Jahon | 09:20 / 06.08.2021
3268
1 daqiqa o‘qiladi

Sent-Vinsent va Grenadina bosh vaziriga norozilik namoyishi vaqtida jarohat yetkazildi

Karib dengizida joylashgan Sent-Vinsent va Grenadina davlati bosh vaziri Ralf Gonsalvesga poytaxt Kingstaunda koronavirusdan majburiy emlashga qarshi o‘tgan namoyish vaqtida jarohat yetkazildi.

Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, Gonsalves mashinasidan tushib, parlament binosi oldini to‘sib olgan namoyishchilar oldidan o‘tib ketayotganda hujumga uchragan.

Namoyishchilardan biri tomonidan uloqtirilgan qattiq buyum bosh vazir boshiga tekkan. Buning oqibatida Gonsalves boshidan kuchli qon oqish bilan shifoxonaga yetkazilgan. Shuningdek, namoyishchilardan biri ham shikastlangan.

Ta'kidlanishicha, ushbu hodisadan keyin Kingstaun ko‘chalariga maxsus kuchlar chiqarilgan.

Hukumat shifokorlar tavsiyalariga ko‘ra Gonsalvesni davolanish uchun Barbadosga yuborishga qaror qilgan.

Aholi mamlakat sog‘liqni saqlash qonunchiligiga bir necha toifadagi davlat xizmatchilarini koronavirusdan majburiy emlashga qaratilgan tuzatmalar kiritilishiga qarshi chiqqan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish