Toshkent markazidagi bog‘ hududi biznes-markaz qurish uchun berilgani ma'lum bo‘ldi
Markaz-1 dahasida, Mustaqillik va Shahrisabz ko‘chalari kesishmasida joylashgan bog‘ maydonining kattagina qismi biznes-markaz qurish uchun berilgan. Odatdagidek, shahar rasmiylari bu haqda jamoatchilikka hech qanday ma'lumot bermagan. Mahalliy fuqarolar serdaraxt bog‘ning kelgusi taqdiridan xavotirda.
Toshkent markazida, Amir Temur xiyoboni yaqinidagi Le Grande Plaza (sobiq “Tata”) mehmonxonasi yonidagi bog‘ hududining bir qismi o‘tgan hafta qizil-oq lenta bilan o‘rab qo‘yilgani, gazonda esa oq chiziq paydo bo‘lgani mahalliy fuqarolar e'tiborini tortdi.
“Bolalar dunyosi” (“Detskiy mir”) avtobus bekati yaqinida joylashgan bu yer – shaharning attraksionlar o‘rnatilmagan sanoqli yashil hududlaridan biri.
Bog‘ning taxminan 50 sotix qismida bino poydevorining tarhi deya taxmin qilingan lenta va chiziqlar paydo bo‘lgach, mahalliy aholi bog‘ taqdiridan xavotirga tushib, Ekologiya qo‘mitasiga murojaat qilgan.
Mirzo Ulug‘bek tumani ekologiya inspektori Xurshid Abdurasulov Kun.uz bilan suhbatda, moratoriy amal qilayotgan vaqtda bog‘dagi daraxtlarni kesishga ruxsat berilmasligini aytdi.
“Shahrisabz va Mustaqillik ko‘chalari kesishuvidagi istirohat bog‘ida qurilish qilish maqsadida loyiha amalga oshirilayotgani haqida bizga murojaat kelib tushdi. Shunga asosan, joyiga chiqib o‘rgandik, daraxtlar xatlovdan o‘tkazildi. Qurilish hududida 320 dan ortiq katta va kichik daraxt va butalar borligi ma'lum bo‘ldi. Bog‘ning umumiy hududida esa 800ga yaqin turli daraxt va butalar mavjud.
Bizga bu yerda qurilish qilinishi munosabati bilan daraxtlarni kesish yoki ko‘chirib o‘tqazish bo‘yicha rasman murojaat kelib tushmagan. Murojaat kelib tushsa ham, bunga qarshilik bildiramiz. Ruxsat berilmaydi”, – dedi ekoinspektor Xurshid Abdurasulov.
Bog‘ hududida tortib chiqilgan lenta jamoatchilik noroziligi va ekoinspektorlar tashrifidan keyin ko‘p o‘tmay olib tashlandi.
Daraxtzorda biz suhbatlashgan mahalliy aholi vakillari bu yerga imorat qurilishiga qarshi ekanini aytishdi.
“Ayniqsa jazirama yoz oylarida bu atrofdagi aholi uchun juda kerakli maskanga aylanadi. Daraxtlar ko‘pligini qarang. Toshkentda qanchadan qancha daraxtlar kesib tashlandi, kesib tashlashyapti. Bunday joylar kamayib ketdi. Bu xiyobonni ham yo‘q qilishadimi? Biz bunga qarshimiz”, – deydi fuqarolardan biri.
“Shunday saylgohimiz, daraxtlar yo‘qotilib o‘rniga qanaqadir binolar qurilishini xohlamaymiz. O‘zi shundoq ham shahrimizda yashil hududlar kamayib ketdi”, – deydi bog‘da farzandlari bilan hordiq chiqarayotgan boshqa bir ayol.
“Yozda bolalar o‘ynaydigan joy yo‘q. Ochiq havo, tabiat kerak bolalarimizga. Shuncha qurilish qilib tashlashyapti. Kimga kerak bu?” – deydi fuqarolardan yana biri.
Toshkent shahar hokimligi bog‘ hududini investorlarga bergan. Ular kimlar?
Gazeta.uz ochiq manbalarga asoslanib aniqlashicha, bog‘ning kuni kecha chiziq bilan belgilab chiqilgan hududi poytaxt hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning 2020 yilning 16 martdagi qarori bilan “Metropol Center” MChJ qo‘shma korxonasiga doimiy foydalanish huquqi bilan berilgan.
Korxona o‘ziga ajratilgan hududda Mirzo Ulugbek Business City loyihasi doirasida biznes-markaz qurishi ko‘zda tutilgan. 2019 yil 24 mayida biznes-siti direksiyasi va kompaniya o‘rtasida investitsion kelishuv imzolangan.
“Metropol Center” MChJ esa mazkur kelishuv imzolanishidan bir oy oldin – 2019 yil 26 aprelda davlat ro‘yxatidan o‘tgan. Korxona “boshqa toifalarga kiritilmagan boshqa ixtisoslashtirilgan qurilish ishlari” bilan shug‘ullanadi. Ustav fondi – 850 mln so‘m.
Korxona ta'sischilari – Dilshod Abduvahobovich Toshpo‘latov (67%) va Qozog‘istonning Brand Hub Group (33%) kompaniyasi.
Dilshod Toshpo‘latov – Real Dozp, Eurasian Black Aurum, Mega Green Turizm, French Pastry va Castle Rock Trade kompaniyalarida ham hissalarga ega.
Brand Hub Group, kompra.kz ma'lumotiga ko‘ra, 2011 yil avgust oyida Almatida ro‘yxatga olingan. Ta'sischilari – VVS Retail Group va Anna Leonidovna Sorokina. VVS Retail Group 2013 yil iyulida ro‘yxatdan o‘tgan, manzili Brand Hub Group bilan bir xil, ta'sischilari – Olga Garmashova va Vladimir Sirotin.
Gazeta.uz'ning e'tibor qaratishicha, Dilshod Toshpo‘latov va Vladimir Sirotinni Metropol Center'dan tashqari, French Pastry kompaniyasi ham bog‘lab turadi, ular – ushbu kompaniya hissadorlari.
O‘zbekiston Geoportali va Ko‘chmas mulk obektlariga bo‘lgan huquqlarning davlat reyestridan olingan ma'lumotlarga ko‘ra, bog‘ning biznes-markaz qurish uchun berilgan qismiga yondosh 2 gektarlik hudud (xiyobonning boshqa bir qismi) o‘xshash nomdagi kompaniya – Metropol Park'ga berilgan.
Korxona va tashkilotlarning yagona davlat reyestriga asosan, Metropol Center va Metropol Park kompaniyalariga bir shaxs – Azimova Sevara Alimjonovna rahbarlik qiladi.
Metropol Park 2017 yil yanvarida ro‘yxatdan o‘tgan. Asosiy faoliyat turi – “ixtisoslashgan do‘konlarda mayda-chuyda metall buyumlar, lok-bo‘yoq materiallari va shishalar chakana savdosi”. Ustav fondi – qariyb 985 mln so‘m.
Korxonaning 66,7 foizlik ta'sischisi – Orient Finans Bank kuzatuv kengashi raisi Parpiyev Bobir Batirovich. Qolgan 33,3 foizlik ulush Filippova Varvara Anatolevnaga tegishli
Mirzo Ulugbek Business City
2018 yil avgustida “Respublika hududlarida “Business city” zamonaviy ishbilarmonlik markazlarini yaratish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida” prezident qarori qabul qilingan edi. Qaror asosida qurilajak biznes-markazlarning investorlariga imtiyozlar berilgandi.
2019 yil fevraliga kelib, Toshkent markazida 6,5 km masofada baland binolar qad rostlashini ko‘zda tutuvchi yirik loyiha – Mirzo Ulugbek Business City haqida e'lon qilingan edi.
Loyiha Amir Temur xiyobonidan “Buyuk ipak yo‘li” metro bekati orqali Gubkin nomidagi Rossiya neft-gaz universiteti filialigacha bo‘lgan oraliqda amalga oshirilishi ko‘zda tutilgandi.
O‘shanda hokim Jahongir Ortiqxo‘jayev investorlarni ushbu biznes-siti lotlari uchun tanlovda qatnashishga chaqirgan, loyihaning umumiy maydoni 29 gektarni tashkil etishini aytgandi.
Mirzo Ulugbek Business City bo‘yicha keyinchalik jamoatchilikka boshqa ma'lumotlar taqdim etilmadi. Loyihaning hozirgi holati bo‘yicha ham ma'lumot yo‘q.
Eslatib o‘tamiz, 2020 yildan O‘zbekistonda daraxtlar kesilishiga qarshi moratoriy amal qilmoqda.
Mavzuga oid
16:35 / 23.12.2024
1 yanvarga o‘tar kechasi Toshkent metropoliteni ish jadvali 2 soatga uzaytiriladi
18:02 / 21.12.2024
Faoliyatda qonun buzilishi, sertifikatsiz o‘qituvchilar va norozi ota-onalar – “NEWTON ACADEMY” o‘quv markazi haqida nimalar ma’lum?
18:36 / 20.12.2024
Toshkentdagi elektromobillarni quvvatlash stansiyalarini demontaj qilish buyurildi
13:54 / 19.12.2024