusamat Haydarov bilan intervyu uyushtirdi.
— «Tolibon» harakati haqida fikrlaringiz hamda bugun uning ortida qanday kuchlar turibdi?
— Ma'lumki, «Tolibon» harakati 1990-yillarning boshlarida Pokistonda tashkil topgan va 1996 yilda Kobulda hokimiyatni qo‘lga kiritgandan so‘ng Pokiston, Saudiya Arabistoni va BAA tomonidan tan olingan. Xalqaro siyosatshunoslarning fikricha, o‘sha paytda «Tolibon» asosiy yordamni Pokiston va ayrim musulmon davlatlarning xususiy fondlaridan oldi. Afg‘oniston hukumati 2002 yildan beri Pokistonni toliblarni qo‘llab-quvvatlaganlikda ayblab kelmoqda. Hozirda vaziyat shunday rivojlanmoqdaki, Afg‘oniston siyosiy maydonidagi barcha tashqi o‘yinchilar, shu jumladan Pokiston ham muzokara jarayonini boshlashdan va urushni to‘xtatish uchun mojaroning har ikki tomoniga kerakli yordamni ko‘rsatishdan manfaatdor.
— Afg‘onistonda «Tolibon» harakati ta'sirining ortib borishiga Markaziy Osiyo davlatlari, xususan, biz uchun tahdid deb qarash kerakmi?
— Ilgari Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan O‘zbekistonda Afg‘onistonga nisbatan xavfsizlikka tahdid omili sifatida qarash mavjud edi. Ammo hozirgi kunda bu mamlakatni strategik imkoniyatlar manbai va qo‘shni sherik davlat sifatida e'tirof etmoqdamiz. Hozirgi kunda «Tolibon» harakati xalqaro hamjamiyat tomonidan ham afg‘on jamiyatining bir bo‘lagi sifatida tan olinmoqda. Shu nuqtai nazardan kelajakda afg‘onlararo muzokaralar yangi hukumat tashkil etilishiga yo‘l ochib beradi. Bu esa tahdidlar ko‘lamining kamayishiga, shu jumladan, terrorizm, narkobiznes va noqonuniy qurol-yarog‘ savdosi aylanishiga qarshi kurashish imkoniyatini yaratib beradi.
— 2001 yilda AQSh boshchiligidagi koalitsiya kuchlari kelishidan avvalgi va hozirgi Afg‘onistonning harbiy, siyosiy, ijtimoiy holatini qanday baholaysiz? Koalitsiyaning erishgan yutuqlari nimalardan iborat, deb hisoblaysiz?
— 2001 yilgacha «Tolibon» hokimiyati paytida Afg‘onistonda ijtimoiy-iqtisodiy holat murakkab edi va bu harakat boshqaruvi xalqaro hamjamiyat tomonidan keskin tanqidga duch kelgandi. 2001 yilda AQSh boshchiligidagi koalitsiya kuchlari kirib kelishi bilan Afg‘onistonda davlatchilikning demokratik usullari qaror topa boshladi. Xususan, Afg‘onistonda o‘tish hukumati tashkil etilib, unda turli etnik ozchilik guruhlari va ayollar huquqlari hamda manfaatlari hisobga olina boshlandi. Eng asosiysi, Afg‘onistondan «Al Qoida» singari xalqaro terroristik kuchlar chekina boshladi. Buni xalqaro koalitsiyaning erishgan yutuqlari sifatida baholashimiz mumkin. Afsuski, hozirda rasmiy Kobul hukumati va «Tolibon» harakati o‘rtasida kechayotgan jang harakatlari Afg‘oniston harbiy, ijtimoiy-siyosiy vaziyatiga salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda. Shu nuqtai nazardan, Afg‘onistondagi hozirgi ijtimoiy-siyosiy vaziyatni keskin deb baholash mumkin.
— Yaqin kelajakda Afg‘onistondagi vaziyat qaysi tomonga o‘zgarishi mumkin? Hududiy bo‘linish, fuqarolar urushi yoki tinchlik? Agar tinchlik o‘rnatilsa, bu qaysi asoslarga qurilishi mumkin?
— Agarda hozirgi janglar to‘xtamasa, bu holat Afg‘oniston va qo‘shni davlatlar uchun qator salbiy oqibatlarga olib keladigan fuqarolar urushi davom etishiga olib kelishi mumkin. Urush davom etsa, muammo etnik va diniy xususiyatga ega bo‘lgan bo‘linishga olib borishi mumkin. Agar tinchlik bo‘yicha afg‘onlararo muzokaralar o‘rnatilsa, unda rasmiy Kobul, toliblar va mamlakatning asosiy etnik guruhlar va din vakillari ishtirokida koalitsion/inklyuziv hukumat tuzishi zarur bo‘ladi.
— Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani TOLOnews telekanaliga bergan intervyusida 3 oy ochida «Tolibon» harakati mag‘lub etilishiga va mamlakatdagi vaziyat o‘nglanishiga va'da berdi. Sizningcha, hozirgi vaziyatda prezident G‘anining va'dasi qanchalik haqiqatga mos?
— Bizning fikrimizcha, hozirgi Afg‘oniston hukumati jang harakatlari olib borish o‘rniga muzokaralar jarayoni va tinchlik harakatlarini boshlasa Afg‘oniston xalqi xohish-irodasi va istaklariga hamohang bo‘ladi. Afg‘oniston muammosini hal etishning yagona yo‘li tinchlik va muzokaralar yo‘li hisoblanadi. Shu jihatdan, xalqaro hamjamiyatning barcha sa'y-harakatlari shunga qaratilgan. Ayniqsa, bu borada O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Toshkentda tashkil etilgan «Markaziy va Janubiy Osiyo: o‘zaro mintaqaviy bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar» mavzuidagi xalqaro konferensiya ham Afg‘onistonda tinchlik harakatlarini ilgari siljitishga turtki beradi. Agar afg‘on zaminida tinchlik o‘rnatilsa, Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalari o‘zaro bog‘lanib, bu o‘z navbatida Afg‘onistonning iqtisodiy-ijtimoiy barqarorlashuvi va ikkala mintaqani bog‘lovchi tarixiy ko‘prik sifatidagi maqomi qayta tiklanishiga olib keladi.
— Fikrlaringiz uchun rahmat.
Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Mavzuga oid
17:13 / 25.12.2024
O‘zbekiston Afg‘oniston aholisiga insonparvarlik yordami va «Salomatlik» poyezdini jo‘natdi
17:10 / 25.12.2024
Pokiston Afg‘onistondagi nishonlarga havodan zarba berdi
18:20 / 18.12.2024
O‘zbekiston 2025 yilda ham Afg‘onistonga elektr energiyasini yetkazib beradi
17:52 / 07.12.2024