Jahon | 08:37 / 06.08.2021
19779
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh razvedkasi Uhan laboratoriyasida o‘rganilgan viruslar haqida maxfiy axborotni qo‘lga kiritdi - CNN

Foto: EPA/Vostock-photo

AQSh razvedkasi Uhan virusologiya institutida o‘rganilgan viruslar namunalari haqidagi ma'lumotlarni qo‘lga kiritdi va hozirda ularni tahlil qilish bilan shug‘ullanmoqda. Bu haqda CNN telekanali vaziyatdan xabardor ko‘plab manbalarga tayanib xabar berdi. 

Telekanal razvedka ushbu ma'lumotlarni qanday qo‘lga kiritganini aniqlay olmagan. Manbalarning ta'kidlashicha, bunday turdagi genetik axborotni qayta ishlovchi mashinalar odatda bulutli serverlar bilan bog‘langan va bu axborotni buzib kirish orqali olishga imkon beradi.

AQSh razvedka xizmatlari virus namunalaridan olingan genetik chizmalar katalogini qo‘lga kiritgan. Ta'kidlanishicha, aynan shu namunalar koronavirus tarqalishiga sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Manbalarga ko‘ra, olingan ma'lumotlarni to‘g‘ri qayta ishlash uchun AQSh Energetika vazirligi laboratoriyalaridagi superkompyuterlar talab etiladi. AQSh yangi axborot virus hayvonlardan odamlarga qanday yuqqaniga javob topishda yordam berishiga umid qilmoqda.

Biroq razvedka axborotni qayta ishlashda texnik muammolardan tashqari, ma'lumotlarni rasshifrovka qila oladigan olimlarni topish bilan bog‘liq qiyinchiliklarga ham duch kelgan. Bunday olimlardan Xitoy tilining mandarin shevasini bilish talab etiladi, chunki ma'lumotlar aynan shu shevada yozilgan.

May oyida AQSh prezidenti Jo Bayden maxsus xizmatlarga koronavirus kelib chiqishini aniqlash bo‘yicha sa'y-harakatlarni ikki karra kuchaytirish va natijalar haqida 90 kun ichida hisobot berishni buyurgan. Oq uyda razvedka koronavirus haqida avval o‘rganilmagan ma'lumotlarga egaligi va virus Uhandagi laboratoriyadan chiqib ketgani ehtimolini tekshirish uchun o‘ta kuchli kompyuterlarni qo‘llashini ma'lum qilgan.

Avvalroq AQShda koronavirus pandemiyasining sabablari bo‘yicha hisobotning 3-qismi taqdim etilgan. Unda virus Uhandagi laboratoriyadan chiqib ketgani versiyasi foydasiga ma'lumotlar keltirilgan. Hisobot mualliflarining fikricha, koronavirus yuqtirish bilan bog‘liq ilk holatlar 2019 yil noyabridan avvalroq yuz bergan, Uhandagi laboratoriya esa koronavirusning yuqumliligini oshirish va unga qarshi profilaktik choralarni o‘rganish maqsadida virus mutatsiyalari bilan tadqiqotlar o‘tkazgan.

Mavzuga oid