Sport | 21:57 / 06.08.2021
31167
4 daqiqa o‘qiladi

Tokio kundaligi. O‘n to‘rtinchi kun yakunlari

Tokio Olimpiadasining 6 avgust kungi dasturlarida o‘zbekistonlik sportchilar kanoeda eshkak eshish, badiiy gimnastika, erkin kurash hamda zamonaviy beshkurash bellashuvlarida ishtirok etishdi.

Kanoeda eshkak eshish
Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlarining navbatdagi kun dasturlarida o‘zbekistonliklar orasida kanoechi qizlar — Dilnoza Rahmatova hamda Nilufar Zokirova birinchi bo‘lib bahslarga kirishishdi.

500 metr masofaga kelgan saralash bahslarida o‘zbekistonlik sportchilar 2:04.854 soniya bilan o‘z guruhlarida to‘rtinchi natijani qayd etishdi.

 

Bu juftlik chorakfinalni ham muvaffaqiyatli o‘tkazdi. Ikkinchi guruhda startga chiqqan sportchilar 2:04.450 daqiqa vaqt bilan ikkinchi bo‘lib marraga yetib kelishdi va yarimfinalga yo‘llanmani qo‘lga kiritishdi. Endi ular ertaga yarimfinalda final yo‘llanmasi uchun startga chiqishadi.

Badiiy gimnastika
Koronavirus sabab badiiy gimnastika bo‘yicha bahslarda qatnasha olmagan Sabina Toshkenboyeva o‘rniga Yekaterina Fetisova chiqish qildi.

Ushbu sportchi halqada 19.800, to‘pda 19.400, bulavada 17.950, tasmada esa 18.350 ball to‘pladi (jami 75.500 ball). Shu tariqa Fetisova 26 ishtirokchi orasida 24-natijani qayd etdi.

Erkin kurash
Erkin kurash bo‘yicha Rio-2016 Olimpiadasi sovrindori Magomed Ibragimov (-97 kg) Tokio-2020da muvaffaqiyatsizlikka uchradi. U birinchi bosqichda turkiyalik kurashchiga qarshi gilamga chiqdi.

Sulaymon Karadenizga qarshi kechgan kurashda Ibragimov hisobda oldinda borayotgandi. Biroq Karadeniz hisobni tenglashtirishga muvaffaq bo‘ldi va so‘nggi ochkoni qo‘lga kiritgani uchun g‘olib deb topilib, keyingi davraga yo‘l oldi.

Karadeniz yarimfinalda mag‘lub bo‘ldi va Ibragimov bronza uchun kurashish imkoniyatiga ega bo‘lmadi.

-74 kg vazn toifasi vakili Bekzod Abdurahmonov bir kun oldingi bahslarda chorakfinalda yutqazgan, ammo uning raqibi, rossiyalik jahon chempioni Sidakov finalga chiqqani munosabati bilan bronza uchun imkoniyat saqlab qolgandi.

U bronza medali uchun kurashga o‘tish bosqichida Gvineya-Bissau vakili Augusto Midana bilan bellashuvda 3 daqiqa 22 soniyada 10 ochkolik farqni yuzaga keltirdi (10:0) va bronza uchun gilamga chiqadigan bo‘ldi.

Kunning ikkinchi yarmida medal uchun bahsda qozog‘istonlik Daniyar Kaysanov ham unga jiddiy qarshilik ko‘rsata olmadi. Abdurahmonov bu bahsning 2 daqiqa 13 soniyasida hisobni 13:2 ko‘rinishiga keltirdi va bronza medaliga ega chiqdi.

Ma'lumot uchun, 2018 yilgi Osiyo o‘yinlari finalida Bekzod Abdurahmonov aynan Daniyar Qaysanovni 3:2 hisobida mag‘lub etib, oltin medalni qo‘lga kiritgandi. 

Zamonaviy beshkurash
Tokio-2020 yozgi Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etayotgan zamonaviy beshkurashchi Alise Faxrutdinova ikkinchi dasturdagi ishtirokini tugatdi.

5 avgust kungi bahslarda sportchilar qilichbozlik bo‘yicha bahs olib borishgan, Faxrutdinova 142 ochko jamg‘arib, 22-o‘rinni egallagandi.

Sportchilar bugungi dasturda dastlab suzish bo‘yicha bahslashdi. 200 metr masofaga kechgan ushbu bellashuvda o‘zbekistonlik sportchi 2:16.45 daqiqa vaqt qayd etdi. Bu bilan u o‘z hisobiga yana 278 ochko qo‘shib qo‘ydi. 

Keyin Faxrutdinova ot sakratish va yugurish va lazerda o‘q otish bahslarida ham ishtirok etdi. Barcha musobaqalar natijasiga ko‘ra 1165 ochko to‘plagan Faxrutdinova yakunda 30-o‘rinni egalladi va musobaqa bilan xayrlashdi.

7 avgust kuni Tokio Olimpiadasining 15-kunida O‘zbekiston delegatsiyasining quyidagi vakillari bahslarda ishtirok etadi.

  • 5:35. Kanoeda eshkak eshish. 500 metr. Juftlik. Dilnoza Rahmatova va Nilufar Zokirova. Yarimfinal.
  • 7:30. Badiiy gimnastika. Jamoaviy bahslar. Nilufar Shomurodova, Kseniya Aleksandrova, Dinara Ravshanbekova, Sevara Safoyeva va Kamola Irnazarova.
  • 10:36. Zamonaviy beshkurash. Aleksandr Savkin. 200 metrga erkin usulda suzish.
  • 11:45. Zamonaviy beshkurash. Aleksandr Savkin. Qilichbozlik. Qo‘shimcha bosqich.
  • 15:35. Yengil atletika. Balandlikka sakrash. Safina Sadullayeva. Final.

Erkin kurashchi Abdurahmonovning bronza medalidan keyin O‘zbekiston 2 oltin va 2 bronza bilan umumiy reytingda 35-o‘rinda joylashgan.