Jahon | 13:55 / 02.08.2021
5023
3 daqiqa o‘qiladi

Vaksinatsiya jarayoni sust kechayotgan mamlakatlarda yangi shtammlar xavfi juda yuqori – JSST

JSST maxsus vakillarining ta'kidlashicha, katta zaxiradagi vaksinaga ega bo‘lgan mamlakatlar ularni boshqalar bilan ham bo‘lishishi kerak. Virusning emlanmagan mamlakatlarda tez tarqalishi, infeksiyaning ko‘proq yuqadigan va xavfli variantlari paydo bo‘lish ehtimolini oshiradi va mavjud dorilar samaradorligi pasayishiga olib kelishi mumkin.

Foto: DPA

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) Bosh direktori maxsus vakillarining «Izvestiya» gazetasida e'lon qilingan maqolasiga ko‘ra, COVID – 19’ga qarshi vaksinalarning katta zaxiralariga ega bo‘lgan davlatlar ularni boshqa mamlakatlar bilan ham bo‘lishishi kerak.

«Ko‘pgina mamlakatlar vaksinalar etishmasligidan aziyat chekayotgan paytda ushbu dorilarning katta zaxirasiga ega bo‘lgan davlatlar ularni butun aholiga yetkazish uchun yig‘ib olmasliklari kerak. Bu ularning manfaatlariga ham to‘g‘ri kelmaydi. Chunki virusning emlanmagan mamlakatlarda tez sur'atlarda tarqalishi, infeksiyaning ko‘proq yuqadigan va xavfli variantlari paydo bo‘lish ehtimolini oshiradi va mavjud dorilarning samaradorligi pasayishiga olib kelishi mumkin», deyiladi maqolada.

Shuningdek, tashkilot shifokorlar va keksalarni emlash jahon hamjamiyatining asosiy vazifasi bo‘lishi kerakligini ta'kidlamoqda.

«JSSTning 2021 yil sentyabriga qadar dunyo aholisining kamida 10 foizi, dekabrgacha 40 foizi va 2022 yil o‘rtalariga kelib 60 foiz odam vaksina olishi kerakligi haqidagi chaqiriq va prognozlari hisobga olinishi kerak», - deyiladi maqolada.

Qayd etilishicha, bu maqsadga erishish uchun past va o‘rta daromadli mamlakatlarda to‘rt oy ichida 250 million kishini emlash kerak va bunda shifokorlar va ko‘proq xavf ostida bo‘lgan odamlar birinchi o‘ringa qo‘yilishi lozim.

JSST va uning SOVAX bo‘yicha sheriklarining vaksinalardan unumli foydalanish haqidagi chaqiriqlariga quloq solish kerak, degan mualliflar. Dunyo bo‘ylab 3 milliardga yaqin vaksinalar tarqatilgan, ammo ulardan faqat 90 millioni SOVAX orqali berilgan, 60 ga yaqin mamlakat bu tizimdan foydalanadi, lekin u yerdagi emlash darajasi uch foizdan ham past, deydi maxsus vakillar.

SOVAX - Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan emlash va immunlashtirish bo‘yicha global alyans va epidemiyaga tayyorgarlik bo‘yicha innovatsiyalar koalitsiyasi bilan hamkorlikda ishlab chiqarilgan xalqaro tizim. Dastur shartlariga ko‘ra, kam ta'minlangan mamlakatlar uchun yuqori daromadli mamlakatlar vaksinalar sotib olish uchun pul to‘laydi. Rejalarga ko‘ra, mexanizm doirasida 2021 yil oxirigacha 2 milliard dozada vaksina ishlab chiqarilishi va butun dunyo bo‘ylab teng taqsimlanishi kerak.

Mavzuga oid